Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kreml mulozimi Qoraqalpog‘iston hodisalari bo‘yicha kutilmagan taxminni ilgari surdi

Kreml mulozimi Qoraqalpog‘iston hodisalari bo‘yicha kutilmagan taxminni ilgari surdi

Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev joriy yil iyul oyida Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan hodisalarni rangli inqilob qilishga urinish deb atadi.

Bu haqda u Toshkentda o‘tkazilgan ShHTga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashi kotiblarining 17-uchrashuvida gapirgan.

«Amerikancha demokratiyani targ‘ib-tashviq etishning asosiy vositasi hamon g‘arbliklar tomonidan mamlakatlarimizda muntazam ravishda rangli inqilob qilishga urinish bo‘lib qolmoqda. Biz 2020-yili Belarusda, 2022-yil yanvar oyida Qozog‘istonda va joriy yil iyul oyida O‘zbekistonda – Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan hodisalarni aynan shunday deb baholaymiz», – degan Kreml mulozimi.  

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaziyatda ShHTga a’zo mamlakatlarning xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlashi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

N.Patrushev anjuman doirasida O‘zbekiston xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov bilan uchrashgan. Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, N.Patrushev ushbu uchrashuvda ham G‘arb, xususan, AQSh Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi hududida beqarorlik o‘choqlarini yaratishga urinayotganidan xavotir izhor qilgan.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi, Telegramdagi «Seriya penalti» kanali muallifi Yuriy Saruxanyan Moskva tomonidan ilgari surilgan rangli inqilobga urinish borasidagi ayblovni shubha ostiga olgan.

«G‘arb mamlakatlari, birinchi navbatda, AQShning MDH makonida beqarorlik o‘choqlarini yaratishga urinishi» degan jumlani qanday izohlash mumkin? Postsovet hududidagi beqarorlik o‘choqlarini yodga olib o‘tamiz. Dnestrbo‘yi (Moldova) – Kreml yuzaga keltirgan. Qorabog‘ (Ozarbayjon) – Kreml qo‘li bilan yaratilmagan, lekin Kreml faol ravishda «muzlatib», «eritib» turadi. Abxaziya va Janubiy Osetiya (Gruziya) – Kreml vujudga keltirgan. LDNR (Ukraina) – Kreml siyosati mahsuli. Nihoyat, Ukrainada davom etayotgan keng ko‘lamli urush Putin va sheriklarining asossiz jinoiy qarori oqibatidir. Qolaversa, postsovet mamlakatlarda Rossiya hukumati tomonidan muntazam ravishda beriladigan ushbu mamlakatlarning legitimligi va davlatchiligi savol ostiga olingan bayonotlar sabab ham taranglik yuzaga kelishi sir emas», – deb yozadi ekspert Yu.Saruxanyan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring