Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ayrim kripto-birjalar faoliyati cheklanganiga izoh berildi

O‘zbekistonda ayrim kripto-birjalar faoliyati cheklanganiga izoh berildi

Internet tarmog‘idagi axborot resurslarini monitoring qilish jarayonida bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolariga kripto-aktivlar bilan savdolarni amalga oshirish va ayirboshlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, mamlakat hududida xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan turli elektron platformalar faolligi oshib borayotgani aniqlangan. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur platformalar kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bilan bog‘liq xizmatlarni taklif etib, mamlakat hududida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda serverlarini o‘rnatilishini ko‘zda tutmagan holda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini so‘rab olmoqdalar.

Shu bilan birga, ular kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun hech qanday yuridik javobgarlikni o‘z zimmalariga olmaydi, tranzaksiyalarning qonuniyligini, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini to‘g‘ri saqlanishi va maxfiyligini kafolatlamaydi.

«Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, qonunchilik talablariga muvofiq xizmatlar provayderlari litsenziyasiga ega bo‘lmagan elektron platformalar (kripto-birjalar va elektron ayirboshlash maydonchalari)dan foydalanish belgilangan tartibda cheklandi», – deyiladi Agentlikning ayrim kripto-birjalar faoliyati cheklangani to‘g‘risida bergan izohida.

Agentlik, shuningdek, fuqarolardan hushyor bo‘lishlariga, mamlakat hududida faoliyat yuritish uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziyaga ega bo‘lmagan elektron platformalar xizmatlaridan foydalanmaslikka va ehtiyot choralarini ko‘rishlariga, shu jumladan, shaxsiy ma’lumotlarni sizib chiqishi natijasida ma’lumotlarning firibgarlar tomonidan foydalanishga olib kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirmoqda.

Ma’lumot uchun, Prezidentning 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari mumkinligi belgilab o‘tilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring