Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusga qarshi qurilgan shifoxona haqida. Batafsil (foto)

Koronavirusga qarshi qurilgan shifoxona haqida. Batafsil (foto)

Foto: Xabar.uz

Zangiotada koronavirusga chalinganlarni davolash uchun maxsus shifoxona qurilishi boshlanganiga uch oydan oshdi. Umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lgan loyihaning dastlabki qismi dushanba kuni foydalanishga topshiriladi. Bugun jurnalistlar Zangiotada bo‘lishdi va shaxsan sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ularga kasalxona haqida so‘zlab berdi.

Avvalo, kichik to‘xtalish — dushanba kuni foydalanishga topshiriladigan shifoxonada hozir ham ish avjida. Ya’ni, hali qilinadigan ishlar talaygina. Bunaqasi bizga begona emas, har qanday qurilish ob’yektida uchratsa bo‘ladi. Topshirish muddati yaqin qolganda ish qiziydi.

Zangiotada ham shu holat. Muassasa hovlisida obodonlashtirish ishlari ketyapti, ichkarida esa hali uskunalar to‘liq o‘rnatilmagan. Vazirning tushuntirishicha, hali quruvchilar ketmagani bois virusologiya talablari inobatga olingan holda, uskunalar o‘rnatiladi. Dushanbaga qadar hammasiga ulgurilishiga ishonging keladi.

Boshqa tomondan, nima uchun dushanba? Ulgurilmasa haftaning boshqa biror kunida ochsa bo‘lmaydimi? Seshanba yo chorshanbaning dushanbadan nima kam joyi bor? Ha, buni sizga emas, «tepadagilarga» aytish kerak...

Gapning indallosiga o‘tsak. Shifoxona 33 gektar joyni egallashi va 2000 o‘ringa ega bo‘lishi lozim. Hozircha 2 ta bino qurilishi bitmoqda va 500 nafardan 1000 nafargacha bemor qabul qilishi mumkin.

Muhimi — shifoxona qurilishida yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan. Bizni shunga obdon ishontirishdi.

Alisher Shodmonovning ta’kidlashicha, statsionar joylarning hammasi bokslangan va har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga o‘tmaydi. Avvallari bunaqasi faqat jarrohlik amaliyoti o‘tadigan xonada bo‘lardi.

Shuningdek bemorlarning kirish-chiqishi ham, ularga xizmat ko‘rsatish ham alohida eshikdan amalga oshiriladi. Kasallar kelgach, qabul bo‘limidan tambur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z palatasiga joylashtiriladi.

Barcha korpuslar, bo‘linmalar toza va notoza yo‘laklar bilan ajratilgan. Toza yo‘lakdan faqat tibbiy personal o‘z vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chog‘ida sanitar o‘tkazgichlar orqali o‘tadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq bo‘lganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi. Shunisi kishini xursand qiladi. Yana shifokorlar, hamshira va farroshlarga yaratilgan sharoitlar ham.

Koronavirusda reanimatsiya bo‘limi samarali ishlashi juda muhim. Shifoxonada 72 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi bor va har bir koyka o‘pkani sun’iy ventilyasiyalash va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo‘limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jihozlash ham mumkin.

Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan so‘riladi. Natijada doimiy sterillik ta’minlanadi. Bu haqda boya aytgandik.

Eng muhimi — ushbu shifoxona bir martalik emas. Nasib qilsa, koronavirus daf bo‘lgandan so‘ng ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi sifatida foydalanish mumkin.

O‘sha kunlarga tezroq yetkazsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring