Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jarimadan bo‘yin tovlagan ayol MIB ijrochisining xizmat kiyimini yirtib tashladi

Jarimadan bo‘yin tovlagan ayol MIB ijrochisining xizmat kiyimini yirtib tashladi

Bu ayol shundog‘am MJtKning 41-moddasida («Haqorat qilish») nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani sabab 118.400 so‘m jarimaga tortilgandi. Jazoni (jarimani) vaqtida ado etmagani bois Majburiy ijro byurosining Chilonzor tuman bo‘limi davlat ijrochisi A.Abdurahmanov uning eshigini qoqishga majbur bo‘ldi.

MIB xodimini qaysi qarzdor quchoq ochib kutibdi, deysiz? Soha xodimlari bunga o‘rganib qolgan. Shu bois ayolning avvaliga aytgan nordon-nordon gaplariga ko‘pam parvo qilinmadi. Biroq qarzdor borgan sari jazava tushaverdi: «Meni hech kimdan, davlatdan ham qarzim yo‘q, yo‘qol, bir tiyin ham to‘lamayman!».

Ayolni tushunish mumkin, ortiqcha chiqim kimga yoqibdi?! Biroq MIB xodimiyam xizmat vazifasini bajarmoqda. Qo‘lida sudning qonuniy kuchga ega qarori. Ijroga qaratilgan sud hujjati amalga oshirilishi shart.

Shu gaplarni tushuntirmoqchi bo‘lingandiki, ayol battar tutaqdi, so‘ng... MIB xodimini haqoratlashga tushdi. Qaraldiki, ahvol jiddiylashib bormoqda: ijrochi tartibni saqlash uchun profilaktika inspektorini chaqirishga majbur bo‘ldi. Inspektor kelganidan keyin ayol baqir-chaqirini battar kuchaytirdi, uyali telefonida ularni tasvirga olib, organ xodimlari go‘yoki o‘ziga kuch ishlatayotgandek qilib ko‘rsatish harakatiga tushdi... Vaziyat shu darajaga yetdiki, ayol ijrochining xizmat kiyimini yirtib tashlashgacha bordi.

Bunisiga endi chidab bo‘lmasdi.

Darhol kerakli hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari boshlandi. So‘ng jinoyat ishi ochildi, tergov harakatlari o‘tkazildi.

Nihoyat, ish sudga oshdi. Bir yuz o‘n sakkiz ming jarimani to‘lamaslik uchun qilingan noqonuniy xatti-harakati uchun ayol Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra bir yil ozodlikdan cheklash jazosiga mustahiq etildi.

Ayolga shu kerakmidi?

U kim dersiz? Ismi-sharifini aytish shartmas. Aytish mumkin bo‘lgan bitta gap qolgan: ayolning jinoiy javobgarlikka tortilgani uni ma’muriy sud tayinlagan jarima jazosidan ozod etmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring