Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsiyaga qarshi kurash – O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Korrupsiyaga qarshi kurash – O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Foto: «Xabar.uz»

2016 yildan buyon O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan 60 dan ziyod konseptual ahamiyatga ega me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi institutsional asoslarni tizimli takomillashtirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, afsuski, korrupsiya muammosi hamon aholiga ham, mamlakatning xalqaro imijiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

So‘nggi ikki yilning o‘zida 5 mingga yaqin mansabdor shaxs korrupsion jinoyatlar uchun javobgarlikka tortildi. O‘zbekistonning xalqaro korrupsiyaga qarshi reytinglardagi o‘rni ham juda past («Transparency International» korrupsiyani qabul qilish indeksida 140 o‘rin).

Shunday ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida korrupsiya muammosiga alohida to‘xtalib, oqibatlar bilan emas, korrupsiya sabablari bilan kurashishga e’tibor qaratdi.

«Odamlar bizdan yangi maktablar, bog‘chalar va shifoxonalar qurilishi, ta’lim va tibbiyot sifati oshishi, joylarda ichimlik suvi va elektroenergiya, yo‘llar va transport bilan bog‘liq muammolar yechilishi, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlarni yaratish, adolatni ta’minlash, ovoragarchilik, qog‘ozbozlik va korrupsiyani yo‘qotishni kutyapti», - deya ta’kidladi Prezident.

Chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi.

2017 yildan buyon korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha 3 ta davlat dasturi qabul qilindi. Davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligi ta’minlanmoqda.

Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari, ularning tuzilmaviy va hududiy bo‘linmalari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari tomonidan ochiq e’lon qilinuvchi ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlar ro‘yxati shakllantirildi.

Bundan tashqari, budjet harajatlarini tartibga solish borasida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, budjet qonunchiligi buzilishi holatlari haqida ma’lumot berish va budjet jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berishni tashkil etish maqsadida «Openbudget» – «Ochiq budjet» portali ishga tushirildi.

Davlat boshqaruvi tizimida «inson omili»ni kamaytirish maqsadida davlat va jamiyat boshqaruvi sohalariga axborot-kommunikatsion texnologiyalarni keng joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Ma’muriy va qog‘ozbozlik to‘siqlarini bartaraf etish, ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziya va ruxsatnomalar berish jarayonini osonlashtirish va tezlashtirish maqsadida barcha hududlarda 160 dan ziyod turdagi shaffof, qulay va tezkor xizmatlarni ko‘rsatuvchi 201 markaz tashkil etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘rsidagi Konvensiyasi me’yorlarini mamlakat qonunchiligi va amaliyotiga tadbiq etish bilan birgalikda olib borilmoqda.

Keng jamoatchilik ishtirokida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratilmoqda. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirildi, Prezidentning xalq va virtual qabulxonalari, «Ishonch telefoni», shuningdek, vazirlik va idoralarning «ishonch telefonlari» va «virtual qabulxonalari» tashkil etildi, Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida barcha darajadagi davlat rahbarlarining «sayyor qabullari»ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Davlat organlari va xo‘jalik sub’yektlarida «Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat» tizimi joriy etilmoqda.

2022 yilda «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonun va Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-ahloqining namunaviy qoidalari qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi taqiqlar va cheklovlar o‘rnatildi.

Murojaatnomada davlat organlari rahbarlarining siyosiy va huquqiy javobgarligi institutini joriy etish taklif qilindi.

«Biz korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz, lekin nima uchun vazirlar o‘z tizimlarida yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holatlari uchun javob bermasliklari kerak? Endi so‘rov boshqacha bo‘ladi. Har bir vazir, birinchi navbatda, ajatilayotgan mablag‘larning samarali va maqsadli sarflanishi uchun javobgar bo‘ladi», - deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shuningdek, hukumat qarorlari, mamlakat hayotiga oid ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilishni jamoaviy tarzda, bevosita vazirlar ishtirokida amalga oshirish taklif etildi.

Deputatlar, senatorlar, mahalliy Kengashlarga muayyan sohalarda tahlil o‘tkazish va korrupsiyaga barham berishda faollik ko‘rsatish topshirildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida sun’iy monopoliya, yopiq sxemalar va, umuman, korrupsiyaga yo‘l beruvchi barcha illatlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarni kuchaytirish topshirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy ishlarni kuchaytirish O‘zbekiston davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tashabbuslarni amalga oshirish qonun ustuvorligi, fuqarolar bilan bir qatorda tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga imkon beradi. Yashirin iqtisodiyot darajasini kamaytirish va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishga yordam beradi.

Baxodir Ismoilov,

huquqshunoslik fanlari doktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring