Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Mahallalar haqida duv-duv gaplar

Mahallalar haqida duv-duv gaplar

Illyustrativ foto

O‘sha mashhur «Mahallada duv-duv gap» kinosi hammaning yodida bo‘lsa kerak. Kinoda mahalla odamlarining hayoti, ularning yashash tarzi bilan bog‘liq voqealar hikoya qilinadi. Mahalla deganda ko‘z oldimizga shodu xurramlik kunida bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan, og‘ir kunida yelkadosh qo‘shnilar keladi.

Shuningdek, «Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona», «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona», degan qadriyatlar hech qachon o‘lmasdek. Bularning barchasiga bosh-qosh, albatta, ko‘pni ko‘rgan, hayotda oqu qorani tanigan, oilada va qo‘ni-qo‘shnilar orasida o‘z o‘rniga ega, xalq tomonidan saylangan mahalla oqsoqollari... aslida bo‘lishi kerak.

Aslida, deganimizning sababi bugun aksariyat mahallalarda mahalla oqsoqollari ajabtovur, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ishlarni qilishmoqdaki, aytib ado qilolmaymiz. Va mahalla bolasiga ota-onalik qilishi, tog‘dek suyanch bo‘lishi kerak bo‘lgan mahalla raislari haqida kunda bir yangilik o‘qiymizki, mahalla qadriyatlar beshigi deya ongimizga singdirilgan qadriyatlar bugun tugab borayotgandek go‘yo.

Bu yil butun dunyo uchun sinov yili bo‘ldi. Turli tabiiy ofatlar, koronavirus pandemiyasi. Dard odamlarni bir-biriga yaqinlashtirdi, kimning kimligi shunday kunlarda bilindi. Pandemiya boshlangandan beri hamma davlatlar bir-biriga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Saxovatpesha odamlar, tashkilotlar, tadbirkorlar, homiylar tabiiy ofatlar va pandemiya qoldirayotgan asoratlarni yengib o‘tishda baholiqudrat bir-birlaridan o‘z yordamlarini ayashmayapti. Nafaqat bir millat yoki xalq, balki xalqlar, mamlakatlar birlashyapti. Afsuski, mana shunday kunlarda, xalqning, insoniyatning musibatidan foydalanishga urinadigan, boylik orttirishga harakat qiladigan noinsoflarning ko‘pligi ham achinarli holat. Yanada achinarlisi, bunday noma’qulchilikni ko‘z-ko‘zga tushadigan mahalladoshimizning, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan oqsoqollarning qilayotgani.

Bundan chamasi bir oylar oldin ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq joylarda aholi qatlamlariga moddiy yordam puli ajratilishi jarayonida qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Masalan, Toshkent shahri, Sergeli tumani «Humo» mahallasida vujudga kelgan noxush vaziyat sabab, Toshkent shahar hokimi aholi bilan uchrashishga majbur bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan videoda mahallada kam ta’minlanganlar va ijtimoiy ko‘makka muhtojlar ro‘yxatda yo‘qligi iddao qilingan. Shundan so‘ng shahar hokimi tomonidan 1-2 kunda ijtimoiy himoyaga muxtoj aholi ro‘yxatini mahalla fuqarolarining o‘zlari shakllantirishlari bo‘yicha taklif berdi va shu ro‘yxat asosida uyma-uy kirib pul tarqatishni va’da qildi.

Bu faqatgina biz xabar topgan voqea. Biz hali xabarini topmagan, bilmagan voqealar qanchadan-qancha. Andijonda ham xuddi shunday talon-torojlikka chek qo‘yildi. Andijonning Shahrixon tumanidagi «Yakkatut» MFY mansabdorlari 82,2 mln. so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlandi. Ya’ni, mahalla oqsoqoli va boshqalar kam ta’minlangan oilalar toifasiga kirmaydigan 51 nafar fuqaroga asossiz ravishda moddiy yordam pullari to‘lab berishi oqibatida haqiqiy muhtojlarga berilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar g‘oyib bo‘lgan.

Xayriyatki, bu holat bo‘yicha o‘zlashtirish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Departamentning Bekobod tumani bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilganida «A» MFY raisi X.G‘. soxta ma’lumotlar asosida mazkur mahallada yashamaydigan va nafaqaga muhtoj bo‘lmagan 26 nafar fuqaroga jami 101,5 mln. so‘m nafaqa pullari tayinlagan. Shundan 31,6 mln. so‘mi fuqarolarga asossiz to‘lab berilganligi aniqlangan. Shuningdek, o‘z vaqtida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 69,9 mln. so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilinishining oldi olindi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida Senat raisi mahalla tizimining quyi bo‘g‘inlari faoliyatini tanqid qilib, koronavirusga qarshi kurash tadbirlariga ajratilayotgan mablag‘lar talon-taroj qilinganidan jiddiy tashvish bildirgani ham bejiz emas. 

– Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha nimaiki qilmaylik, qabul qilinayotgan farmon, qarorlarning joylardagi ijrosi yuzasidan hozirgi harakatlarimiz betartib tarzda kechmoqda, – dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Shuningdek, Senat raisi mahalla tizimining joylardagi quyi bo‘g‘imlarida faoliyat ko‘rsatayotganlarning aksariyatida eskicha fikrlash, eskicha ishlashdan qutulmayotgani dard ustiga chipqon bo‘layotgani mazmunida gapirar ekan, aholiga ijtimoiy yordam mablag‘lari tarqatilishida ochiqlik va shaffoflik tamoyiliga amal qilinmayotgani ayrim hududlarda noroziliklar keltirib chiqarayotganini qayd etib o‘tdi.

– Shu o‘rinda yana bir muhim jihatga e’tiborni qaratmoqchiman. Koronavirusga qarshi kurash tadbirlariga ajratilayotgan mablag‘lar, aniqrog‘i, Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-toroj qilinayotgani bizni tashvishlantirmoqda. Xususan, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridagi sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan umumiy hisobda jamg‘armaning 1 mlrd. 750 million so‘mdan ziyod mablag‘i talon-toroj qilingani masalasi ham jiddiy e’tibor qaratishni talab qiladi...

Odamni bir narsa o‘yga toldiradi. Mana shu mahallalarda kamolga yetayotgan yoshlar bunday adolatsizliklarni ko‘rib, guvohi bo‘lib kelajakda ularning izidan bormaydimi? 

Yaqinda kun.uz saytida «1000ta jo‘ja spektakli» haqidagi maqola ham bevosita mahalla faoliyati bilan bog‘liq.  Gap shundaki, «Qo‘qoni» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi H.Tursunovning mahalladagi kambag‘al oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam namunasi sifatida o‘z uyida boqilayotgan 1000 dona jo‘jani hamda kambag‘al oila vakili sifatida o‘z o‘g‘li – D.Tirkashevni ko‘rsatgan.

Maqola ijtimoiy tarmoqlarda keng bahs- munozaralarga sabab bo‘ldi. Bahs-munozaralar orasida aholining ko‘p qismi mahalla oqsoqollarining aksariyat qismi moddiy yordam pulini yoki ijtimoiy yordamni o‘zlarining tanishlariga, qarindoshlariga «ilinishi»ni izohlab o‘tishgan.

Yoki bo‘lmasa keyingi paytlarda mahalladan beriladigan bola puli bilan bog‘liq noxush vaziyatlar ham tez-tez quloqqa chalinmoqda. Xorazm viloyatining Gurlan tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inidan biriga raislik qilib kelayotgan mas’ul ikki yoshga to‘lmagan farzandi uchun nafaqa tayinlanishida yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish o‘rniga, aksincha, 400 000 so‘m miqdorida pora talab qilgan.

Yana bir Nurota tumanidagi mahalla raisi boshpanasi bo‘lmagan va ehtiyojmand ikkitaga oilaga uy-joy sotib olish uchun budjetdan ajratilgan mablag‘lardan 28,5 mln. so‘mini qo‘lga kiritadi. Uy-joyini ta’mirlatib berish va’dasi bilan olingan pullarni esa oqsoqol o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Afsuski, bunday xunuk holatlar borgan sari avj olmoqda. Chin ma’noda qadriyatlar beshigi bo‘lgan mahallalar bugun poraxo‘rlikni, firibgarlikni, yulg‘ichlikni, talon-torojlikni qadriyatga aylantirib qo‘yayotgandek, afsus...

Joriy yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Ana shu videoslektorda prezident «Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Oxirgi uch yilda uni rivojlantirish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi», deya ta’kidlagandi.

Prezident ta’kidlaganidek, jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanmish mahalla tizimida eng halol va fuqarolariga suyanch bo‘la oladigan raislargina ishlashga haqli.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring