Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistondagi IT-Park ochilishiga bir yil to‘lishi munosabati bilan onlayn marafon bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistondagi IT-Park ochilishiga bir yil to‘lishi munosabati bilan onlayn marafon bo‘lib o‘tadi

2020-yilning 24-iyul kuni, 14:00dan 18:00ga qadar O‘zbekistondagi ilk IT-Park ochilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan «IT Park Rewind» onlayn marafoni o‘tkaziladi.

Ushbu ajoyib kunda boshlangan tarix hozirgi kunda ham yangi bilim va tajriba qadamlarini qo‘ygan holda davom etmoqda. Ochilish marosimidan buyon o‘tgan bir yil davomida amalga oshirilgan samarali ishlardan so‘ng IT-Park O‘zbekistonda IT sohasini ommalashtirishga va rivojlantirishga yordam bergan holda katta yutuqlarga erisha oldi.

Hozirgi kunda 398 ta IT kompaniya IT-Park rezidenti bo‘lib, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 670 mlrd. so‘mdan ziyodni, eksport hajmi esa – 11,2 mln. dollarni tashkil qilmoqda. Rezident kompaniyalarda faoliyat olib boruvchi xodimlar soni 4046 kishini tashkil qiladi.

30 ta startap jamoa esa inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridagi o‘quv jarayonini yakunladi.

Bundan tashqari, IT-Park umumiy sovrin jamg‘armasi 2,5 mlrd. so‘mni tashkil qiluvchi, kibersport bo‘yicha ikkita onlayn turnirini o‘z ichiga olgan, jami 40 dan ziyod loyiha va marosimlarni amalga oshirdi. Maktab o‘quvchilari uchun mobil robototexnika bo‘yicha «Future Skills Uzbekistan» IT olimpiadasi ham tashkil qilindi.

Shuningdek, asosiy ijrochisi IT-Park bo‘lgan bepul onlayn platformasi – «One Million Uzbek Coders» loyihasini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Ushbu loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, unda barcha xohlovchilar dasturlash asoslarini o‘zbek tilida bepul o‘rganishi mumkin. Bugungi kunga kelib platformada mamlakat bo‘ylab 60 000 dan ziyod foydalanuvchi ta’lim olmoqda. 5000 dan ortiq foydalanuvchi allaqachon loyiha bitiruvchisiga aylandi va muayyan IT mutaxassisliklar asosini o‘rgangan holda o‘z o‘quv jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunladilar.

Yangi o‘quv yilidan boshlab «One Million Uzbek Coders» o‘quv dasturi Respublikadagi maktab va universitetlarda o‘rgatila boshlanadi. 250 000 dan kam bo‘lmagan maktab o‘quvchilari va talabalar 2020-2021-o‘quv yilida ushbu platformada ta’lim oladilar.

Ta’lim haqida gapirar ekanmiz, aytish lozimki, O‘zbekiston bo‘ylab 30 ta IT-markaz ochildi va ularda 7200 o‘quvchi ta’lim oldi. Shuningdek, IT-markazlarda 80 dan ziyod ish o‘rni va 116 ta onlayn videodars yaratildi. 2021-yilga kelib yurtimizning har bir tuman markazida IT-markazlar ochiladi va unda IT dunyosining eng kerakli va aktual fanlari o‘qitiladi.

Qolaversa, bugungi kunda IT-Park qoshidagi IT-markaz va IT-akademiyalarda har bir xohlovchi yurtimiz uchun hattoki begona bo‘lgan kibersport va mobil robototexnikani o‘z ichiga olgan 10 dan ortiq yo‘nalishlarda ta’lim olishlari mumkin. IT-Park esa O‘zbekistonning har bir hududida o‘z filiallarini ochadi.

Biroz oldinga ilgarilagan holda aytishimiz mumkinki, IT-Park O‘zbekiston poytaxtida 6 gektar yerni qamrab oladi va u yerda quyidagilarni o‘z ichiga olgan binolar kompleksi qad rostlaydi: IT-ofislar, IT-otel, IT-laboratoriya, kovorking markazlari, anjuman zallari va hattoki IT-universitet.

IT-Park ochilishi sharofati bilan tashkil qilinayotgan onlayn marafonga keladigan bo‘lsak, ushbu mazmunli kunda mehmonlar bizning muvaffaqiyatli IT tadbirkor va frilanserlardan tashkil topgan hurmatli spikerlarimizni ko‘rishlari va tinglashlari, axborot texnologiyalari dunyosining aktual va dolzarb mavzulari bo‘yicha suhbatlashishlari va muhokama qilishlari, o‘zlariga qiziq bo‘lgan savollarni berishlari hamda qiziqarli javoblar olishlari mumkin bo‘ladi.

Onlayn marafonning spikerlari:

  • IT-Park direktori – Farhod Ibragimov;
  • Google katta injener dasturchisi – Nodir To‘raqulov;
  • IT-markazlar direktori – Nodir Alibekov;
  • O‘zbekiston venchur investitsiyalari assosiatsiyasi raisi – Dilshod Zufarov;
  • Texnologik tadbirkorlik va venchur fondini rivojlantirish bo‘yicha kompaniya hamda Startech.vc, Startupbootcamp Russia venchur fondi va Xitoydagi rus akseleratori hamasoschisi – V. Zdorenko (Rossiya)
  • Vronica kompaniyasi asoschisi, Gamedev Goethe inkubatori rahbari – A.Salixov va boshqalar.

Onlayn marafon har biri muayyan vaqtda o‘tkaziluvchi va bir qancha taqdimot va mavzularni o‘z ichiga olgan ikki blokka bo‘lingan.

1-blok – «IT ta’lim» (14:15-15:40);

2-blok – «O‘zbekiston startaplari» (15:40-18:30).

Onlayn marafon 2020 yilning 24 iyul sanasida, 14:00 dan 18:00 ga qadar IT Parkʼning Youtubedagi kanalida jonli efirda bo‘lib o‘tadi. Barcha xohlovchilar unda ishtirok etishi mumkin, ro‘yxatdan o‘tishning o‘zi kifoya.

Youtube kanali: https://www.youtube.com/channel/UCZWqg4oxo2PyLGuQifUbeqg

Ro‘yxatdan o‘tish: https://bit.ly/marathon_uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring