Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan mo‘g‘ul xoni haqida bilasizmi?

Islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan mo‘g‘ul xoni haqida bilasizmi?

Tarixdan ma’lumki, XIII asr boshlarida mo‘g‘ullar Chingizxon boshchiligida yirik ko‘lamdagi bosqinchilik yurishlarini amalga oshirdi. Buning natijasi o‘laroq, dunyo xaritasida taxminan 33 million kvadrat kilometrni qamrab olgan yangi imperiya qad rostladi.

1285-yilda mo‘g‘ullar Abbosiylar xalifaligining poytaxti Bag‘dodni qamal qilib, Islom olamiga katta talafot yetkazishdi. Buni qarangki, minglab musulmonlarni qilichdan o‘tkazgan mo‘g‘ul xonlari vaqt o‘tishi bilan Islomni eng to‘g‘ri din ekanligini anglab, asta-sekin Islom diniga ergashishdi.

Bugungi maqolamizda, mo‘g‘ul xonlari orasida birinchi bo‘lib Islom dinini qabul qilgan va uning rivojlanishi uchun katta hissa qo‘shgan Berkaxon haqida hikoya qilamiz.

Berkaxon kim?

Berkaxon (1209-1266) mo‘g‘ullar saltanatining asoschisi Chingizxonning nabirasi va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘chining uchinchi farzandi hisoblanadi. Jo‘jixon mohir va tajribali sarkarda edi. U otasi Chingizxonga O‘rta Osiyoni istilo qilishda yordam berdi.

Jo‘jixonning to‘rt xotini bo‘lib, ulardan jami o‘n to‘rtta o‘g‘il va ikki nafar qiz farzandi bo‘lgan. Ammo, Jo‘jixon otasi tomonidan berilgan buyruq asosida ov vaqtida pinhona o‘ldirib yuboriladi. Chingizxon bosib olgan yerlarini to‘rtta usulga ajratib, o‘g‘illariga taqsimlab berdi. G‘arbiy ulus Jo‘jixonning ikkinchi o‘g‘li Botuxon (1208-1255) ga berildi. Bu yerlar tarix solnomalarida «Oltin O‘rda» deb atalgan. Berkaxon akasi vafot etganidan so‘ng Oltin O‘rda taxtini egalladi va ulusni mustaqil ravishda boshqardi.

Berkaxonning Islomni qabul qilishi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Berkaxon dunyoga kelganida otasi Jo‘jixon bu o‘g‘lini musulmon bo‘lishini istagan. Jo‘jixon o‘g‘lining kindigini musulmon e’tiqodiga ko‘ra kesishni va bu bolani musulmon ayol katta qilishi kerakligini buyurgan. O‘rta asrda yashab, ijod qilgan eronlik tarixchi Jurjoniyning yozishicha, Berkaxon yoshligidan Xo‘jandda bir imomdan Qur’on o‘qishni o‘rgangan va so‘fiy shayx Sayfiddin Boxarziydan hanafiylik mazhabini qabul qilgan.

Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Berkaxon hozirgi Qozog‘istonning g‘arbida joylashgan Saroychiq shahrida Buxorodan kelayotgan karvonga duch keladi. Shunda Berkaxon sayohatchilardan ularning e’tiqodi haqida so‘ragan va Islom diniga qiziqib qolgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, so‘fiy shayx Sayfiddin Boharziydan Islomni qabul qilgan.  

Ko‘p jildlik «Baybars tarixi» asarining muallifi Ruknuddin Beybars o‘z kitobida Berkaxon qanday musulmon bo‘lganini batafsil bayon qilgan:

“Berke mamlakati taxtiga o‘tirdi. U Islomni qabul qildi, taqvodor bo‘ldi, din mayoqlarini o‘rnatdi, musulmon qonun-qoidalarini tarqatdi... O‘z mamlakatining turli hududlarida masjid va madrasalar qurishga kirishdi. Uning islom dinini qabul qilishiga shayx Najmiddin Kubroning muridlaridan bo‘lgan Sayfiddin Boxarziy sababchi bo‘ldi”.

Nufuzli shayx Boharziy ta’sirida ba’zi mo‘g‘ullar ham Islomni qabul qila boshladilar. Shayx haqida Berkaxon oldinroq eshitgan edi. Berkaxon o‘zining hurmatini shayx Boharziyga izhor qilish uchun unga «paizu» (mo‘g‘ul hukmdorlari tomonidan turli odamlarga maxsus vakolatlar berish ramzi sifatida berilgan, yozuvli metall yoki yog‘och likopcha) jo‘natadi. Ammo, shayxning bunga munosabati boshqacha bo‘ladi.

Berkaxon jo‘natgan yorliq chopar orqali shayxga yetkaziladi. Shayx Sayfiddin Boxarziy xabarchidan bu nima deb so‘raydi. Chopar buni xon jo‘natganini, ana shu narsa insonni turli balolardan asrashini aytadi. Shunda shayx xabarchiga qarab, «buni eshakka bog‘lab, dashtga jo‘nat. Agar u eshakni chivinlardan himoya qilsa, men uni qabul qilaman. Agar u eshakni qo‘riqlay olmasa, u menga hech qanday foyda keltirmas», deydi. Shayx Berkaxon jo‘natgan yorliqni qabul qilmadi. Xabarchi qaytib kelib, shayxning aytganlarini Berkaxonga yetkazdi. Shunda Berkaxon: «men o‘zim uning oldiga boraman!» deya shayx Boharziyning oldiga boradi. O‘sha vaqtda shayx Buxoroda edi. Berkaxon Buxoroga kelib, shayx eshigi oldida uch kun kutib turadi.

Arab tarixchisi al-Mufaddal Berkaxonni quyidagicha tasvirlagan:

 “Siyrak soqol, katta sariq rangli yuz, sochlari ikkala quloq orqasiga taralgan, qulog‘ida qimmatbaho toshli oltin uzuk. U ipak xalat kiygan, boshida qalpoq va belida bolgar terisidan ishlangan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan oltin kamar. Ikki oyog‘ida charmdan yasalgan qizil poyabzal. Belbog‘iga qilich bog‘lanmagan”.

Amakivachchalar o‘rtasidagi to‘qnashuv

Berkaxonning jiyani Huloku hozirgi shimoliy Eronni boshqarayotgan davrda akasi Munke tomonidan Erondan Misrgacha bo‘lgan hududlarni mo‘g‘ullar xonligiga qo‘shib olish to‘g‘risida ko‘rsatma oladi. 1256-yilda Huloku kamida 100 ming kishilik qo‘shin bilan yurish boshlaydi. Qo‘shin ismoiliylar sultonligining tog‘li yerlariga yetib borib, bir yil ichida ularni taslim etadi va ularning yetakchisi Rukniddin Xurshoh asir olinib, o‘ldiriladi. Keyin Xuloku Iroqqa e’tiborini qaratadi va xalifa al-Mustasimga maktub yuborib, mo‘g‘ullarga itoat qilishini talab qiladi. Buni xalifa rad etadi. 1258-yilning yanvar oyida Huloku qo‘shini Bag‘dod ostonasiga keldi. Mo‘g‘ullar ikki hafta ichida shaharni egallab oldi. Bir oy o‘tgach, xalifa al-Mustasim qatl qilindi. Olti asrdan ko‘proq vaqtdan beri yuksalib kelayotgan shahar talon-taroj va yer bilan yakson etildi. Bag‘dodning ko‘plab aholisi o‘ldirildi. Ko‘p o‘tmay Huloku Suriyaga  jo‘nab ketdi.

Berkaxon Bag‘dodning talon-toroj qilingani, musulmon aholi qirib tashlangani va boshqa musulmon shaharlari ham Huloku tomonidan talon-taroj qilinayotganini eshitib, g‘azablanadi va qasos olishga qasam ichib shunday deydi:

«Huloku musulmonlarning barcha shaharlarini talon-taroj qildi. Men xudoning yordami bilan musulmonlarning begunoh to‘kilgan qoni uchun uni javobgarlikka tortaman».

Huloku Berkaxon kelayotgani eshitib, Suriyada kichik bo‘linma qoldirib, Eron tomonga chekinadi. 1260-yilga kelib, mo‘g‘ullar Suriyaning katta qismini bo‘y sundirdi va Falastinni egallash uchun janubga tomon harakat qila boshladi. Mo‘g‘ullarning yengilmas qo‘shinini Misrda hukmronlik qilayotgan mamluklar (1250-1517) to‘xtata oldi. Mamluk sultoni Sayfiddin Qutuz o‘zining eng ishongan lashkarboshilaridan biri bo‘lgan Baybarsni Falastinga yuboradi. Mamluklar mo‘g‘ul bosqiniga chek qo‘yib, katta hududlarni mo‘g‘ul zulmidan ozod etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Hulokuga qarshi kurash uchun mamluklar sultoni Sayfiddin Qutuz va Berkaxon ittifoq tuzgan. Qisqa vaqt ichida mamluklar Falastin va Suriyani mo‘g‘ullardan qaytarib oldilar.

Falastin qo‘ldan chiqqani eshitgan Huloku mag‘lubiyat uchun qasos olish maqsadida yurishga tayyorgarlik ko‘radi. Biroq u bu yurishni amalga oshira olmaydi. Chunki Berkaxon Kavkaz mintaqasida Hulokuga qarshi bir qator hujumlarni uyushtirib turgandi.

Berkaxon va Huloku o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib, ochiq urushga aylanib ketdi. Buning sababi faqat Huloku tomonidan abbosiy xalifasining o‘ldirilishida emas. balki ularning ikkisi zamonaviy Xitoy va Mo‘g‘uliston hududini o‘z ichiga olgan Sharqiy xonlikni boshqarish uchun boshqa-boshqa nomzodni qo‘llayotganida edi. Huloku akasi Xubilayni qo‘llab-quvvatlar, Berkaxon esa boshqa akasi Ariqbug‘o tarafida edi. Ikkala da’vogar ham urushda o‘z tarafdorlariga qo‘shildi, ammo jangda Ariqbug‘o Xubilayga taslim bo‘ldi. Urushda Huloku va Berkaxon ham jiddiy zarar ko‘rdi.

Berkaxon qayerga dafn etilgan?

1265-yilning iyul oyida No‘g‘ay boshchiligidagi qo‘shin Darbant dovoni orqali Janubiy Ozarbayjonga bostirib kirdi. Berkaxon o‘z lashkari bilan dushman kelayotgan tomonga yurib, Abaga daryoning janubiy qirg‘og‘iga yetib bordi. Ikki qo‘shin daryoning qarama-qarshi qirg‘oqlarida qarorgoh qurdi. Berkaxon daryoni kesib o‘tish maqsadida Tiflis tomon harakatlandi. Biroq yo‘lda xastalikdan vafot etdi. Uning qo‘shini Berkaxon o‘limidan so‘ng jangovar harakatlarni to‘xtatib, shimolga chekindi.

Fors manbalariga ko‘ra, Berkaxonning jasadi Saroy Batuga olib ketilgan va u yerda Islom an’analariga muaffiq dafn etilgan. Uning qabri Lapas o‘rnida, Axtubaning chap qirg‘og‘ida, Saroydan qirq kilometr shimolda joylashgan. Bu yerda to‘rtta maqbara xarobalari topilgan bo‘lib, ularda to‘rtta musulmon hukmdorlari: Berkaxon, O‘zbekxon, Janibekxon va Berdibekxon dafn etilgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring