Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MKBANK tomonidan turizmni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda

MKBANK tomonidan turizmni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda

Turizm sohasi bugungi kunda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda. Shuningdek, yo‘l va mehmonxona qurilishini jadal rivojlantirish, barcha turdagi avtotransport vositalari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, xalq hunarmandchiligi va mamlakat milliy madaniyatini saqlashda ham turizmning ahamiyati katta.

Nima uchun turizm juda muhim?

Turizm sanoati yo‘llar, bog‘lar, kasalxonalar, maktablar va jamoat joylari kabi infratuzilmani yaratishga yo‘l ochadi. Turizm, shuningdek, insonlarga o‘z madaniy an’analarini namoyish etish va muqaddas qadamjolarini himoya qilish imkoniyatini beradi.

Qayd etib o‘tish joizki, turizm ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun asosiy daromad manbai hisoblanadi. Turizm xizmatlari eksporti iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi sifatida muhim rol o‘ynaydi.

Shu omillarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2022-yil 19-sentabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan «Mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi videoselektor yig‘ilishida turizm sohasini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumot uchun, tijorat banklari tomonidan bu turdagi imtiyozli kreditlar xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik subektlariga, ayniqsa, maishiy, ta’lim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan korxonalarni tashkil etish (moliya va savdo sohalaridagi tadbirkorlik subektlari bundan mustasno) va jihozlash uchun 14 foiz stavkada 2 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi.

Mikrokreditbank aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan ham «Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4752-sonli qaror ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimiz turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 455 ta loyihaga 145 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratilib, buning natijasida 2 880 ta ishchi o‘rni yaratildi. Joriy yil davomida esa qaytgan resurslar hisobidan 99 ta tadbirkorlik subektlariga 75,5 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratib berilib, natijada qo‘shimcha 647 ta ishchi o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, Davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 217 mlrd. so‘mlik 85 ta loyihaga 48,8 mlrd.so‘m kredit ajratilishi hisobiga 7 ta dam olish maskani, 65 ta mehmonxona, 4 ta yo‘lovchi transport (avtobuslar) xizmati, 4 ta turistik oshxona, 5 ta sport va ekoturizm obektlari ishga tushirildi. Buning natijasida 767 ta ish o‘rni yaratildi.

Ulardan biri – Navoiy viloyati Uchquduq tumanida ochilgan «Shodlik Uchquduq» oilaviy korxonasidir. Mazkur loyihaga mehmonxona xizmatini tashkil etish uchun joriy yil iyun oyida 400 mln. so‘m kredit ajratildi hamda buning natijasida 3 ta yangi ishchi o‘rni yaratildi.

– Ayni damda mazkur mehmonxona uylarimizda turistlar gavjum. Ichki turizmni rivojlantirishga biroz bo‘lsa-da, o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunmiz, – deydi loyiha tashabbuskori F.R.Sharipov.

O‘zbek xalqining boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini saqlash, ommalashtirish va davlatimizning turistik salohiyatini kengaytirish maqsadida Toshkent shahar, Uchtepa tumanida 4 qavatli «TURON MEROS» MChJga qarashli Hunarmandlar savdo-maishiy kompleksi bino-inshootlari qurilish ishlari uchun ham 36 oy muddatga, asosiy qarz to‘loviga 18 oy imtiyozli davr bilan 7 foiz ustama to‘lash sharti bilan 10 mln. dollar kredit ajratildi.

– Ushbu loyihamiz ishga tushirilishi natijasida 50 dan ziyod hunarmandlar qulay ish o‘rni va muhtasham savdo-kompleksiga ega bo‘ldi, – deydi loyiha tashabbuskori, tadbirkor T.T.Ravshanov. – Yurtimizda turizm rivoji uchun amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlardan minnatdormiz.

Xulosa o‘rnida qayd etib o‘tish joizki, turizm – ijtimoiy-madaniy faoliyat turi va xizmatlarni ishlab chiqaradigan sanoat sifatida iqtisodiyotning eng muhim tarmog‘i bo‘lib, davlat daromadlarining oshishiga hamda mamlakatning yanada rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring