Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik iqtidorli talabalar YeI ta’lim stipendiyalarini qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik iqtidorli talabalar YeI ta’lim stipendiyalarini qo‘lga kiritdi

Foto: www.consilium.europa.eu

Joriy yilda 14 nafar o‘zbekistonlik iqtidorli talaba Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturi (EMJMD) doirasida Yevropaning nufuzli universitetlarida tahsil olish uchun grantlarni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekistondagi «Erasmus+» ofisi ma’lum qildi.  

Bu yilgi tanlovda mamlakatimiz yoshlari orasida matematika, xalqaro huquq, kimyo, tibbiyot, siyosat, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi ta’lim yo‘nalishlariga qiziqish katta bo‘ldi.

O‘zbekistonlik stipendiatlar  (5 ayol va 9 erkak) Yevropa Ittifoqining Estoniya, Italiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Germaniya, Portugaliya, Chexiya kabi davlatlaridagi eng yaxshi universitetlarda ta’lim oladi. Tahsil jarayoni joriy yil avgust-sentyabr oylarida boshlanishi rejalashtirilgan.

«Erasmus+» – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YeI dasturidir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi. Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.

Rasmiy Bryussel ta’lim dasturi uchun ajratilgan mablag‘ni ko‘paytirib bormoqda. 2014-2020 yillarda «Erasmus+» dasturi budjeti 14,7 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-2027 yillarda ushbu maqsadda 26,2 milliard yevro sarflanishi ko‘zda tutilgan. 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturda ijtimoiy jalb qilinganlik, yashil va raqamli jamiyat, yoshlarning demokratik hayotdagi ishtirokini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda O‘zbekistondan 16 nafar iqtidorli talaba «Erasmus Mundus» stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring