Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil vazirining provokatsion harakati islom dunyosini darg‘azab qildi

Isroil vazirining provokatsion harakati islom dunyosini darg‘azab qildi

3-yanvar kuni Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir musulmonlar uchun uchinchi muqaddas ibodatgoh hisoblanadigan Al-Aqso masjidi hududiga kirdi. Vazirning ushbu xatti-harakati islom dunyosini darg‘azab qildi. Hatto Isroilning yaqin ittifoqchisi sanalgan AQSh ham Itamar Ben-Gvirning o‘zboshimcha harakatini qoraladi.

Gap shundaki, Isroil davlati tashkil etilgach, Quddusi sharifdagi musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar uchun muqaddas sanaladigan hududlarga o‘tmaslik borasida o‘zaro kelishilgan. Musulmonlarga qarshi keskin bayonotlari bilan tanilgan siyosatchi Itamar Ben-Griv esa 50 yillik bitimni namoyishkorona buzgan holda, qo‘riqchilar hamrohligida muqaddas hududga kirgan. 

Falastin rahbariyati buni misli ko‘rilmagan provokatsiya va hamla deb atagan.

Al-Aqso masjidini nazorat qilib kelayotgan Iordaniya hukumati Isroilni xalqaro huquq hamda Quddusdagi huquqiy va tarixiy status-kvoni buzishda ayblagan.

Saudiya Arabistoni, BAA, Misr, Turkiya kabi mamlakatlar ham Itamar Ben-Gvirning “bosqin”ini keskin qoralagan.

AQShning Isroildagi elchisi vazirning ushbu qadamini tanqid qilar ekan, status-kvoni saqlashga to‘sqinlik qiluvchi harakatlar qabul qilinmasligini ta’kidlagan.

Isroil muxolifati yetakchisi, sobiq bosh vazir Yair Lapid vazir Ben-Gvirning Al-Aqsoga kirishini qasddan provokatsiya deb baholagan va bu qaltis harakat zo‘ravonliklarni avj oldirishidan ogohlantirgan.

O‘ta o‘ng qanot yo‘nalishdagi «Otsma Yegudit» partiyasi rahbari Itamar Ben-Griv falastinliklarga nisbatan yanada qattiqqo‘l siyosat yuritishni talab qilib keladi. Shuningdek, u Isroil siyosatini qo‘llab-quvvatlamagan arab vatandoshlarni fuqarolikdan chiqarishni taklif qilgan. 46 yoshli siyosatchi 2021-yilda parlament deputatligiga saylangan. Yaqinda esa bosh vazir Binyamin Netanyahu hukumatida milliy xavfsizlik vaziri lavozimida ish boshladi. Itamar Ben-Griv Al-Aqso hududiga yahudiylarning ham o‘tib ibodat qilishiga yo‘l ochish lozimligini da’vo qiladi.

Tahlilchilar Isroil vazirining provokatsion xatti-harakati ortidan o‘zaro ixtilof qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketishidan xavotir bildirmoqda. 2000-yili muxolifat rahbari, keyinroq bosh vazir kursisini egallagan Ariel Sharonning Al-Aqso hududiga kirishi ortidan Ikkinchi qo‘zg‘olon (intifada) boshlangan edi.

Keyingi yillarda ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda provokatsion harakatlar kuchaygani kuzatilmoqda. Jumladan, 2022-yil Ramazon oyida Isroil xavfsizlik kuchlarining Al-Aqso masjidiga bostirib kirgani ham islom dunyosi tomonidan keskin qoralangan edi.

Al-Aqso musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar bo‘lib kelganlarining dastlabki yillarida musulmonlar namozlarini ushbu masjid tomon yuzlanib o‘qiganlar. Bu jihatdan, Al-Aqso ilk qibla o‘laroq e’zozlanadi. Qolaversa, Isro kechasida Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkadan Quddusga – Al-Aqso masjidiga sayr ettirgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyati qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring