Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nuroboddagi «Darslik uloqtirish»  voqeasi va undan keyin nima bo‘ldi?

Nuroboddagi «Darslik uloqtirish»  voqeasi va undan keyin nima bo‘ldi?

Hali ko‘p bo‘lmadi. Esingizda bo‘lsa kerak, Nuroboddagi kitob uloqtirish voqeasi. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markaziga chiqqan ushbu mavzuga yana qaytishimizning o‘ziga xos sababi bor. Aslida voqea qanday bo‘lgan edi? Biz masalaga bir tomonlama yondashmayapmizmi?

O‘sha kuni Nurobod tumani markazidagi eng ko‘p (1300 nafar) o‘quvchiga ega 1-umumta’lim maktabidagi tadbirda tuman hokimi, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ham ishtirok etadi. Ammo xayrli boshlangan ishning oxiri chuvalashib ketadi. Rasmiy tadbirlardan so‘ng darslik tarqatish boshlanadi. Shunda yuzlab odamlar – o‘quvchi-yu ota-onalar temir zinadan hatlab chiqiladigan maktab kutubxonasi atrofiga to‘planishadi…

– Sinfimdagi 20 nafar o‘quvchi darslik pullarini to‘lagani uchun kitob olishiga ko‘maklashish maqsadida kutubxonaga ko‘tarildim, – deydi 4-sinf o‘qituvchisi Shohida G‘afforova. – Birinchilardan bo‘lib darslik­larni ajratib oldim. G‘ij-g‘ij olomon orasidan o‘quvchilarim aziyat chekmasdan kitob olib ketishlarini o‘ylabman, faqat. Yuqoriga ko‘tariladigan zinani kitob olishga kelgan ota-onalar to‘sib qo‘ygandi. Pastga bir tushsangiz, olomon orasidan qaytib yuqoriga chiqib olish ham amri mahol edi. Boz ustiga 5-6 xildagi darsliklar to‘plamini pastga olib tushish ham osonmasdi. Ammo shu yerda turgan bir erkak kishi menga ko‘maklashish maqsadida «Menga tashlang bolalarga olib beraman» deb qoldi. 19 to‘p­lam (komplekt) kitobni boyagi kishi ko‘magida tarqatdim. To‘g‘risi, biroz charchagandim. Oxirgi o‘quvchining darslik­larini olib chiqib, boyagi kishi ilib oladi-ku, degan xayolda tashlab yuboribman. Ammo u kishi ketib qolgan ekan. Kitoblar yerga tushdi…

Ellik yoshni qarshilagan, o‘ttiz besh yillik tajribaga ega ustozning bugun boshi egik, ko‘zlari nam. Eng achinarlisi, u endi ishsiz…

– Odamlar e’tibori, o‘quvchilarning mehrini qozonishga butun umringni sarflaysan. Ammo bir lahzada noming qoraga chiqishi mumkin ekan, – deydi Shohida G‘afforova. – Men kitobni yaxshi ko‘raman. O‘n ikki yil kutubxonachi bo‘lib ishlaganman. Ammo xato qilishingni kutadiganlar bor ekan. Nachora…

Ijtimoiy tarmoqda voqelikning talqini tizim mutasaddilarini uyg‘otib yubordi. Rahbariyat vakillari voqelikning ertasigayoq, aniqrog‘i, 6 sentyabr kuni maktabga yetib kelishdi. O‘qituvchining «mayli, qanday jazo qo‘llasalaring roziman, ammo maktabdan ketmay» degan gaplari inobatga olinmadi. Unga o‘z arizasi bilan ishdan ketsa yaxshi bo‘lishi tushuntirildi.

Avvaliga tushuntirish xati yozgan maktab direktori Elbek Hamroyev ham shu kuni o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza beradi.

Darvoqe, mazkur maktabga uch yildan beri rahbarlik qilayotgan Elbek Hamroyevga tuman XTBdan yaxshi ta’rif berishdi. Yosh rahbar qisqa faoliyati davomida o‘zini ko‘rsata olgan. O‘tgan yili maktab bitiruvchilarining 27 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan, joriy yilda bu ko‘rsatkich 41 foizga yetgan. Maktab sariq chiziqdan yashil chiziqqa olib chiqilgan. Sirasini aytganda, ta’lim jarayoni yildan-yilga yaxshilanib kelayotgandi. Ammo…

– Shundan buyon ishsizman, – deydi Elbek Hamroyev. – Boshim qotgan. Hammasini qaytadan boshlashga kuchim yetarmikan. Hayronman.

Endi voqea sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan omilga e’tibor qaratsak: o‘quvchilarni kitob bilan ta’minlash masalasini aksar tumanlar osongina hal etgan bir vaqtda, masalan, Qo‘shrabot tumanida 20 avgustdayoq barcha o‘quvchilar darsliklar bilan ta’minlab bo‘lingan, Nurobodda bu jarayon nega kechikdi? Shunga o‘xshash savollarga javob topish maqsadida tuman xalq ta’limi bo‘limida bo‘ldik.

– Barcha maktablar mas’ullariga darsliklar jamlamasini o‘quv stoli ustiga taxlab qo‘yishni uqtirgandik, – deydi Nurobod tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ozod Jangirov. – Rahbariyatning bu talabi e’tiborsiz qoldirilgan. Oqibatni esa ko‘rib turibsiz.

Mudirning aytishicha tumanda mutaxassis o‘qituvchilar yetishmaydi. Ayni chog‘da 190 nafar o‘qituvchi bosh­­qa viloyatlardan kelib muayyan imtiyozlar evaziga ishlamoqda. Ular uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.

– 1-umumta’lim maktabi direktori Elbek Hamroyev hamda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shohida G‘afforovalarni o‘z arizalariga ko‘ra bo‘shatganmiz, – deydi XTB mudiri. – Ammo ularni ishsiz qo‘ymaymiz. Shundoq ham malakali kadrlar yetishmaydi. Vaqti soati kelganda ularga ham, albatta, ish beramiz.

Kitob «uloqtirish» masalasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashini ham befarq qoldirgani yo‘q. Kengash mutaxassislari bu masalani o‘rganib chiqishdi.

– Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan xodimlarni ishdan bo‘shatilishining qonuniylik jihatini o‘rganib chiqdik, – deydi mehnat huquq inspektori Ulug‘bek G‘aniyev. – Har ikkisi ham ishdan bo‘shash to‘g‘risida arizani o‘z xohishlari bilan yozishgan. Arizada bo‘shatilishi kuni aniq qayd etilgani bois qonunda belgilangan muddatda qaytarib olish imkoni yo‘q. Ammo ayni vaqtda ish beruvchi ularni ishsiz qoldirmaslikka va’da beryapti.

O‘qituvchi va maktab direktori bilan muloqotdan ayon bo‘ldiki, ular kitobni xor qiladigan ma’naviyatsiz insonlar toifasidan emas. Ammo mavjud vaziyat taqozosi tufayli shu ko‘yga tushganlar.

Bu bir jihatdan barchaga saboqdir, balki. Ammo, ne bo‘lganda ham, ustozlarni ranjitganimiz yaxshi bo‘lmadi.

Nurilla Shamsiyev, «ISHONCH» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring