Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda bog‘cha yoshi o‘zgardimi?

O‘zbekistonda bog‘cha yoshi o‘zgardimi?

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda qabul qilingan «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi Qonun yuzasidan turli savollar berilmoqda. Ular orasida eng ko‘p so‘ralayotgani «bog‘chaga bolalarni qabul qilishda quyi yosh chegarasi o‘zgardimi?» degan savol bo‘lyapti.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi quyidagilarga aniqlik kiritdi.

  1. Qonunning 34-moddasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari guruhlarini to‘ldirish haqida so‘z boradi. Unda bog‘cha guruhlarining yoshga doir toifalari keltirilgan va «ilk rivojlanish guruhi (bir yoshdan uch yoshgacha)» degan toifa qayd etilgan.

Ushbu jumla fuqarolarni chalg‘itib, «bolalarni hamma bog‘chalarga bir yoshdan boshlab berish mumkin ekan» degan noto‘g‘ri talqinlarni yuzaga keltirmoqda.

Biroq Qonunning 33-moddasida «Umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi» deyilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 391-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 35-moddasida esa shunday deyiladi: «Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi».

Demak, davlat bog‘chalariga bolalarni qabul qilish yoshi quyi chegarasi 3 yoshligicha qolmoqda.

  1. Xususiy bog‘chalarga bolalarni qabul qilish va ulardan chiqarish esa Vazirlar Mahkamasining qarori emas, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ustavi bilan tartibga solinadi. Bunda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa va davlat tomonidan qo‘yilgan ma’lum talablarga javob bersa, bolalarni hatto 1 yoshga to‘lmagan bo‘lsa ham xususiy bog‘chalar qabul qilishi mumkin.
  2. Qonundagi yosh guruhlari toifalanishiga oid moddaga «bir yoshdan uch yoshgacha» so‘z birikmasi kiritilishining sababi quyidagilar:
  • birinchidan, davlat bog‘chalariga bolalarni qabul qilishda keyinchalik yosh chegarasi o‘zgarsa, Qonunga o‘zgartirish kiritishdek murakkab yuridik protseduraning oldini olish;
  • ikkinchidan, xususiy bog‘chalarda guruhlarni yoshga doir toifalash me’yorlarini belgilab berish.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring