Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish hududiy kengashlari tuziladi

Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish hududiy kengashlari tuziladi

Foto:«Review.uz»

«Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori takomillashtiriladi.

Klassifikator, jumladan, ta’limning eng past darajasiga qo‘yiladigan talablarni bekor qilgan holda har bir lavozim va kasb bo‘yicha malaka doirasiga muvofiq malaka darajasiga talablar kiritilishini nazarda tutadi.

Talablar tegishli lavozim (kasb)ning malaka darajasidan kelib chiqqan holda ish beruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi.

Qarorga ko‘ra, Prezident va Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘lgan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha kengash hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etiladi.

Mas’ul vazirlik va idoralarda ularning umumiy shtat birliklari soni doirasida mehnatga haq to‘lash sharoiti bo‘yicha mustaqil bo‘lim boshlig‘iga tenglashtirilgan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi kotibi lavozimi kiritiladi.

Qaror bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika bandlik va mehnat muhofazasi ilmiy markazi vazirlik huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti etib qayta tashkil etildi.

2021-yil 1-aprelgacha «profstandart.uz» kasbiy standartlarning yagona ochiq portali ishlab chiqiladi.

2021/2022 o‘quv yilidan:

- oliy ta’lim muassasalarida amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish maqsadida dual ta’lim tizimi joriy etilishi;

- dual ta’lim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan o‘quvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga muvofiq ish haqi to‘lanishi mumkin.

2021-yil 1-apreldan yangi kasbiy standart qabul qilinganda yoki amaldagilariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar navbatdagi o‘quv yili boshlanishidan oldin ta’lim tashkilotlarining tegishli ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishni tashkil etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring