Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jazoir elchisi O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarni mustahkamlashga undadi

Jazoir elchisi O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarni mustahkamlashga undadi

Jazoir elchisi N.Busherit va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jayev.

Hozirgi qulay vaziyat Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida yanada ko‘proq harakat qilishga undamoqda, deydi Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Naser Busherit. Diplomat bu haqda Toshkentda Jazoir mustaqilligining 60 yilligi va ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda gapirdi.

Marosimda O‘zbekiston hukumati va parlamenti vakillari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbarlari hozir bo‘ldi. O‘zbekiston hukumati nomidan esa qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi.

«Jazoir yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Mazkur islohotlar qardosh o‘zbek xalqining ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish yo‘lidagi intilishlariga mos keladi. So‘nggi yillar mobaynida Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari barcha sohalarda jadal rivojlanib bordi va men mazkur hamkorlik darajasidan to‘liq mamnunligimni bildiraman», – dedi Naser Busherit.

Qayd etilishicha, ikki davlat robitalari o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan. Zero, ikki xalq mushtarak ma’naviy-madaniy jabhaga taalluqli, ikkalasi ham islom sivilizatsiyasiga mansub.

1962-yil 5-iyul Jazoir tarixidagi muhim sana hisoblanadi. Ayni shu kuni 132 yildan ortiq davom etgan fransuz mustamlakasi davri poyoniga yetgan edi.

«Jazoir xalqi 1962-yil 5-iyulda yetti yildan ortiq davom etgan milliy ozodlik uchun qurolli kurashda berilgan katta qurbonlar evaziga o‘z mustaqilligi va suverenitetini to‘liq tikladi. Ushbu sana, shuningdek, ijtimoiy adolat va iqtisodiy rivojlanish, suveren va mustaqil tashqi siyosat tamoyillariga asoslangan zamonaviy milliy davlat qurish jarayonining boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi. Hozirda Jazoirda xukm surayotgan barqarorlik va tinchlik zamonaviy demokratik davlat, kuchli va raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning samarasidir», – dedi Jazoir elchisi.

Ta’kidlanishicha, Abdulmajid Tebbun prezident etib saylangach, mamlakat siyosiy yangilanish, iqtisodiy rivojlanish va tashqi siyosatni jonlantirish borasida yangi davrga qadam qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 1992-yil 30-iyunda O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Avvalroq ushbu muhim hodisaning 30-yilligi munosabati bilan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari tabrik almashgan edi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri  v. b. Vladimir Norov o‘z tabrigida so‘nggi yillarda o‘zaro munosabatlar aniq amaliy mazmun bilan boyiganini ta’kidlagan. Jazoir tashqi siyosat mahkamasi rahbari Ramtan Lamamra esa O‘zbekiston bilan siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni faollashtirish istagini bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring