Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman»—prezident til haqidagi qonun to‘g‘risida

«Men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman»—prezident til haqidagi qonun to‘g‘risida

Foto:Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 21-oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan tabrik nutqini e’lon qildi.

«O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum. 

Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.

Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘ san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.

Ushbu qutlug‘ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989-yil 21-oktyabr sanasini – «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir» — deyiladi prezident nutqida.

Shuningdek, prezident qonun qabul qilingan  davrdagi murakkab vaziyatni ham  esga olgan.

«Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.

Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Uning atrofida qanday qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tganini, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman» — deydi yurtboshimiz suronli yillarni eslab.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring