Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsiyaga qarshi «revolyusion hujjatlar» loyihasi e’lon qilindi

Korrupsiyaga qarshi «revolyusion hujjatlar» loyihasi e’lon qilindi

Korrupsiyaga qarshi ko‘rashish bo‘yicha revolyusion hujjatlar tayyorlanib, yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.

«Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni va «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihalari shu bugunoq muhokamaga qo‘yildi.

Loyihalarda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

▪ Agentlik tomonidan «Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri»ni yuritish.

▪ reyestrga kiritilgan shaxslarga davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlash, caylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarini ko‘rsatish, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etishi, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishini taqiqlash;

▪davlat idoralari va tashkilotlariga ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish tartibini joriy etish;

▪davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari va xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni qat’iyan taqiqlash;

▪barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va bu tuzilmalar rahbarlari Agentlik bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinishi, ularni lavozimidan ozod etish masalasi Agentlik bilan kelishilishi;

▪Agentlik tomonidan barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan hokimliklarda yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e’lon qilish;

▪2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimini joriy etish;

▪davlat xizmatchisi tomonidan deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va qasddan noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi;

▪davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishni taqiqlash;

▪davlat xizmatchilarini muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish;

▪«Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida»gi qonun, shuningdek, davlat xaridlari, soliq imtiyozlari, yer ajratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni o‘rnatishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish;

▪Agentlikka manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatlarni to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolatini berish;

▪Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash;

▪korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;

▪daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;

▪korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash;

▪davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar va boshqa bitimlarni tuzishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishni qat’iyan taqiqlash va boshqalar.

Jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok eting:

Prezident Farmoni loyihasi

Prezident Qarori loyihasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring