Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimov shaxsiy shifokori Prezidentning so‘nggi kunlari haqida gapirdi

Islom Karimov shaxsiy shifokori Prezidentning so‘nggi kunlari haqida gapirdi

Tarixiy surat. Islom Karimov shaxsiy shifokori bilan

Foto: O‘zA

O‘zbekiston milliy axborot agentligi muxbiri O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning shaxsiy shifokori, Toshkent tibbiyot akademiyasi anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi professori, Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv markazi direktori Vyacheslav Avakov bilan suhbatlashgani haqida xabar bergan edik.

Professor quyidagicha xotirlaydi:

— Esimda, qaysidir yili adashmasam Gollandiyaga borgan edik. Mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvda Islom Karimov O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati haqida juda to‘lqinlanib gapirib, investorlarni jalb etishga harakat qildi. Uning nutqi barchada katta taassurot qoldirdi. O‘sha payt bir tadbirkor kelib, «Siz bilan uchrashishdan oldin xaritadan O‘zbekistonni uzoq qidirdim, lekin topolmadim» deganda, Prezidentimiz «O‘zbekistonni xaritada topish qiyin emas, chunki uning maydoni to‘rtta-beshta Gollandiyaning maydoni bilan barobardir», deya hazil-mutoyiba bilan oqilona javob qilgan edi.

Tug‘ilgan kuni juda oddiy, faqat yaqinlarigina ishtirokida o‘tardi. Ortiqcha sarf-xarajatga, san’atkorlarning kelib xizmat qilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Yana bir jihatni tan olish kerak: u kishi qanchalik talabchan va qattiqqo‘l bo‘lsa, shunchalik mehribon va samimiy edi. Bu bir-biriga qarama-qarshi xususiyatlar doim yonma-yon edi. Har qanday muammoni aniq va qat’iy hal qilardi. Oilasida ayoliga, bolalariga, nevaralariga ba’zan qattiqqo‘llik qilar, lekin ko‘pincha mehribon edi. Islom Abdug‘aniyevichning oila a’zolari bilan qanday munosabat qilishiga havasimiz kelar va u kishiday bo‘lishga intilardik.

Yuqorida aytib o‘tganimday, u kishi baquvvat va sog‘lom edi, sog‘lig‘idan shikoyat qilmasdi. 26-avgust kuni hammamiz Tatyana Akbarovnaning tug‘ilgan kunini nishonladik. Islom Abdug‘aniyevich soat to‘qqizlarda ishdan keldi, hammamiz bir oila a’zolaridek chiroyli dasturxon atrofida hazil-huzul qilib o‘tirdik. Islom akaning ham kayfiyati a’lo edi. Ertasiga esa u kishining sog‘lig‘i keskin yomonlashgani haqida eshitdik. Zudlik bilan yetib borib, Islom Abdug‘aniyevichni shifoxonaga olib bordik. Mening xayolimda esa bir savol aylanaverardi: qanday qilib shunday sog‘lom odam birdan yiqilishi mumkin?!

Mening aka-ukalarim yo‘q edi, bittagina opam bor edi. Birinchi Prezidentimiz vafot etganlarida o‘zimning tug‘ishgan akamni yo‘qotganday bo‘lganman.

Mendan ko‘pincha «Baxtiyormisan?», deb so‘rashadi. Men «Albatta» deyman. Chunki Islom Karimovday buyuk insonning yonida o‘tgan yigirma besh yil men uchun katta hayotiy maktab bo‘ldi. Islom Karimovdan Vatanni, xalqni sevishni, yurtning, tabiatning go‘zalligidan bahra olishni o‘rgandim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring