Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini yana bir iqtidor egasi tark etishi mumkin

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini yana bir iqtidor egasi tark etishi mumkin

Foto: «Daryo»

Dunyo shaxmati tarixida ikkinchi eng yosh xalqaro grossmeysterga aylangan Javohir Sindorov mamlakat shaxmat federatsiyasining e’tiborsizligi tufayli federatsiyani almashtirish haqida o‘ylayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u «Daryo» muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tgan.

«Besh yoshimdan buyon shaxmat bilan shug‘ullanaman. Uch nafar ukamdan ikkisi ham shaxmat bilan shug‘ullangan. Oilamda professional shaxmatchilar bo‘lmagan, bu sport turiga meni bobom olib kirgan, otam esa meni har doim qo‘llab-quvvatlagan.

2018 yilda shaxmat tarixidagi eng yosh ikkinchi grossmeysterga aylanganman. Albatta, bu natijaga erishish yo‘lida mashaqqatli mehnat qilganman, juda qiyin bo‘lgan. Unvonni qo‘lga kiritganimdan keyin meni O‘zbekistonda juda yaxshi kutib olishgan. Kech bo‘lishiga qaramay barcha yaqinlarim, ustozlarim, televideniye xodimlari va muxlislar aeroportga chiqqan. O‘sha vaqtda menga Prezident tomonidan uch xonali uy kaliti topshirilgan», — eslaydi sportchi.

«Professional shaxmatchi yiliga kamida 9 yoki 10 ta xalqaro musobaqada ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Buning bir yoki ikkitasi O‘zbekistonda bo‘lishi mumkin, qolgan barcha musobaqalar chet elda bo‘lib o‘tadi. Grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritish uchun yiliga 9-10 ta chet el musobaqalarida qatnashishga to‘g‘ri kelgan. Bunga ketadigan xarajatning barchasi oilam tomonidan qoplangan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan menga hech qanday moddiy yordam berilmagan», davom ettiradi u.

«Rekordni yangilaganimdan keyin ham shaxmat federatsiyasi tomonidan hech qanday e’tibor bo‘lmadi. Ular faqatgina federatsiya rasmiy saytida meni tabriklash bilan cheklandi.

Grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritganimda bir oy o‘tar-o‘tmas olti kishidan iborat O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi bilan 16 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi butunjahon shaxmat Olimpiadaga bordik. U yerda kuchli raqiblardan ustun kelgan holda, O‘zbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritdik. Bizni Toshkentda tantanali ravishda kutib olishdi. Keyinroq qatnashchilarga Prezident sovg‘asi — avtomobillar topshirildi. Lekin men va jamoadoshim Sitora Saparova hatto taqdirlash marosimiga chaqirilmadik ham, qolgan qatnashchilarning barchasiga avtomobil sovg‘a qilindi. Federatsiya nima uchun biz ikkimiz marosimga chaqirilmaganimizni izohsiz qoldirdi», — deydi Javohir.

Iqtidorli sportchi 2019 yilda Yoshlar Ittifoqi ko‘magida Sindorov Javohir Kubogi musobaqasini tashkil qilganini, unda qo‘shni mamlakatlardan ham yosh shaxmatchilar kelib ishtirok etganini, lekin negadir, ayrim tengdoshlari bu musobaqada qatnasha olmaganini, keyinchalik surishtirsa, shaxmat federatsiyasi tomonidan og‘zaki taqiq qo‘yilganini aytadi.

«Albatta, chet el federatsiyalaridan qator takliflar kelgan. Biroq men O‘zbekiston o‘g‘loni sifatida o‘z yurtimni himoya qilgim keladi. Agar shaxmat federatsiya tomonidan bunday to‘sqinliklar bo‘laversa, u holda Gulruhbegim Tohirjonova singari federatsiyamni almashtirishimga to‘g‘ri keladi. Ammo men buni xohlamayman. Shunchaki bizga ham ozgina e’tibor berilishini istaymiz.

Misol uchun Hindiston federatsiyasi oddiygina Open musobaqasiga 70 nafar shaxmatchisini barcha xarajatlarni qoplagan holda yubordi. Bu yerda esa tug‘ishgan ukam Islombek Sindorov olti karra Osiyo chempioni, ikki karra Jahon chempioni bo‘lishiga qaramay mana shu e’tiborsizlik sabab faoliyatini muddatidan avval yakunladi», — deydi u.

Xalqaro grossmeyster boshqa federatsiyalarda yiliga yuzlab musobaqalar tashkil etilishini aytarkan, O‘zbekistonda faqat bitta xalqaro musobaqa borligini, sportchilar o‘z darajasini saqlab turishi uchun ko‘plab musobaqalarda qatnashishi kerakligini aytadi. Chet elda bo‘ladigan musobaqalar xarajatlarini esa o‘zlari qoplashlariga to‘g‘ri kelmoqda.

«Shu sabab men tanigan kuchli shaxmatchilar, grossmeysterlar Temur Gareyev, Anton Filippov (Filippov federatsiya e’tiborsizligi sabab Qozog‘istonga ketgan), Temur Ko‘ybakorov va boshqalar o‘z federatsiyasini almashtirishga majbur bo‘lgan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda juda ko‘plab yosh iqtidorlar o‘sib kelmoqda. Agar ular ham e’tiborsiz qoldirilsa, xuddi ukalarim va boshqa ko‘plab shaxmatchilar kabi faoliyatini erta yakunlashga majbur bo‘ladi», — deya ta’kidlaydi Javohir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashhur opa-singil shaxmatchilar terma jamoadan chiqarib yuborilgani ma’lum bo‘lgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring