Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Odamlar soni 10 mingdan oshgan, yarador harbiylar og‘ir ahvolda edi» — Nukusda namoyishlar qanday tinchitilgan edi?

«Odamlar soni 10 mingdan oshgan, yarador harbiylar og‘ir ahvolda edi» — Nukusda namoyishlar qanday tinchitilgan edi?

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida 2022 yilning 1 iyul kuni soat taxminan 15:00 larda boshlangan to‘polon ko‘p o‘tmay, markaziy dehqon bozori yonidagi namoyishga aylanib ketgani haqida ko‘pchilikning xabari bor.

Ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilishicha, shahar ko‘chalari namoyishida minglab odamlar to‘plangan. Shovqin-suron, ur-sur va tartibbuzarliklar yuzaga kela boshlagan.

Jamoat tartibi buzilishining oldini olish hamda fuqarolar tomonidan tartibbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan.

Shundan so‘ng, voqeaning ikkinchi kunida O‘zbekiston prezidenti Nukusda bo‘lgan edi. Prezident Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini aytib, 3 iyul kuni yana Nukusga borgandi va videoselektor o‘tkazgandi.

Davlat rahbarining murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashayotgani ma’lum qilingan edi.

O‘shanda Nukus voqealari sabab O‘zbekistonning barcha hududlarida jangovar otryadlar tashkil etilib, osoyishtalikni ta’minlash maqsadida avtonom respublikaga jo‘natilgan edi.

Milliy gvardiya Buxoro viloyat boshqarmasining ham qator harbiy xizmatchilari osoyishtalikni ta’minlashda hissa qo‘shishgan.

«Xabar.uz» muxbiri shunday harbiy xizmatchilardan biri Feruz Seitmuratov bilan suhbatda bo‘lgan.

«Odamlar soni 10 mingdan oshgan, avtobuslarga joylashtirilgan yarador xizmatchilar ham og‘ir ahvolda edi. Shundan keyingina maxsus vositalar qo‘llab, jangovar tartibda saflanishga majbur bo‘lganmiz va odamlarni to‘xtatishga erishganmiz. O‘shanda yovuz kuchlar ta’siriga tushib qolgan odamlar bilan muzokaralar olib borishimizga to‘g‘ri kelgandi. Ammo, yashirmayman, odamlarga tushuntirish juda qiyin kechgandi. Biroq, «Biz ham shu yurtning farzandlarimiz, bizning ham sizningdek ota-onamiz, farzandlarimiz, yaqinlarimiz bor. Hammamizning maqsadimiz bitta – vatan tinchligini saqlash», dedik. So‘zning qudrati, quvvati bor, degan gapga iymon keltirdim. Va amin bo‘ldikki, ularning ham qalbida vatan bor, yurt tushunchasi bor. To‘g‘ri qaror qabul qilishdi va tarqalishdi», — dedi Feruz Seitmuratov.

Feruz Seitmuratov so‘ziga ko‘ra, shundan so‘ng odamlar tinchlantirilgan va vaziyat o‘nglangan.

Voqeadan bir necha kun o‘tgach, namoyishga chiqqan ko‘pchilik odamlar xatolarini tushunib yetib, tinchlik tarafdori ekanini bildirishgan.

Joriy yilning 9 fevralidan 17 martga qadar Buxoro viloyat sudi binosida, Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan, bilib-bilmay namoyishga aralashib qolgan 39 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqilgan.

Bugun sud hukmi e’lon qilinadi

Bugun, 17 mart kuni sud yakuni bo‘yicha qaror e’lon qilinishi arafasida.

Sudlanuvchilarning yaqinlari

«Voqeadan bir necha kun oldin «miting» bo‘lishi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Men nima bo‘larkin, deya qiziqib, Qonliko‘lga bordim. Olomon shu qadar ko‘p ediki, hayajon va hatto, o‘zim bilmagan vajohatmi, bilib-bilmay, oqimga qo‘shilib ketdim. Oradan ko‘p o‘tmay, odamlar xuddi dengiz suvidek toshib ketaverdi. Shundagina bu chiqishlarning noqonuniy namoyish ekanini anglab yetdim. O‘zim uyoqdan bu yoqqa yugurib, nima qilayotganimni bilmay qolgandim. Menday sarosimada qolganlar ham son-sanoqsiz edi. Faqatgina jon saqlab qolish maqsad. Ammo, olomon orasidan chetga chiqib ketish uchun kech bo‘lgandi. Men ham harbiy kuchlar qurshovida qolgandim... Mana, temir panjara ortidaman. Bolalarimni, oilamni sog‘indim. Tavba qildim, pushaymonman» — dedi aybdorlardan biri.

Eslatib o‘tamiz, Nukus voqealarining asosiy «figurant»i – Tajimuratov 16 yilga qamalgandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring