Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jamiyatda mustaqil fikr bo‘g‘ilsa radikallashuv kuchayadi

Jamiyatda mustaqil fikr bo‘g‘ilsa radikallashuv kuchayadi

Nimagadir din mavzuida juda ehtiyot bo‘lib yozish yoki gapirish kerak, deyishadi. Ammo nega? Balki ziyolilar, olimlar, tadqiqotchilar ortiqcha ehtiyot bo‘layotgani sabab bugun mutaassiblik kuchayib, yoshlar yot g‘oyalarga ergashib ketayotgandir. Maqola yozish asnosida ba’zi bir manbalarni ko‘zdan kechirishga to‘g‘ri keldi.

Mutaassiblik nima degan savolga Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Po‘latxon KATTAYeV, («Hidoyat»jurnalining 2020 yil 9-soni) shunday javob bergan: «...Lug‘at kitoblarida «mutaassiblik» qattiqqo‘llik, bir fikrda qattiq turib olish ma’nolariga dalolat qilishi aytib o‘tilgan. Istilohda esa doim o‘zini so‘zsiz haq deb bilib, fikrida qattiq turib olish, boshqalarni esa nohaq deb qarash taassubdir. Bu tuyg‘u mutaassib kishida o‘zgani tahqirlaydigan, uning insoniy haq-huquqlarini e’tirof etmaydigan muayyan xatti-harakatlar ko‘rinishida aks etadi. Borib-borib bu uning tabiatiga singadi.

Qisqacha aytganda, mutaassiblik, garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir. Mutaassiblik va fanatizm tushunchalari bir-biriga ma’nodosh bo‘lib, ularning aksi bag‘rikenglikdir.

Mutaassiblikning bir qancha turlari bor: diniy mutaassiblik, irqiy mutaassiblik, qabilaviy mutaassiblik, tabaqaviy yoki ijtimoiy mutaassiblik, fikriy mutaassiblik va hokazo.

«Mutaassiblikning shaxs va jamiyatga yetkazadigan zararlari juda kattadir», deyiladi maqolaning davomida.  «Mutaassib kimsa bu – darg‘azab, jazavali, asabiy, hissiyotga berilgan va qattiq salbiy his-hayajonga tushuvchi shaxs. U buzg‘unchi g‘oyalarni faol tashuvchilardan hisoblanadi. Aynan shu sifatlar unga omma orasidagi tarafdorlar qalbini egallashga imkon beradi. 

Mutaassib keng fikrlashga qodir emas. Uni faqat ichki emotsional tuyg‘u boshqaradi. O‘zgalarning yanglish fikri bilan harakat qiladi. Aynan shuning uchun muqobil tomon fikrini tarozuga solish va hurmat qilish imkonidan mahrumdir».

Olimjon MAZAMOV

«Hilol-nashr» nashriyoti tarjimoni Olimjon MAZAMOV yanada ixchamlashtirib o‘z fikrlarini shunday bayon qildi:

– Mutaassiblik o‘z fikriga noto‘g‘ri bo‘lsa ham yopishib olib boshqaning fikrini qabul qilmaslik. Uning ziddi bag‘rikenglik bo‘ladi. G‘uluv haddan oshish, chuqur ketishdan iboratdir. Bu narsa turli holatlarda bo‘lishi mumkin, uning turli ko‘rinishlari bor: kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, qabilasi, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi. Ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi me’yordan oshsa, mutaassiblikka aylanib, egasini halokatga tortadi. Chunki mutaassib haqiqatni ko‘rolmaydi, ko‘rsa ham, haqni haq, nohaqni nohaq deya olmaydi, murosa yo‘liga yurmaydi. Suhbatdoshini tinglashni istamaydi, har qanaqasiga o‘zining ustozi, qabilasi, vatandoshi va hokazolarning tarafini olib, tutgan maslagi va ushlagan fikrini ma’qullab, mutlaqo to‘g‘ri, deb turaveradi.

Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliyning quyidagi so‘zlari Islom dinining mutaassiblikka munosabatini ixcham tarzda ifoda etadi: «Islom mo‘’tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…».

Anvar NAZIR

Bizning an’anaviy islomga mutaassiblik qanchalik zarar yetkazadi, degan savolimizga siyosiy tahlilchi Anvar NAZIR shunday javob berdi:

– Davlatni dunyoviy emas, shariat asosida qurish degani bu aynan mutaassiblik hisoblanadi. Hatto tariximizdayam shariatga yuz foiz tayanilmagan. Masalan, shayboniylar davrida rassomchilik, musiqa rivojlangan edi. O‘sha davrlarda ayollar har jabhada faol bo‘lgan, dunyoviy ilmlar juda kuchli o‘rgatilgan, shaxmat hech qachon ta’qiqlanmagan. Lekin yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda guvohi bo‘ldingiz, shaxmatdan g‘olib bo‘lganlar haqidagi xabar ostida bir necha inson shaxmatni haromga chiqargan. Hozir internetda mutaassiblar bahs olib boradi va afsuski bu bahslar yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilmoqda. Ya’ni aytmoqchimanki, bugungi mutaassiblarning tarixiy islom, islom merosiga hech qanaqa aloqasi yo‘q. Bularning tarixi XX asrning takfirchilari bilan bog‘liq. Bular «al-qoida», «hizbut tahrir», «tolibon», ya’ni XX asrda paydo bo‘lgan siyosiy islom bilan bog‘liq. Bular biz uchun yangi siyosiy-ijtimoiy fenomen. Bularning paydo bo‘lishiga albatta o‘tgan asrning siyosiy jarayonlari sabab bo‘lgan. Kommunistik davrda ham xuddi shu siyosat muhim edi, birovning shaxsiy hayotiga aralashish, bir xillikni targ‘ib qilish.

Radikalizm — bu mutaassiblikning bir ko‘rinishi. Radikalizm dunyoviylikni, demokratiyani, inson huquqlarini, plyuarizmni, toqatlilikni, tolerantlikni, gumanizmni, madaniyat xilma-xilligini rad etadi. Radikalizmda opponent bo‘lmaydi. Bu maksimalizm – yo sen mening  fikrimga qo‘shilasan, agar qo‘shilmasang dushmansan. Dushman va men, degan tushuncha bor. Radikalizm murosani inkor etadi. Radikalizm o‘zining qarashlarini konstitutsion qonunchilikdan ustun qo‘yadi. Har bir siyosiy harakatning o‘zining radikalizmi bor. Siyosiy, ijtimoiy islomning ham radikallari bor. Nasroniylikda ham radikalizm bor. Radikalizm endi vakuumdan keyin yoki uzoq turg‘unlikdan keyin diniy erkinlik berilgan jamiyat va odamlar orasida bo‘ladi. Ma’lum vaqt dinda vakuum hosil qilingan jamiyatlarda kuchayadi. Neofit degan tushuncha bor. Bu endigina dinga mukkasidan ketgan odamlar bo‘lib, o‘shalardan ko‘p radikallar chiqadi.

Mustaqil fikr eng katta immunitet. Agar jamiyatda mustaqil fikr bo‘lmasa o‘sha yerda radikallashuv kuchayadi. Birgina qatag‘on davrini eslaylik. Mustaqil fikri bor jamiyatning ustozi bo‘lgan  60-70 foiz dunyoqarashi keng odamlar qatag‘on qilingan. 

Musulmon odam hajga boradi, nomozini o‘qiydi, sekulyar davlat tarafdori, tolibon tarafdori bo‘lmaydi. Dinni siyosatlashtirish va har bir voqea-hodisaga diniy tus berish mutaassiblik hisoblanadi. Shaxsiy hayotning daxlsizligini tan olmaslik, o‘zining hayotini, dunyoqarashini boshqalarga kuch bilan singdirish, vijdon erkinligiga daxl qilish mana shu mutaassiblik. Masalan, Xitoyda ozchilik uyg‘urlar, Shimoliy Koreya, Kombodjadagi ozchilik musulmonlarga bo‘layotgan xatti-harakatlar ham radikallashuvning bir ko‘rinishi. Yoki Iroqda radikal shialar sunniylarni kamsitishni boshlagan. Islomning ichidagi islomofobiya, deymiz buni. Bular xuddi o‘sha yo‘ldan ketayapti. Hech qanaqa murosa yo‘q, bizga qo‘shilmaganlar islomofob, deb hisoblashadi.

Huquqiy davlat va demokratiya mana shu mutaassiblar tomonidan rad etiladi. Xo‘sh, yana kim islomofob hisoblanadi? Kimda kim musulmonlarning barchasini terrorist desa, hijob o‘raganning barchasi yomon desa u islomofob hisoblanadi. Bizning jamiyatda islomofiya degan atama manipuliatsiya uchun ishlatilmoqda. Ba’zi diniy blogerlar ularning fikriga qo‘shilmagan odamni islomofobga chiqarishmoqda, go‘yo sen tolibga qarshimisan, sen qorini fikriga qo‘shilmadingmi, sen diniy blogerga qarshimisan, demak islomofobsan – bu noto‘g‘ri qarash. O‘sha toliblarga qarshi bo‘layotganlarning orasida besh vaqt nomozini o‘qiyotgan, zakotini berayotgan musulmon ham bo‘lishi mumkin. Uni qanday qilib islomofob deyish mumkin. Bu diniy mutaassiblarikning kuchayganidan dalolat. Bu Stalin davridagi «xalq dushmani» degan gapga o‘xshash holat. Chunki o‘sha paytlari kim Stalinga yoqmasa, sovet davri yoqmasa yoki qarshi chiqsa «xalq dushmani» degan yorliq yopishtirilgan.

Hozir din mutaassiblari asosiy dirijyor bo‘lib qolayapti. Buning tagida manipuliatsiya, spekulyasiya yotibdi. Islomofobiya bu — mutaassiblarning jamiyatni qoloqtirishga harakat qilishi. Aslida haqiqiy islom — sivilizatsiyaga, ilm olishga qarshi emas. Mustaassiblar opponentini qoralash, «bulling» qilish orqali jamiyatni bir necha bo‘lakka ajratayapti, bu totalitar psixologiyada niqob qilib olinayapti o‘sha islomofobiya degan fikr, din niqobi ostida totalitar mentalitet hukm surmoqda. Totalitar mentalitetning hukm surishi, sen va men – jamiyat yaxshilar va yomonlarga bo‘linadi degan manipuliatsiya.

Dilsora FOZILOVA

Dilsora FOZILOVA, sotsiolog, Britan Kolumbiyasi universiteti (Kanada) professori: 

– Ulamolar diniy yo‘lni tanlagan bo‘lsalar, ilm olimlari dunyoviy ilmni targ‘ib qilganlar, jadidlar esa diniy ilmlardan kechmagan, diniy ilmlarga tayangan holda Yevropadagi eng kuchli rivojlangan sohalarni olib kelishni istagan, u ta’lim bo‘ladimi, siyosat bo‘ladimi xalqqa kerakli narsalarga olib kelishni istagan.

Jadidlar o‘rtadagi yo‘lni tanlay bilganlar. Radikallashuv esa o‘sha oltin o‘rtaliqni bilmaydi. Radikallashuv o‘rganilishi kerak bo‘lgan jihatlardan bittasi. Sababi jamiyatda bo‘layotgan voqealar ba’zi qatlamlarning radikallashishiga sabab bo‘ladi.

Bir illat bor hashamga berilish – tug‘ilgan kun, to‘y-hashamlar, uy-joy, oxirgi markadagi mashina. Va bularga erishish uchun qaysidir yo‘l bilan bo‘lsa-da pul topish. Jamiyatdagi standartlarga yetishish ishtiyoqi kuchliligi uchun ayniqsa yoshlar har xil qing‘ir yo‘llarga kirib ketadi.  Standartlarning balandlashishi qo‘lidan ish kelmaydigan shaxslarning kamsitilishiga sabab bo‘ladi. Imkonsizlik, qo‘rquv, kuchsizlik holati yuzaga keladi. Ko‘proq pul topaman desa imkoni yo‘q, ish topay desaya yaxshi ish yo‘q, o‘zini kamsitilganday his qiladi. Va oxiri ichida norozilik paydo bo‘ladi jamiyatga nisbatan. Qo‘liga qurol berilsa ular har doim topolmagan qudratni o‘zida his qiladi.

Ishsizlik, adolatsizlik, kambag‘allik, jamiyatdan qo‘rquv mana shu illatlarning borligi radikallikni keltirib chiqaradi. Amerikadayam juda yuqori standartlar qo‘yilgan. Mana shu qatlamga tusholmayotgan odamlar bor. Jamiyatlarda yuqori standartlarga yetisholmaganlarga e’tibor qaratmaslik oqibatida radikallashuv sodir bo‘ladi.

Ko‘pincha repressiya kerakdir deyishadi, yo‘q repressiya kerak emas, odamlarning muammolariga e’tibor qaratish lozim. Radikallashishni pasaytirish uchun repressiyani kuchaytirish kerak emas.  Sekulyar jamiyatda diniy qarashlariga qarab kamsitish umuman mumkin emas. Bir-birini «murtad», «kofir» yoki mo‘’tadil musulmonni «terrorist» deb haqorat qilayotganlar uchun jinoiy jazo joriy etish kerak. Aks holda jamiyat radikallashib boradi!

Din erkinligi deganda yuzlab, minglab masjidlar qurishni, minglab odamlarni hajga yuborishnigina emas, hamma mavjud dinlarga shunindek, islomning hamma yo‘nalishlariga va shu bilan birga vijdon erkinligiga birday tolerant jamiyat yaratishni tushunishimiz kerak.

Xo‘sh bu haqda qonunlarimiz nima deydi?  

Vijdon erkinligi huquqi nima?

Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Fuqaro o‘zining dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta’lim olishga o‘z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, shuningdek, ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga o‘qitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dinga e’tiqod qilish yoki o‘zga e’tiqodlar erkinligi milliy xavfsizlikni va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan darajadagina cheklanishi mumkin.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda vijdon erkinligi va diniy e’tiqod erkinligi huquqidan foydalanadilar hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar bo‘ladilar.

Fuqarolarning dinga munosabatidan teng huquqliligi prinsipi O‘zbekiston Respublikasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunining 4-moddasida belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qat’i nazar qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini har qanday cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar belgilash, dushmanlik va adovat uyg‘otish yoxud ularning diniy yoki dahriylik e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy ziyoratgohlarni oyoq osti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Hech kim diniy e’tiqodini ro‘kach qilib qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishga haqli emas. Qonunga muvofiq bajarilishi majburiy bo‘lgan bir vazifani diniy e’tiqodi tufayli boshqasi bilan almashtirishga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring