Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston AQShning xotin-qizlar iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha harakatlarga da’vati ishtirokchisiga aylandi

O‘zbekiston AQShning xotin-qizlar iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha harakatlarga da’vati ishtirokchisiga aylandi

Foto: «Senat.uz»

Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasi xabar berishicha, 2020-yil 23-oktyabr kuni Senat Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi «Xotin-qizlar iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha harakatlarga da’vat» (Call to Action on Women’s Economic Empowerment) mavzusida AQSh Davlat departamenti tomonidan virtual formatda tashkil etilgan xalqaro forumda ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Forum davomida ishtirokchilar xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlarini kengaytirish, ularning global iqtisodiyotdagi rolini kuchaytirish, shuningdek, butun dunyoda ayol tadbirkorlarga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun teng sharoit va imkoniyatlarni to‘liq yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Tadbirda O‘zbekiston, AQSh, Albaniya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Vetnam, Hindiston, Kolumbiya, Kot-D’Ivuara, Marokash, Marshall orollari respublikasi, Ruanda, San-Marino va Estoniya (jami — 14 ta mamlakat) hukumatlari va parlamentlarining yuqori martabali vakillari ishtirok etdi. Ushbu mamlakatlarning Vashingtonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bevosita forumda ishtirok etish uchun AQSh Davlat departamentiga taklif etildi. Bizning Elchixonamiz tomonidan elchi Javlon Vaxabov ishtirok etdi.

AQSh tomonidan davlat kotibi Mayk Pompeo, prezident maslahatchisi Ivanka Tramp, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Robert O‘Brayen va AQShning BMTdagi doimiy vakili Kelli Kraft ishtirok etdi. Marosimni Davlat departamentining Xotin-qizlarning global masalalari bo‘yicha idorasi rahbari, alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri olib bordi.

M.Pompeo Oq uy rahbariyati nomidan barcha delegatlarga «forumda ishtirok etayotganligi va o‘z mamlakatlari hukumatlarining xotin-qizlarga jahon iqtisodiyotini rivojlantirishda erkin ishtirok etish imkoniyatlarini to‘liq yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlari uchun» o‘z minnatdorchiligini bildirdi. U «Qo‘shma Shtatlar hamkor mamlakatlarning Vashington tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi hamda tinchlik va taraqqiyotning umumiy qadriyatlarini targ‘ib qilish ishida mamlakatlar bosh bo‘lganligini unutmaydi» deb ta’kidladi.

Prezident maslahatchisi I.Tramp qayd etishicha, «BMTga a’zo davlatlar orasida targ‘ib qilinayotgan va AQShning global miqyosda xotin-qizlar kamolotiga erishish tashabbusi tamoyillariga asoslangan xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha harakatlarga da’vat AQSh va 31 ta mamlakatning butun dunyoda xotin-qizlarga iqtisodiy imkoniyatlar taqdim etishga sodiqligi e’tirofidir».

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi R.O‘Brayen ta’kidlaganidek, «forum xotin-qizlarning iqtisodiy jarayonlarda to‘laqonli va moneliksiz ishtirok etishini ta’minlash orqali jahonni barqaror rivojlantirish maqsadlariga ishtirokchi davlatlarning qat’iy sodiqligini namoyon etadi».

«Xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish AQSh tashqi siyosatining va milliy xavfsizlik strategiyasining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi», — dedi maslahatchi.

AQShning BMTdagi elchisi K.Kraftning so‘zlariga ko‘ra «butun jahonda xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish Prezident D. Tramp ma’muriyatining eng ustuvor vazifalaridan biridir».

«Ushbu tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi va Xotin-qizlar holati, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha To‘rtinchi Butunjahon konferensiyasining 25 yilligi nishonlamoqda. Xotin-qizlar inson huquqlarini ta’minlash va tinchlikni saqlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi», — dedi amerikalik diplomat.

Senat Raisi T.Narbayeva o‘z nutqida «xotin-qizlarning O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini faol qo‘llab-quvvatlash respublika hukumatining asosiy vazifasi hisoblanishini» ta’kidladi. Tadbir ishtirokchilarining alohida e’tibori mamlakat Rahbariyati tomonidan keyingi vaqtda mamlakatni yanada rivojlantirish uchun hayotiy muhim qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning rolini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan bir qator qarorlarga qaratildi.

Vashingtondagi diplomatik missiyamiz xabar berganidek, forum yakunlari bo‘yicha «Xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha harakatga da’vat» nomli hujjatni rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjatda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishni rag‘batlantirish, global iqtisodiyotning gullab-yashnashi va barqarorligida xotin-qizlarning to‘laqonli ishtirok etishi va yetakchilik qilishining asosiy rolini tasdiqlash hamda fuqarolik jamiyatining ishtirokini va u bilan hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi sharoitida kengaytirish nazarda tutiladi.

Unda xotin-qizlar holati, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha To‘rtinchi Butunjahon konferensiyasining 25 yilligi arafasida BMT Nizomiga sodiqlik va gender tenglikni targ‘ib qilish, shuningdek xotin-qizlarning ta’lim olishi hamda kasbiy tayyorgarligi, xotin-qizlarga nisbatan har qanday ko‘rinishidagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq mavjud va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish qayd etilgan.

Da’vat BMT tizimida uch o‘lchov bo‘yicha xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratiladi: 1) kadr resurslarini rivojlantirish va ularning ko‘nikmalarini shakllantirish, 2) tadbirkorlik va kapitaldan foydalana olish, 3) xotin-qizlarning iqtisodiy hayotda ishtirok etishi uchun qulay muhit yaratish.

Bundan tashqari, shartnomani imzolagan mamlakatlar xotin-qizlarning iqtisodiyotda to‘la va erkin ishtiroki yo‘lidagi huquqiy, me’yoriy va boshqa to‘siqlarni olib tashlash, shu jumladan, ayollarning muassasalar imkoniyatlaridan foydalanish va kapital olish, mulkka egalik qilish hamda uni boshqarish, erkin sayohat qilish va erkaklar bilan bir xil sohalarda ishlash imkoniyatlarini yaratish zarurligini ta’kidlamoqda.

Gender tenglikni amalga oshirish, barcha xotin-qizlarning ta’lim olish huquqini ta’minlash, bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, keng qamrovli va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ham hujjatning asosiy bandlariga aylandi.

Davlat departamenti bilan erishilgan kelishuvga muvofiq O‘zbekiston Qo‘shma Shtatlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan davlatlarning asosiy guruhiga (31 mamlakat) a’zo bo‘ldi. Murojaatnomani virtual rejimda mamlakatimiz nomidan T.K.Narbayeva imzoladi.

Mamlakatlarning asosiy guruhiga, shuningdek, Afg‘oniston, Albaniya, Butan, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vetnam, Kabo-Verde, Kolumbiya, Kosta-Rika, Kot-d’Ivuar, Misr, Estoniya, Vengriya, Hindiston, Yamayka, Yaponiya, Qozog‘iston, Malayziya, Maldiv orollari, Marokash, Papua-Yangi Gvineya, Peru, Qatar, Koreya, Marshall orollari respublikasi, Ruanda, San-Marino, Saudiya Arabistoni, Tunis va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlar kiritildi.

Ushbu hujjat AQSh tashqi siyosiy idorasining rasmiy veb-saytida joylashtirildi va BMTga a’zo boshqa davlatlar qo‘shilishi uchun ochiqdir.

Vashingtondagi diplomatik vakolatxonamiz rahbarining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi K.Kyurri bilan uchrashuvi chog‘ida diplomat respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va AQShning xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlarini rag‘batlantirish sohasidagi tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlaganligi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. K.Kyurri «Senat rahbariyatining nutqi va mamlakatning jamiyatdagi ayollarning o‘rni va huquqlarini mustahkamlash borasidagi yutuqlari to‘g‘risida tayyorlangan videorolik marosimning juda muhim va yorqin qismiga aylandi», deya ta’kidladi.

Amerikalik diplomat ta’kidlaganidek, «O‘zbekistonning gender tenglik sohasidagi so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari juda ta’sirli va respublika hayotining barcha sohalarida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalarida boshqalar uchun o‘rnakdir».

«Senat Raisi T.K. Narbayevaning parlament yuqori palatasiga birinchi ayol rahbar bo‘lib tayinlanishi hozirgi O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlarning yorqin aksidir», — deya xulosa qildi Davlat departamenti vakili.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring