Orol dengizining qurigan tubidan chuchuk suv chiqmoqda
Mo‘ynoqdan 200 km, Nukusdan 400 km olisda, Vozrojdeniye orolining Shag‘ala deb nomlanuvchi joyida, ya’ni Orol dengizining qurigan tubidan chuchuk suv topildi. Joriy yil 26 yanvar kuni suv ko‘zining topilishi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi. Unga qator vazirlik va idoralar rahbarlari, mo‘ynoqliklar hamda Orolning qurigan tubida mehnat qilayotgan hasharchilar qatnashdi. Bu haqida O‘zA yozmoqda.
Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi ochib, yig‘ilganlarni ushbu muhim yangilik bilan qutladi.
Ushbu chuchuk suv Janubiy Orololdi artezian basseynining Bor davri yotqiziqlaridan, ya’ni 260-280 metr teranlikdan topildi. Suv sarfi sekundiga 7 litrni tashkil qilayotgan bu suvning minerallashuvi 3 gramm, qattiqligi 6 milligramm ekvivalentga teng.
Orolbo‘yi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi boshlig‘i Shavkat Olimovning aytishicha, Janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlari Chimboy, Taxtako‘pir, Qorao‘zak tumanlari hududlarini qamrab oladi. Foydalanishga yaroqli bunday suv ko‘zlari ushbu tumanlarda ham topilgan, Janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlarini maxsus uskunalar yordamida chuchuklashtirib, ichimlik suvi sifatida foydalansa ham bo‘ladi. Hozirgi kunda Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir tumanlarida shunday uskunalar yordamida aholi suvni iste’mol qilib kelmoqda.
4-5 ta yarusdan tashkil topgan Bor davri yotqiziqlarining pastki qatlamlaridagi janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlari termal va minerallashgan bo‘lib, shifobaxsh xususiyat kasb etadi. Bu kabi 47-50 gradus issiqlikdagi suvlar Qozoqdaryo, Qorao‘zak, Chimboy hududlarida mavjud.
Orolbo‘yi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi tomonidan joriy yilda Mo‘ynoq tumanida, ya’ni Vozrojdeniye oroli, Surgil, Axantay hududlarida shu kabi 40 ta suv ko‘zlarini ochish rejalashtirilgan. Bu birinchisi bo‘lib, suv ko‘zlarining ochilishi Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlarida chorvachilikni rivojlantirishga zamin yaratadi. Shuningdek, 2021-2023 yillarda Janubiy Orolning qurib qolgan qismini geologik jihatdan o‘rganish ishlari olib borilishi ham alohida dastur sifatida qabul qilingan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov qatnashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter