Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega Filippinda «Pepsi»da ishlash sharmandalik sanaladi — 600 mingta qopqoq mojarosi

Nega Filippinda «Pepsi»da ishlash sharmandalik sanaladi — 600 mingta qopqoq mojarosi

Foto: «Pikabu»

O‘tgan asrning 90-yillarida «Pepsi» kompaniyasi o‘z tarixiga qora chaplagan eng dahshatli reklama kampaniyasini o‘tkazgan. Voqea Filippinda yuz bergan.

Gazli ichimliklar ishlab chiqaruvchisi filippinliklarga «Pepsi» ichimliklari qopqoqlari yordamida 1 million pesogacha (taxminan 40 ming AQSh dollari) yutuqli bo‘lishlariga va’da bergan. Ammo zavodda xato ketib, 1 million yutuqli qopqoqlardan naq 600 mingtasi bilan shishalar yopib yuborilgan...

Oradan 30 yil o‘tsa hamki aksariyat filippinliklar kompaniyadan ham, uning nomidan ham nafratlanishadi. Bu kompaniyada ishlash yoki mahsulotlarini sotish sharmandalik hisoblanadi.

«349-hodisa»

1992-yil 25-may, Filippin. Qariyb 65 million filippinlik (mamlakatning 70 foiz aholisi) televizorlar qarshisida mixlangan, millioner bo‘lish orzusidagi millionlab ko‘zlar intiq — roppa-rosa soat 18:00 da yutuqli raqam e’lon qilinishi kerak...

Foto: «Pikabu»

Juda ko‘pchilik so‘nggi pullarigacha maxsus seriyali «Number Fever» yorliqli pepsilardan sotib olishgan. Qoidalar oddiy edi: raqamlar 001 dan 999 gacha. Haftada bir marta OAVlar yutuqli raqamlarni va qancha pul chiqqanini e’lon qilib turgan. 100 pesodan 1 million pesogacha (40 ming AQSh dollari atrofida) yutuqlar chiqishiga va’da berilgan.

Qiyoslash uchun: 1 million peso — mamlakatdagi o‘rtacha maoshning 610 tasiga teng edi, naq 50 yillik maosh. Afsuski, bunday huzurga ega bo‘lish imkoniyati juda past  — 28 millionga 1 nisbatni tashkil etardi.

Avvaliga «Pepsi» ushbu reklama kampaniyasiga 50 000 000 peso ajratdi, natijalar ham chakki emasdi — kompaniyaning bozordagi ulushi 19 foizdan 25 foizga chiqdi, zavodlar qo‘shimcha yana bitta smenada ishlashga o‘tdi. «Pepsi» rahbarlari bu muvaffaqiyatlar ortida o‘zlarini qanday dahshat kutayotganini o‘shanda bilishganidami?...

...Televizor qarshisiga qaytamiz.

Yutuq e’lon qilindi, 1 million egasi — 349-raqam! Yutuq bitta raqamga chiqdi, ammo butun mamlakat bo‘ylab yarim milliondan ziyod inson g‘alabani nishonlashga tushib ketdi. Nihoyat og‘ir mehnatdan qutulishadi, bir umrga yetadigan pul...

Aslida «Pepsi» zavodida 349-raqamli qopqoqdan ikkitasi tayyorlanishi va shishalar yopilishi kerak bo‘lgan, ammo kompyuterning xatosi bilan naq 600 000 ta shisha 349-raqamli (1 million peso yutuqli) qopqoq bilan chiqib ketgan. Agar bularning hammasiga yutuqlar summasi jamlansa va Amerika dollariga o‘girilsa 24 milliarddan oshib ketardiki, ta’bir joiz bo‘lsa, Filippin tugul butun dunyodagi «Pepsi» filiallaridan ham buncha pulni yig‘ish mahol edi.

Xullas, butun mamlakatda bayram bo‘lib ketdi. Ammo xatolik o‘tganidan na bechora filippinliklar, na kompaniya xabardor edi. Keyin hamma qopqoqlarni qo‘llariga mahkam tutganicha yutuqni olib kelish uchun birin-ketin yo‘lga otlandi...

Yuzaga kelgan vaziyatdan shok holatiga tushgan «Pepsi» rahbariyati kabinetlarni qulflab olib, tonggacha buyog‘iga nima qilish kerakligi haqida strategiya ishlab chiqarishga urindi. Orada vaziyatdan Filippin savdo vazirligini ham boxabar etib, xato o‘tib ketganini tushuntirmoqchi bo‘lishdi.

Kompaniya avvaliga yutuqli raqamni o‘zgartirishga urindi, tonggi gazetalarda «134-raqam» g‘olib chiqdi, degan e’lonlar berildi. Bu bilan yonib turgan olovga moy sepildi go‘yo: to‘plangan «yutuqli olomon» jazavaga tushib kompaniya zavodlarini toshbo‘ron qilgani qoldi.

Vaziyat shunchalik taranglashdiki, oxirida kompaniya rahbarlari «o‘xshamay qolgan millionerlar»ga «349-raqamli» qopqoqlar uchun 500 pesodan to‘lab berishga ham urinib ko‘rishdi.

Garchi odamlar qattiq g‘azabda bo‘lishgani bilan, ko‘pchiligi shu pullarni olishga ko‘ndi. 480 ming kishidan yutuqli qopqoqlarni qaytarib olishning o‘ziyoq kompaniyaga 240 million pesoga tushdi (reklama kampaniyasiga sarflanganidan 5 karra ko‘p!). Ammo bu bilan kompaniya oson qutuldi deganlar qattiq yanglishadi.

«349 ittifoqi»

«349 ittifoqi». Foto: «Pikabu»

Qolgan 120 000 kishi 500 pesoga ko‘nmay, yutuqni to‘liq berishni talab qilib olishdi. Hatto «349 ittifoqi»ga ham birlashishdi. Tinmay namoyishlar o‘tkazib, bu gazli ichimlikka boykot e’lon qilishdi, kompaniya mulki va xodimlariga hujumlar uyushtirishga kirishib ketishdi.

Foto: «Pikabu»

Ayrim mish-mishlarga ko‘ra, bu odamlarni «Coca Cola»ning Filippindagi boshlig‘i ham moddiy, ham ma’nan qo‘llab turgan. Ne ajabki, bu voqealar ortidan «Kola» savdosi darhol oshib ketib, «Pepsi»nikidan 3 karra yuqorilagan.

Foto: «Pikabu»

Olomon kompaniya omborlari va mashinalariga hujum qilishgacha yetib bordi. Shu tariqa kompaniyaning 37 ta mashinasi toshbo‘ronga uchradi, kompaniya rahbarlari esa har kuni tahdidli xabarlar olardi. Oxiri gazlangan ichimliklar qurolli qo‘riqchilar yordamida tarqatiladigan bo‘ldi.

Qariy o‘n ming odam birlashib, «Pepsi» ustidan sudga jamoaviy da’vo bilan chiqdi. 1996-yilgi sud majlisi yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash uchun har bir da’vogarga 10 ming pesodan undirilishi haqida hukm chiqardi. Ammo bu qaror da’vogarlarni qanoatlantirmadi, sud jarayonlari yana 10 yilga cho‘zildi. 2006-yili Oliy sud «Pepsi»ni to‘liq oqlab, bo‘lib o‘tgan voqealar uchun kompaniya javobgar emasligi haqida yakuniy qarorni chiqardi.

P.S. «Pepsi mojarosi» Filippinda antiamerika kayfiyatlari o‘sishiga olib keldi. AQSh hatto Filippindagi harbiy bazalarini yopishga majbur bo‘ldi. Filippinliklar AQShdan har yili keladigan millionlab dollarlik yordamdan-da voz kechishga tayyor edilar.

Voqealar hamon ko‘pchilikning yodida, «349-» esa filippinliklar tiliga aldangan odam iborasi bo‘lib ko‘chib o‘tdi. O‘shandan beri «Pepsi» Filippinda hatto oddiy reklama berishni ham o‘ylamaydi.

Manba: pikabu.ru

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring