Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ozarbayjon TIV xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga hujumlarni qoraladi

Ozarbayjon TIV xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga hujumlarni qoraladi

Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi mamlakatning xorijdagi vakolatxonalariga sodir etilayotgan hujumlardan jiddiy xavotirda. Vazirlik rasmiy bayonotida radikal guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan hamlalar to‘laqonli tergov-tekshiruvga tortilishi, vaziyatga huquqiy baho berilishi lozimligi talab etiladi.

«Vandalizm va terrorizm elementlarini o‘z ichiga olgan bunday hujumlar diplomatlar va ularning mulkiga zarar yetkazishni ko‘zlab amal oshirilmoqda va jinoiy xatti-harakat o‘laroq malakalanmoqda.  Biz radikal arman guruhlarining jinoiy xatti-harakatlarini keskin qoralaymiz va tegishli mamlakatlardagi bu kabi provokatsiyalarning oldini olishga javobgar tuzilmalar o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishini kutib qolamiz»,  – deyiladi bayonotda.

Rasmiy Boku 1961 yilda tasdiqlangan Vena konvensiyasiga ko‘ra mezbon mamlakatlar xorijiy diplomatik vakolatxonalarni turli hujum va hamlalardan muhofaza etishga doir kerakli chora-tadbirlarni ko‘rishi kerakligini eslatib o‘tgan.

Kuni kecha Ozarbayjonning Parijdagi elchixonasiga hujum uyushtirildi. OAVda e’lon qilingan videolavhada radikal shaxslar diplomatik missiya oldidagi temir to‘siqlardan o‘tib, eshikni buzishga urinayotganini ko‘rish mumkin. Ozarbayjonning Fransiyadagi elchisi Rahmon Mustafoyev mezbon davlat ma’murlari diplomatik vakolatxona xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rmagani haqida bayonot bergan.

Joriy yil 4 avgust kuni Ozarbayjonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga ham hujum uyushtirilgan edi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi g‘arazli maqsadda uyushtirilgan mazkur hujumni qat’iy qoralab chiqqan.

«Diplomatik vakolatxonalar xodimlarining hayoti va salomatligiga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi deb hisoblaymiz. Hodisani har tomonlama tekshirish va barcha aloqadorlarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz», – deya bayonot bergan edi O‘zbekiston TIV.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring