Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Yaponiya bilan 28 turdagi meva-sabzavot eksporti bo‘yicha kelishuvga erishdi

O‘zbekiston Yaponiya bilan 28 turdagi meva-sabzavot eksporti bo‘yicha kelishuvga erishdi

Foto:«Facebook»

Yaqinda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi delegatsiyasi Yaponiyaga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Yaponiyaning karantin xizmati rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga chiqarishda fitosanitariya holatlariga e’tibor qaratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdilar.

Muzokaralar natijalariga ko‘ra, Yaponiya tomoni O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining qo‘shimcha 28 turini, ya’ni xurmo, tarvuz, malina, anjir, yer yong‘oq, bodom, grek yong‘og‘i (tashqi po‘stlog‘isiz), loviya, mosh, kunjut, kovrak, jiyda, kabachki, aysberg salati, ukrop, kashnich, petrushka, selderey, rayhon, rukkola, yalpiz, latuk, yashil piyoz, piyoz, sabzi, karam, qovoq va rediskani eksport qilish imkonini berish bo‘yicha ruxsatnomasini tasdiqladi. Ushbu mahsulotlar karantin nazoratidan o‘tkazilishi va zarur hollarda zararsizlantirish (fumigatsiyalash) lozim bo‘ladi.    

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, avval 26 ta meva-sabzavot va poliz mahsuloti (qovun, uzum, anor, limon, sarimsoq piyoz, lavlagi, bodring, qulupnay, xandon pista, shu bilan birga, quritilgan meva-sabzavotlar: o‘rik, mayiz, olxo‘ri, qovun, olcha, gilos, olma, shaftoli, nok, achchiq qalampir, piyoz, sabzi, kartoshka, bulg‘or qalampiri, no‘xot, kovrak, quritilgan ko‘katlar)ni eksport qilishga fitosanitar ruxsati olingan edi.   

Bundan tashqari, uchrashuvda tomonlar ikki mamlakatning o‘simliklar karantini bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Yaponiyaning JICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan faol hamkorlik qilish yuzasidan ham kelishuvga erishdilar.

Shu bilan birga, Yaponiya tomoni gilos, achchiq qalampir, olma, shaftoli va olxo‘rini istisno tariqasida O‘zbekistondan eksport qilishga ruxsat berish masalasini tezlashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring