Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Muxbir aka, maqolani yozmay turing...»

«Muxbir aka, maqolani yozmay turing...»

Bog‘ot tumanidagi Nayman qishlog‘ining «Nurli hayot» mahallasi aholisi shikoyat qilganicha bor ekan. Mahalladagi maktabgacha ta’lim muassasasi binosini ko‘rib, tang qolasan, kishi: qaysi asrda yashayapmiz?! Ushbu bino: «Bolam, qarigach ahvoling shuda endi, hech kimga keraging bo‘lmay qolar ekan», deb turgan qariyadek go‘yo.

Mahalliy aholining ta’kidlashicha, ushbu bino o‘tgan asrning 56-57-yillarida kurilgan ekan. Bir paytlari maktab bo‘lgan, keyinchalik maktabgacha ta’lim muassasasiga aylantirilgan. «G‘uncha» deb nomlanuvchi mazkur muassasada o‘z vaqtida 90-100 nafar bola tarbiyalagan va 2011-yilga kelib... o‘z faoliyatini tugatgan.

Oradan, mana, sakkiz qovun pishig‘i o‘tdi. Bu orada tizim o‘zgardi, sektorlar tashkil etildi. Ammo maktabgacha ta’lim muassasasini boshqatdan ana quramiz, mana quramizdan nariga o‘tisholmadi.  Aholi ham tinch o‘tirmadi. Nurab-to‘kilib borayotgan bog‘cha binosiga ichlari achishdi. Yoz-yoz qilishdi. Televideniye orqali butun respublikaga namoyish etildi hatto. Biroq foydasi tegmadi.

O‘zini qorovulman deb tanishtirgan Shavkat So‘piyevning gaplariga quloq tutaylik: «Yaqinda hokimiyatdan kelib ketishdi, bog‘chani tez kunlarda qurib, foydalanishga topshiramiz, deyishyapti».

— Bu joyda qo‘riqlaydigan hech nimasi qolmabdi-ku? — deymiz qorovulga.

— Agar  qarab turmaganimizda bu binoning to‘rt devoridan boshqa narsasi qolmasdi, aka.

Buyam to‘g‘ri.

Muassasa hovlisida bolajonlar koptok tepib yurishibdi. Xudo ko‘rsatmasin, zo‘rg‘a turgan binoning biron bir paxsasi yiqilgudek bo‘lsa bormi?!

Qorovul bolalarni hay-haylab quvdi. Bola – bolada, yana bir zum o‘tib shu yerda paydo bo‘lib qoladi.

Bizning vayrona binoni suratga olib yurganimizni ko‘rganlar darhol «Nurli hayot» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tohir Matyoqubov va maktabgacha ta’lim muassasasining mudirasi Farog‘at Egamovalarga sim qoqishgan chog‘i, ular bir zumda yetib kelishdi.

—  Bu joyni kelib ko‘rmagan qolmadi, hisob. Sektor rahbarlari ham, tuman hokimi ham. Ularning gapi bo‘yicha, bu bino o‘rnida yangi bog‘cha qurib, qisqa muddat ichida ishga tushiramiz deyishmoqda, — deydi mahalla oqsoqoli Tohir Matyoqubov. — Yaqinda Urganchdan ustalar ham kelib ketishdi.

— Nega  shuncha yildan beri bino shu ahvolda? — degan savolimiz esa javobsiz qoldi.

— Yangi maktabgacha ta’lim muassasasi qurilib, ishga tushuncha o‘z uyimda bog‘cha ochdim, — deydi o‘zini shu dargoh mudirasiman deb tanishtirgan ayol Farog‘at Egamova. — Harna, odamlarga yordam. Agar  shu bog‘cha yangidan qurilib, foydalanishga topshirilsa, yana 100 nafarga yaqin bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi va yigirmaga yaqin ish o‘rni ochiladi.

Hozirda mahallada bog‘cha yoshidagi 300 nafar bola bor. Shuning 100 nafarga yaqini qo‘shni mahallalardagi yoki xususiy bog‘chalarga qatnaydi desak, qolgan 200 nafari nima qiladi?  

— Bizning ham nevaralarimiz bog‘chaga borsa deb orzu qilamiz, — deydi shu mahallalik onaxon Muyassar Nurmetova. — Axir bog‘cha ko‘rgan bola baribir boshqacha bo‘ladi.

— Muxbir aka, siz maqolangizni yozmay turing. Bir hafta kuting, agar shu haftada ham mutasaddilar o‘z so‘zi ustidan chiqmasa, keyin bemalol maqolangizni chiqaraverasiz, — dedi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tohirjon Matyoqubov.

«Xo‘p»,  dedik.

Oradan bir hafta emas, o‘n kunlar o‘tkazib, Tohir aka bilan telefon orqali bog‘landik. Olti oy o‘tib, yana... Afsuski, hamon eski hammom, eski tos...

Boltaboy Matqurbonov,
Odil Ne’mat

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring