Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy bank tadbirkorlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi

Milliy bank tadbirkorlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: Milliy bank

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Nuriddinov, bankning amaliyot boshqarmasi boshqaruvchisi Komiljon Olimjonov tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Bank bosh boshqarmasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan moliya-bank tizimida mijozlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sifati va aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Bu borada TIF Milliy banki tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan, tadbirkorlik sub’yeklariga sifatli xizmat ko‘rsatish va ishonchli kreditlar bilan ta’minlash yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjudlarining faoliyatini kengaytirishga, bu esa o‘z navbatida aholi bandligini ta’minlash va ularning turmushi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga joriy yilning 1 sentyabriga qadar tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qariyb 2 trillion 400 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilgan. Ushbu kredit mablag‘lari hisobidan 3 ming 500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Prezidentimizning joriy yil 13 avgustdagi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, bank rahbarlari xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari bilan muloqot qilish vazifasi belgilangan.

Mazkur farmon talabidan kelib chiqib, tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda bank va tadbirkorlik sub’yekti o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikda yechimini topishi zarur bo‘lgan masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.

– 24 yildan buyon mazkur bank mijozimiz, – deydi «Beshyog‘och» xususiy korxonasi hisobchisi Shoista Fozilova. – Korxonamiz savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxonamiz bunday imkoniyatdan foydalanib, turizmning mehmonxona yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatini kengaytirmoqchi. Bugungi bank rahbarlari bilan bo‘lgan muloqotda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan mehmonxona uchun 1 million dollar kredit so‘radim. Kredit berilishi shartlarini tushuntirdi va zarur hujjatlarni topshirishimni, murojaatim ijobiy hal etilishini bildirdi.

Shuningdek, bank rahbariyati shu kuni bankning Olmazor tumani filialida ham tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Ochiq va samimiy muloqot amaliy takliflarga boy bo‘ldi. Xususan, «Abdulxamid hoji ota» xususiy korxonasi rahbari o‘rinbosari Mahammadtohir Karimov bank rahbariyatiga bayram va har oyning so‘nggi dam olish kunlarida tadbirkorlar uchun xizmat ko‘rsatilishini tashkil etishni taklif qildi.

– Oyning oxiriga borib tadbirkorning bank operatsiyalari bilan bog‘liq ishlari ko‘payadi, – deydi M.Karimov. – Ya’ni, soliq, kommunal to‘lov va boshqa to‘lovlarni keyingi oyga o‘tkazib bo‘lmaydi. Shuning uchun oy oxirida banklar dam olishsiz ishlasa bizlarga qulay bo‘lar edi. To‘g‘ri, qo‘shimcha ish bank uchun qo‘shimcha mablag‘ talab etadi. Lekin shunga qaramay bank mutasaddilari taklifimni inobatga oldi.

Uchrashuvda tadbirkorlarning mana shunga o‘xshash takliflari, muammoli masalalar bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal etildi. Tadbirkorlarga bank faoliyati, jumladan, ularga taklif etilayotgan bank xizmatlari, kreditlar va boshqa masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Avazbek Xudoyqulov,
Farhod Abdurasulov(Surat) ,O‘zA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring