Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur siyosatchining qotili qamoqda bazmi jamshid uyushtirdi

Mashhur siyosatchining qotili qamoqda bazmi jamshid uyushtirdi

Foto: «VKontakte»

Rossiyalik mashhur siyosatchi Boris Nemsovning qotili Zaur Dadayev qamoqxonada shohona ziyofat qilayotgani aks etgan fotosurat tarqaldi. Irkutsk jazoni ijro etish muassasasida olingani aytilayotgan suratda mahkumlar to‘kin dasturxon atrofida shakarguftorlik qilayotganini ko‘rish mumkin. Dasturxonga sarxil meva va sabzavotlar, hatto kabob tortilgan. Xilvat bo‘lmadagi ziyofat fototasmaga muhrlanganiga qaraganda, mahkumlar uyali aloqa telefonidan ham bemalol foydalangan.

Qamoqxonadagi bazmi jamshid aks etgan suratlarni Islom Iron ismli foydalanuvchi «VKontakte» tarmog‘ida e’lon qilgan. Taxminlarga ko‘ra, ushbu surat Irkutsk viloyatidagi 3-sonli jazoni ijro etish muassasasida 2018 yilda olingan.

Mojaroli suratlar tarqalishi ortidan Federal jazoni ijro etish idorasi hududiy boshqarmasi mazkur holat jiddiy taftish etilishini ma’lum qildi.

Aslida, Rossiya qamoqxonalarida puldor yoki amaldor mahkumlarning to‘kin hayot kechirishi yangilik emas. Ammo Rossiya hukumati rahbarining sobiq o‘rinbosari, keyinroq Vladimir Putinning murosasiz muxolifiga aylangan Boris Nemsovni o‘ldirgani uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Zaur Dadayevning qamoqxonada ham tarallabedod hayotni davom ettirayotgani jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otdi. Darvoqe, Z.Dadayev Irkutsk tutqungohida ko‘p marta qoidabuzarlik qilgani sabab 2018 yil noyabrda Angarskdagi koloniyaga ko‘chirilgan.

Rossiyaning muxolif siyosatchisi, «Xalq erkinligi partiyasi» hamraisi Boris Nemsov 2015-yilning 28-fevralida Moskva markazida otib ketilgan edi. Mahkama ushbu qotillikda chechenistonlik besh fuqaroni aybdor deb topgan va ularga 11 yildan 20 yilga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Sud hukmida qayd etilishicha, B.Nemsovni Zaur Dadayev otib o‘ldirgan. Anzor Gubashev, Beslan Shavanov (qo‘lga olish payti o‘ldirilgan), Shadid Gubashev, Temirlan Eskerxanov va Hamzat Baxayevlar jinoyatni amalga oshirishga ko‘maklashgan.

Sud beshovlonni Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) bo‘yicha aybdor deb topgan. Hukm e’lon qilingach, B.Nemsovning qizi Janna Nemsova sudlanuvchilarga shunchaki qotillik emas, balki «jamoat va siyosat arbobiga suiqasd» moddasi bo‘yicha jazo tayinlashni so‘ragan. Jinoiy ish moddasi shu tariqa qayta malakalansa, jazo yanada og‘irlashishi mumkin edi.

Tergov idorasi qotillikka 2015-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan, «Sever» bataloni zobiti Ruslan Muhudinov buyurtma bergan deya xulosa bergan va unga nisbatan sirtdan ayblov e’lon qilgan.

O‘tgan yili Amur  viloyatida ham Irkutsk koloniyasidagi kabi holat kuzatilgan edi. Gap shundaki, mazkur viloyatdagi 3-sonli koloniyada tutqunlikda saqlanayotgan ashaddiy qotil Vyacheslav Sepovyaz to‘rt devor orasida hashamatli hayot kechirayotgani (mahkumlar hatto tansiq dengiz taomlarini ham tanovul qilgan!) fosh bo‘lgan edi. Mazkur holat bo‘yicha  jazo muassasasi rahbari va o‘rinbosariga ish qo‘zg‘atilgan. Ularga 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.  

Sobir Salim

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring