Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston qo‘shni davlat bilan tibbiy turizmni rivojlantirmoqchi

O‘zbekiston qo‘shni davlat bilan tibbiy turizmni rivojlantirmoqchi

Afg‘oniston Islom Respublikasi Jamoat salomatligini saqlash vazirligining mas’ul xodimlari va shifokorlaridan iborat delegatsiya yurtimizga kelgani haqida xabar bergandek.

SSVning ma’lum qilishicha, tashrifdan maqsad afg‘onistonlik tibbiyot mutaxassislariga koronavirus infeksiyasining profilaktikasi, tarqalishining oldini olish, uning diagnostikasi va davolash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rgatish, COVID-19ni davolashda zamonaviy va samarali usullarni qo‘llash bo‘yicha ularning amaliy ko‘nikmalarini va malakasini oshirishdan iborat edi.

20 nafar afg‘onistonlik mutaxassisdan iborat delegatsiya mamlakatimizda o‘n kun davomida maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Ushbu mashg‘ulotlar koronavirus infeksiyasini davolash jarayonida bevosita qatnashgan professional mutaxassislarimiz tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘quv dasturini tayyorlashda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi xodimlarining o‘rni katta bo‘ldi.

— O‘n kun davomida malaka oshirish davomida afg‘onistonlik anesteziolog-reanimatolog, infeksionist, virusolog va laboratoriya shifokorlari ham nazariy, ham amaliy mashg‘ulotlarda bilim va malakasini oshirdi, — deydi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibullo Oqilov. — Yurtimizning shoshilinch tibbiy yordam, ftiziatriya va pulmonologiya, gematologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, akusherlik va ginekologiya, pediatriya, xirurgiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, endokrinologiya, virusologiya kabi qator sohalar bo‘yicha tibbiyot markazlari hamda ilmiy-tekshirish institutlarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda koronavirus infeksiyasini davolash va uning asoratlarini o‘ziga xos jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, bizda COVID-19ga chalingan homilador ayollar, bolalar, boshqa kasalligi bor bemorlar, ayniqsa, onkologiya xastaliklari mavjud fuqarolarni davolashga alohida yondashiladi.

Bundan tashqari, o‘quv mashg‘ulotlari davomida Zangiota tumanidagi 1- va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida mahorat darslari tashkil qilindi. Shuningdek, mehmonlar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinikalardagi hamkasblarining faoliyati, mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida bemorlarni davolash va parvarish qilish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Afg‘onistonlik mutaxassislarga sertifikat topshirish marosimida esa bu kabi malaka oshirish kurslarining davomiy bo‘lishi, O‘zbekistonning nafaqat COVID-19ni, balki boshqa kasalliklarni ham davolashdagi tajribasini o‘rganish haqidagi takliflarini bildirishdi. Shuningdek, yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimining zamonaviy bosqichla ekaniga amin bo‘lgan mehmonlar tomonidan ikki mamlakat o‘rtasida tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

— Tibbiyotda tajriba almashish shifokor uchun juda ham muhim. Shu ma’noda O‘zbekiston safari bizning faoliyatimizdagi alohida nuqta bo‘lib qoldi. Biz uchun yuqori darajada tashkil qilingan mashg‘ulotlar uchun minnatdorlik bildiramiz, — dedi delegatsiya rahbari, Afg‘oniston Islom Respublikasi Jamoat salomatligini saqlash vazirligi Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Muhammad Azim Zmarial Kokar. — O‘n kun davomida O‘zbekistonning nafaqat koronavirus kasalligini davolash bo‘yicha boy tajribasini o‘rgandik, balki tibbiyotning boshqa sohalaridagi yutuqlari bilan ham tanishdik. Bu yerda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotganining guvohi bo‘ldik.

Bizning mamlakatimiz bemorlari asosan xorijda davolanish uchun katta mablag‘ sarf qilishadi. Guvohi bo‘ldikki, yurak, qizilo‘ngach, oshqozon, jigar operatsiyalariga muhtoj, neyroxirurgiya va onkologiya yo‘nalishlarida davo choralari ko‘rilishi lozim bo‘lgan bemorlarimizni O‘zbekistonga yuborsak bo‘lar ekan. Bu borada hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring