Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Namangandagi bog‘chada bola kutilmaganda vafot etdi. MTV bayonoti

Namangandagi bog‘chada bola kutilmaganda vafot etdi. MTV bayonoti

Foto: Xabar.uz

Namangan viloyati, Chust tuman MTBga qarashli 64-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 1-avgust kuni noxush voqea sodir bo‘ldi. MTV mazkur hodisa yuzasidan maxsus bayonot bilan chiqdi.

Dastlabki o‘rganish bo‘yicha, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori, MTT hamshirasi, tarbiyachi, yordamchi tarbiyachisining so‘zlariga ko‘ra, 2017-yilda tug‘ilgan A.Sh. joriy yilning 1-avgust kuni ertalab MTTga qabul qilingan. Ta’limiy faoliyatga yaxshi qatnashgan. Kun tartibiga ko‘ra tushlik qilgan va gigiyena qoidalariga amal qilgach barcha tarbiyalanuvchilar qatori uxlashga yotgan.

Tarbiyachi uyqudan uyg‘onish vaqti bo‘lganda avval qiz bolalarni so‘ngra o‘g‘il bolalarni hojatga olib chiqish uchun uyqudan uyg‘otgan. Lekin bola boshini ko‘targan va yana yotib olgan. Qizlarni hojatdan olib kelib A.Sh.ni uyg‘otgan. Shunda bola tilini chaynab yuborganligini ko‘rgan va zudlik bilan hamshirani oldiga birinchi yordam ko‘rsatish uchun ko‘tarib olib chiqqan, deyiladi xabarda.

MTT hamshirasi bolaga birinchi tibbiy yordamni qilib zaruriy muolajalarni amalga oshirgan va tez tibbiy yordamga xabar berilgan.

Tibbiyot xodimlarining harakatlariga qaramay bola vafot etgan. O‘lim haqidagi ma’lumotnomaga asosan quyi nafas yo‘llarining aniqlanmagan o‘tkir respirator infeksiyasi; o‘pka shishishi o‘lim sababi etib ko‘rsatilgan.

Ushbu holat yuzasidan 2022-yil 2-avgust kuni viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tezkor guruhi tomonidan dastlabki o‘rganish o‘tkazildi hamda tegishli ma’lumotlar va hujjatlar to‘plandi, deya ta’kidlangan vazirlik xabarida.

Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari amalga oshmoqda. Tergov natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shahrisabzda ham bola bog‘chada noxush holat qurboniga aylangandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring