Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiya: fuqarolar Davlat budjeti shakllantirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib boradi

Konstitutsiya: fuqarolar Davlat budjeti shakllantirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib boradi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarga qadar davlat budjeti ochiqligi va uning ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish haqida gap-so‘z bo‘lishi ham mumkin emas edi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida budjet ochiqligini ta’minlashga qaratilgan qator amaliy ishlar qilindi, bu boradagi muhim hujjatlar qabul qilindi. Fuqarolar nafaqat davlat budjeti ustidan nazorat o‘rnatmoqda, balki mablag‘larni sarflashda ham ishtirok etmoqda.

Ko‘pchilik odamlarda davlat yoki mahalliy budjetlar qanday shakllanishi haqida umumiy tasavvur ham yo‘q. «Davlatning puli» deb ataladigan ushbu mablag‘lar aslida xalqning o‘zi to‘lagan soliqlar evaziga yig‘ilgan pullardir. Tabiiyki, xalq o‘z puli qanday va qayerga sarflanayotgani ustidan nazorat qilishga haqqi bor. Kiritilayotgan modda aynan mana shu huquqni kafolatlaydi.  

Hech kimga sir emas, mahallada mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish bo‘yicha ayrim murojaatlarga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan «rejaga kiritildi, moliyalashtirish bo‘lsa bajaramiz» degan javoblar berilishi hech kimga sir emas. Ushbu javoblarni olgan fuqarolar mahalladagi muammolarni yechimini yillab kutib turardi.

Shunday holatlarni keskin ravishda oldini olish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga budjetga oid alohida yangi modda kiritilmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaga Davlat budjeti va uning shaffofligi xususida tegishli modda ham kiritilayotgan bo‘lib, ushbu modda odamlar budjet qanday shakllanishi, qanday sarflanishi ustidan nazorat o‘rnata olishlariga xizmat qiladi.

148-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti respublika budjetidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan va mahalliy budjetlardan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining budjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanadi.

Eng avvalo, davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Xususan, Davlat budjetiga oid axborotlarni joylashtirishni nazarda tutuvchi «Ochiq budjet» portali ishga tushirildi.

Davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga oid normalar ham kiritilmoqda.

Alohida ta’kidlash joizki, fuqarolarning budjet jarayonida ishtirok etish tartibi ham paydo bo‘ldi. Ya’ni tashabbusli budjet — aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda budjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti joriy etildi.

Ushbu amaliyot orqali aholi o‘zini qiynayotgan muammolar, shu jumladan mahalladagi muammolar (yo‘llar, bolalar maydonchalar va h.k.) budjetga kiritish va ularni tezlik bilan hal qilish imkon yaratildi.

2019 yildan boshlab budjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman va shaharlar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi.

Biroq bu boradagi ishlar tizimli davom etishi uchun Konstitutsiyaga aynan shunday alohida modda kiritish ehtiyoji mavjud edi.

Yangi Konstitutsiyada belgilanayotgan normalar yuqorida qayd etilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida davlat budjetini shakllantirish, uni daromad va xarajat qismlarini belgilash, ijrosini ta’minlashda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularga bu jarayonda keng va faol qatnashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun tegishli tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlar va kafolatlar yaratadi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirishlar davlat budjetini shakllantirish, uni daromad va xarajat qismlarini belgilash, ijrosini ta’minlashda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularga bu jarayonda keng va faol qatnashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun tegishli tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlar va kafolatlar yaratishga imkon beradi.

Eng asosiysi, ushbu modda orqali budjet mablag‘lari talon-taroj qilish, mablag‘larni o‘rinsiz yoki besamara foydalanilishining oldi olinadi.

Davlat budjetidan maqsadli foydalanishni ta’minlash aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga zarur yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, tadbirkorlik va umuman, davlat va jamiyatni hayotining boshqa barcha sohalarida samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring