Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktabning «5» bahosi bola tarbiyasiga bog‘liq ishlar ham besh degani emas

Maktabning «5» bahosi bola tarbiyasiga bog‘liq ishlar ham besh degani emas

Ommaviy axborot vositalarida sodir etilayotgan turli jinoyatlar haqidagi xabarlarni o‘qigan ko‘plar aybdorni la’natlab, jabrlanuvchiga rahmi kelishi aniq. Lekin, bundan na jinoyat sodir etgan shaxsga biron ta’sir bor, na jabrlanuvchiga biron foyda?!

Sodir etilgan jinoyat faqat jinoyatchi va jabrlanuvchiga emas, har ikkalasining oilasi, yaqinlariga ham zarar yetkazadi. Va alal-oqibat, bu butun jamiyat muammosiga aylanadi.

Hech bir ota-ona farzandim jinoyatchi bo‘lsin deb niyat qilmaydi. Xo‘sh, unda nima sababdan jinoyatchilik mavjud, shaxs nima uchun jinoyat sodir etmoqda?

Bunday og‘riqli savollarga ta’lim-tarbiyadan javob qidirmoq kerak. Boshqa sabab yo‘q! Buyuk Avloniy «Tarbiya bizlar uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidir», deb bejiz aytmagan, axir?! («Turkiy guliston yoxud axloq»). Demak, takror aytishga to‘g‘ri keldi: bolaning kelajakda kim bo‘lib yetishishi uning yoshlikda qanday tarbiya va ta’lim olganligiga bog‘liq.

Bugungi kunda, Prezidentimiz tashabbusi bilan bolalar haq-huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalash, voyaga yetmagan bolalarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish va ularning yuqori darajada ta’lim-tarbiya olishini har tomonlama ta’minlash borasida izchil hamda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, avvalo maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etish lozim. Ze­ro, keyingi davrda ayni sohaga tatbiq etilayotgan shiddatli yangilanishlar davlatimiz tomonidan bolalarga tug‘ilganidan boshlab g‘amxo‘rlik qilishga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir yaqqol dalilidir.

Bola dunyoga kelganidan boshlab unga g‘amxo‘rlik qi­lish, sog‘lom va to‘g‘ri tarbiya hamda zamonaviy ta’lim olishini ta’minlash — jamiyatimiz kelajagi, ertangi kunimiz poydevoridir.

Shuning uchun farzand tarbiyasiga g‘oyatda mas’uliyat bilan yondashish, bunda shaxsiy ibrat juda muhim omil ekanini unutmaslik joiz. Ulug‘ alloma Abu Homid G‘azzoliy ta’biri bilan ayt­ganda, «Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gav­hardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi. Agar bola yaxshilikka o‘rganib, yaxshilik ichida voyaga yetsa, dunyo va oxirat saodatini topadi. Agar bo­la e’tiborsiz tashlab qo‘­yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, baxtsizlikka yuz tutadi. Bunda gunoh yuki shu ko‘yga sol­ganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi».

Unutmaslik kerak: maktabda «5» baho olayotgan bolalarning hammasiyam hulq-odobda tengdoshlariga namuna bo‘layotgani yo‘q. Boladagi tug‘ma iqtidor uning o‘qishi, darslarni o‘zlashtirishida qo‘l kelishi mumkin. Biroq u baribir tashqi muhit ta’siridan to‘la muhofazalangan emas. O‘qishi joyida, biroq ma’naviy-axloqiy jihatdan oqsayotganlar ham uchrab turibdi. Bu hol o‘g‘il-qizlarimizning maktabda olayotgan «5»lariga ortiqcha mahliyo bo‘lavermay ularning ruhiy tarbiyasiga ham jiddiy e’tibor berish, ayniqsa, nima halol-u nima harom, nima mumkin-u nima mumkin emasligini shakllanayotgan onggiga beozor ohangda sindirib borishni talab etadi. Tajribalar ko‘rsatmoqda: sudda yer chizib turgan ko‘p bolaning aqli-xushi joyida, baholari yaxshi va a’lo, xavasga loyiq iqtidori bor, biroq tarbiya jarayonidagi arzimas bo‘shliq uni sudning qora kursisiga yetaklab kelgan... Voyaga yetmagan bola tarbiyasi jarayonida oddiy e’tiborsizlik oqibatida paydo bo‘lgan bo‘shliq naqd javohirni toshga aylantirishi mumkinligini shu va shu kabi misollar takror-takror ko‘rsatadi.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlari tahlilidan ko‘rinishicha, 2019 yilning 6 oyida sudlar tomonidan 272 nafar bolaning ishi ko‘rilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davrida taqqoslaganda 34,2 foizga kamayganligini ko‘rsatadi. Bu yaxshi, albatta. Biroq 34,2 foiz ham aslida ko‘p. Yuqorida aytdik: bitta jinoyatdan aybdor va jaburlanuvchidan tashqari ularning oilalari, yaqin qarindosh-urug‘lari ham ruhiy zarba oladi. Endi shu inkor etib bo‘lmas holatni quyidagi raqamlarga taqqoslagan holda tafakkur qilib ko‘raylik: 272 ta voyaga yetmaganlarning 44 tasiga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 84 tasiga ozodlikdan cheklash jazosi, 91 tasiga jarima, 6 nafariga ahloq tuzatish ishi jazolari tayinlangan, 39 tasi shartli hukm qilingan, 8 tasi majburiy jamoat ishlariga jalb qilingan...

Umumiy manzarani endi tasavvur qilyapsizmi?

Voyaga yetmaganlar tomonidan asosan o‘g‘irlik, bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish va jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, bu kelgusida voyaga yetmagan yoshlar bilan ayni shu jinoyatlar oldini olish borasida keng qamrovli ishlar olib borish lozimligini taqazo etadi.

Jinoyat sodir etgan ko‘pchilik voyaga yetmaganlar sudda, harakatining jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini tushunmasdan, sho‘xlik natijasida shu ishga qo‘l urganligini bildirgan. Bundan kelib chiqilsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlaridan samara yetarlicha bo‘lmayotgani oydinlashadi. Ma’naviy-axloqiy tarbiya xususida ham shu gap: joriy yilda voyaga yetmagan qizlar orasida 50 ta holatda homiladorlik aniqlanganining o‘zi ota-onalar-u tarbiyachilarning yuziga tortilgan katta tarsaki, aslida! Bunday og‘riqli raqam voyaga yetmagan yoshlarning nazoratsizligi, notinch oilalardagi yoqimsiz muhitning achchiq mevasi emasmi?

Demak, yoshlar ittifoqi va vasiylik-homiylik organi, shuningdek ichki ishlar bo‘limi voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limi xodimlarining ishini hamkorlikda tashkil etish lozim ko‘rinadi.

Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisi o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring