Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«MDH, Afrika va Yevropa davlatlariga mas’ulman!..» - Ummon Sultonligidagi vatandosh hikoyasi

«MDH, Afrika va Yevropa davlatlariga mas’ulman!..» - Ummon Sultonligidagi vatandosh hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi suhbatdoshi Ummon Sultonligidagi «OCTAL SAOC FZC» kompaniyasining MDH, Yevropa va Afrika mintaqasi bo‘yicha savdo menejeri Baxtiyor Ahmedov bo‘ldi.

Qahramonimiz Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ta’lim olgan. 2011-yili Birlashgan Arab Amirliklariga ko‘chib o‘tgan. 2017-yildan e’tiboran, u Ummon Sultonligida mehnat faoliyatini olib bormoqda.

Ota-onam motivatsiya bergan

1988-yil Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida tug‘ilganman. Boshlang‘ich ta’limni shahardagi 7-o‘rta maktab, keyin Istiqbol gimnaziyasi va Farg‘ona shahridagi Olimpiada zaxiralari litseyida tahsil olganman. So‘ng Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyida o‘qidim.

Istiqbol gimnaziyadagi ustozlarim Dilorom va Surayyo opalarning ona-tili va adabiyotdan o‘tgan juda chiroyli darslarini iliq xotiralar bilan eslayman.

Umuman, bolaligimdan ota-onam yaxshi o‘qishimga nisbatan motivatsiya bergan. Hozirgacha erishgan yutuqlarimda aynan ularning duolari va sa’y-harakatlari alohida o‘rin tutadi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidagi ta’lim

Tarix fanidan dars bergan o‘qituvchimiz Anvar aka diplomat bo‘lish uchun tarix fanining muhimligini ta’kidlardi. Natijada, menda tarixga qiziqish paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘sha paytdagi ba’zi gimnaziya bitiruvchilari Respublika fan olimpiadasida yuqori o‘rin olib oliygohlarga kirishar va shundan kelib chiqib men ham Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi bo‘lishni alohida niyat qilgan edim.

Toshkentga JIDU qoshidagi akademik litseyga kirishim dunyoqarashim va bilim borasidagi salohiyatim o‘sishida muhim ahamiyat kasb etgan. Litseyga imtihon topshirib qabul qilinganimda aniq fanlar yo‘nalishida edim. Lekin, bolalikdan tarix faniga bo‘lgan qiziqish va ixtisoslashim ijtimoiy gumanitar yo‘nalishiga o‘tishga undagan. Yodimda, bir semester tarix yo‘nalishida o‘qigandim. Aniq fanlar yo‘nalishidagi rahbarimiz Ruhiddin akaning matematikaga qiziqtirishi va uning muhimligini tushuntirishlari orqali aniq fanlar yo‘nalishiga yana qaytib o‘tganman.

Litseyni tamomlab universitetning xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Oliygohga kirib guvoh bo‘ldimki, ta’lim muassasamiz butun respublikadan bilimga chanqoq, tirishqoq va faol talabalarni o‘zida jamlagan. Shunga asosan ilmiy muhit va sharoitlar yaratilgan edi. Mana shu muhitning o‘zi bilim va dunyoqarashimning o‘sishida katta rol o‘ynadi, deb o‘ylayman.

Arablarda o‘zbekistonliklarga xayrixohlikni sezganman

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari orasida chet elda o‘qishni davom ettirish va karera qilish an’anaga aylangan edi. Men ham ana shu an’anaga ko‘ra, xorijda kareramni davom ettirishni xohladim.

Ma’lum muddat Toshkentdagi mehnat faoliyatimdan keyin 2011-yil Birlashgan Arab Amirliklariga ko‘chib o‘tdim. 2013-yilning iyuniga qadar poytaxt Abu-Dabidagi turizm firmasida savdo menejeri sifatida ishladim. Keyin to 2017-yilga qadar avval Dubay, so‘ng Sharja shahridagi bir qancha firmalarda xizmat qildim.

Xorijiy davlatda hayot kechirish o‘ziga yarasha qiyinchiliklar tug‘diradi. Lekin, vaqt o‘tishi bilan bunga ko‘nikasiz. Shunday bo‘lsa-da, dastlabki yillarda o‘zga millat vakillari bilan til topishish oson kechmagan. Ammo, arablarda o‘zbekistonliklarga nisbatan xayrixohlikni sezganman. Bunga bir din vakili bo‘lganimiz bilan bir qatorda Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi ajdodlarimiz xizmatlari tufayli ham deyish mumkin.

Yana bir ahamiyatli jihat, arablar o‘z ona tiliga alohida hurmatda bo‘lishadi. BAAdagi qurilish sohasida ishlash davri asosan qurilish kompaniya vakillari bilan uchrashish va shartnomalar tuzish bilan shug‘ullanganman. O‘sha payt asosan arablar bilan muloqot bo‘lganligi arab tilida muloqot qilishga ehtiyoj sezdirgan. Natijada, ozmi-ko‘pmi arab tilida gaplashishga erishganman. Bu kelgusi faoliyatimda ham ancha qo‘l kelgan.
MDH, Afrika va Yevropa davlatlariga mas’ulman

«OCTAL SAOC FZC» polimer ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, Ummon Sultonligida AQSh investitsiyasi hisobiga tashkil etilgan. Ishlab chiqaruvchi zavod Sultonlikning Salalah port shahrida joylashgan va mahsulot ko‘plab xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi.

Kompaniyada mahsulotlarni MDH, G‘arbiy Afrika, Shimoliy Afrika va Yevropa davlatlariga sotish bo‘yicha mas’ulman.

Har bir davlatda mahsulotni sotib oluvchi tashkilotlar bor, ular bilan ko‘rishib, sotuv shartnomalarini bajarishim kerak. Faoliyatim davomida mas’ul bo‘lgan deyarli barcha davlatlarga safar qilishimga to‘g‘ri keladi. Bunda asosiy maqsad mijoz hisoblangan tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ishni samarali amalga oshirishdan iborat. Mahsulotni katta miqdorda sotishga erishgan davlatlar orasida MDHda Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya va Turkmaniston, Afrikada Nigeriya, Gana, Senegal, Kongo, Liviya va Misrlarni keltirishim mumkin. Ushbu faoliyat davomida xalqaro savdo, eksport-import, logistika, xalqaro pul o‘tkazmalari va moliya sohalarida bilimlarim va tajribalarim ancha kengaydi.

Markaziy Osiyo o‘zaro integratsiyaga kirishishi zarur

BAA va Ummon Sultonligi chet el investitsiyalari uchun ancha qulay va ochiq davlatlar. Hukumatlar buning uchun iqtisodiy va ijtimoiy tomondan eng kerakli shart-sharoitlarning deyarli barchasini yaratgan. Qolaversa, mamlakatlarning dengizga chiqish imkoniyatining mavjudligi xalqaro savdo va eksport-import rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatining yo‘qligi albatta jahon bozoriga raqobatbardosh bo‘lib kirishiga to‘sqinlik qiladi. Bu vaziyatda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘zaro integratsiyaga tashabbus qilishi va unga kirishishi zarur, deb o‘ylayman. Bu integratsiya Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy ittifoqi sifatida umumiy hamkorlik sifatida ko‘rilishi mumkin. Aminmanki, bundan mintaqaning barcha mamlakatlari birdek manfaatdor bo‘ladi.

Hissiyotga berilish va qiziqqonlik yaxshi natija bermaydi

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, aniq bir sohaga o‘zini bag‘ishlab, o‘sha sohada yetuk mutaxassis bo‘lishga intilish kerak. Hech qachon hissiyotga berilish va qiziqqonlik yaxshi natija bermaydi. Emotsional bo‘lish turli vaziyatlarda har xil odamlar bilan aloqalarni mustahkamlashni qiyinlashtiradi. Doimo to‘g‘ri bo‘lish zarur va shu orqali odamlar oldida ishonch qozoniladi. Har qanday holatda ijobiy bo‘lishga intilishni qo‘llab-quvvatlayman. Shu bilan birga xushmuomala bo‘lishlik muvaffaqiyatga erishishda muhim omillardan biri. Shu ma’noda yoshlarimizdan katta maqasadlarni niyat qilib, faqat oldinga intilishini so‘rayman. Qiyinchiliklar, to‘siqlar va turli muammolarga sabr qilish lozim. O‘ziga bo‘lgan ishonch va sabrning muhim sharti iymon-e’tiqodda, deb bilaman.

Savolning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, yaqin tarixdagi dunyo siyosiy va geosiyosiy tartibini qanday o‘zgarganligini tushunishda «Poytaxt Abdulhamid» filmini ko‘rishni, biznesda motivatsiya olish uchun Napoleon Hillning «O‘ylang va boyib keting» va tasavvuf ilmini anglash va ruhiy tarbiya uchun Imom G‘azzoliyning «Riyozatun nafs» kitobini albatta mutolaa qilishni tavsiya beraman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring