Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonni milliardlardan mosuvo qilayotgan muammo va oqibatlar (video)

O‘zbekistonni milliardlardan mosuvo qilayotgan muammo va oqibatlar (video)

Foto: kun.uz

Niderlandiya o‘zining 1 million gektar yerida dehqonchilik qilib, 102 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi. O‘zbekistonda esa 4 million gektarga yaqin dehqonchilik qilsa bo‘ladigan yerlar bor va bu yerlarning katta qismida paxta yetishtirilib, paxta va to‘qimachilik mahsulotlaridan yiliga 2 milliard dollar atrofida daromad qilinadi...

Aytaylik, kimdir 1 gektar yerda biror mahsulot yetishtirib, uni eksport qilish orqali 10 ming dollargacha foyda qila oladi. Siz esa buning o‘rniga 2 ming dollar keltiradigan mahsulot ekishingiz mumkin.

Bunday holat yerdan noratsional foydalanish deyiladi. Zero, siz o‘zingizni va mamlakatingizni oz emas-ko‘p emas – 8 ming dollardan mosuvo qildingiz.

Agrar soha buyruqli – davlat rejasiga muvofiq yuritilsa shunday bo‘ladi. O‘zbekistonda millionlab gektar yerlar hozirda aynan shunday tartibda istifoda etilyapti.

Sobiq ittifoq davrida qishloq xo‘jaligi sohasi o‘ziga xos tarzda – reja asosida yuritilgan edi, chunki bozor iqtisodiyoti instituti mafkura darajasida rad etilgan edi. Barcha ishlar davlat nazorati ostida yuritilar, nazoratga katta kuch va mablag‘ sarf qilinardi. Ishlar shaxsiy manfaatdorlik yo‘lida urinish va izlanishga emas, balki ko‘proq jamoaviy entuziazmga – ishtiyoqqa suyanar edi. Entuziazm esa yildan-yilga so‘nib boraverdi, nazorat qilish qiyinlashib boraverdi, ommaviy mulkni talon-toroj qilish, narsalarni xor qilish holatlari ko‘paygandan ko‘paydi. Zero, mulkning aniq egasi yo‘q edi. Ittifoq borgan sayin egasiz narsalar mamlakatiga aylanib boraverdi va shu bois, oxir-oqibat tanazzulga yuz tutdi.    

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin ham afsuski qishloq xo‘jaligi sohasida bozor munosabatlari qaror topmadi. Eski tizim sarqiti – davlat tomonidan dehqon yelkasiga reja yuklash amaliyoti davom etdi. Qishloq xo‘jaligini va umuman, har qanday sohani rivojlantirishning asosiy omili bo‘lmish – moddiy manfaatdorlik darajasi o‘ta past holda qoldi. Natijada yer qadrlanmadi, jamiyatga keltirishi mumkin bo‘lgan foydani keltirmadi.

Buning ustiga qishloqlardagi demografik ahvol, ishsizlik miqdori hisobga olinmadi. Aholisi zich, ishsizlik miqdori yuqori bo‘lgan hududlarda kichkina yer xo‘jaliklarini tuzish yo‘lidan borilmadi. Oqibatda bunday hududlar ishsizlik o‘chog‘iga va o‘zga – ba’zi rivojlanayotgan mamlakatlarga millionlab mehnat migrantlari yetkazib beruvchi, o‘zga iqtisodiyotlar uchun arzon ishchi kuchi yetkazib beruvchi hududlarga aylandi. Bu yoqda esa shuncha yer zo‘rma-zo‘raki ishlatib kelindi.

Millionlab yosh otalar oilalarini, farzandlarini tashlab chet elga ishlashga ketishdi, qishloqlarimizda otasiz, ko‘chada tarbiya topgan bir avlod yetishib chiqdi va chiqyapti.    

Vaholanki aholisi zich bo‘lgan hududlarimizda yer resurslaridan boshqacha foydalanish – kichkina yer egalari sinfini yuzaga keltirish mumkin edi. Shu asnoda bir kompleks muammolarni hal qilish – ishsizlikni kamaytirish, yerdan foydalanish sifatini yaxshilash, qishloqlarimizda iqtisodiy faol qatlamni yuzaga keltirish mumkin edi. Hali ham kech emas, hozirda o‘zga yurtlarda «qora ishchi» maqomini ko‘tarib yurgan, ba’zida yo‘llarda yonib ketayotgan yoshlarimizning iqtisodiy, ijtimoiy va eng asosiysi, ma’naviy holatini yaxshilash, bolalarga otalarini berish mumkin.   

Shu yerda bir izohga o‘rin berish lozim. Qaysidir idoralarning urinishi bilan «qishloqlarda odamlarimiz yerda ishlashmaydi, hatto tomorqalaridan tuzuk foydalanishmaydi» degan noto‘g‘ri fikr jamoatchilik ongiga singdirilgan. Aslida esa unday emas. Aslida bozorlarimizni aksar mahsulotlar bilan ta’minlab kelayotganlar – aynan o‘sha – qishloqlarimizda yashayotgan tomorqa egalari va yerlarni ijaraga olib mahsulot yetishtirayotgan oddiy qishloq ahli, boshqa birov emas. Tomorqachilikning ba’zi o‘rinlardagi yomon holati esa odamlarimizning ishyoqmasligidan emas, balki yetishtirilgan mahsulot eksporti yo‘lida shu paytgacha sun’iy g‘ovlar qo‘yib kelinganidan – dehqonning hafsalasi muntazam pir qilib kelinganidan.

Qishloq xo‘jaligi sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotining lokomotivi vazifasini bajarish qudratiga ega bo‘lgan sohadir. Yer, jazirama quyosh, millionlab ishdan qochmaydigan qishloq yoshlari, issiq quyoshda yetilgan o‘zbek meva-sabzavotlariga bo‘lgan yuqori talab, yonimizdagi katta bozorlar mavjudligi (birgina Rossiya meva-sabzavot bozori 28 milliard AQSh dollariga baholanadi) – bular ushbu haqiqatni qo‘llab-quvvatlovchi omillar.  

YeR

Hozirda yerlarimizning ahvoli – boniteti tobora yomonlashib boryapti, ekin maydonlari qisqarib boryapti. Sababi esa o‘sha – yerlarning tayinli egasi va jonkuyari yo‘qligida, ishlar zo‘rma-zo‘raki yo‘lga qo‘yilganida. Bu ahvolda 7-10 yildan keyin yerlarning ahvoli nima bo‘ladi, degan savol ko‘ndalang turibdi.

SUV

Suv taqchilligi hozirda asr muammosiga aylandi. Mamlakatimizda yaqin yillarda suv muammosi yanada keskin tus olishi mumkin. Suvni tejash – davr taqozosi. Suvning 90 foizi eskicha sug‘orish tizimiga sarflanyapti. Bu ketishda yaqinda ichimlik suvi jiddiy muammoga aylanadi. Qishloq xo‘jaligini tez fursatda tejamkor tizimga o‘tkazish lozim. Bu esa – jiddiy muammo. Ammo bu muammo – hozirgi holatimizdagina muammo. Rivojlangan mamlakatlardagi kabi dehqonlarimiz erkin bo‘lsa, shaxsiy manfaatdorligi yuqori bo‘lsa sug‘orishning tejamkor tizimlarga o‘tishni ularning o‘zlari amalga oshirishadi. Hozirda 100 gektarlab yerni reja bajarish g‘amida istifoda etayotgan fermerlarimiz buncha yerni tejamkor tizimga o‘tkazishlari amrimahol. Hatto davlat tomonidan katta mablag‘ ajratilgan taqdirda ham bunga erishish qiyin, zero davlat ajratgan har bir narsa talon-toroj bo‘lishi – ko‘p marta o‘z isbotini topgan haqiqat. Natija o‘sha – davlat mablag‘lari isrof bo‘ladi, tomchilab sug‘orish esa ko‘zbo‘yamachilik va talon-toroj kampaniyasiga aylanadi.   

PAXTA

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi imkoniyatlarini «oltin imkoniyatlar» deb atasa bo‘ladi. Zero, qulay iqlim va boshqa omillarni qo‘shganda O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida bir gektardan katta foyda olish imkoni bor. «Boshqa narsa eksak, unda paxta sanoatimiz nima bo‘ladi?» deya e’tiroz bildirishlari mumkin.

Paxta yetishtiruvchi klasterlarni aholisi zich bo‘lmagan, shu bilan birga yer maydonlari ko‘p bo‘lgan hududlarda joylashtirish, aholisi zich va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda esa kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu asnoda bir to‘plam ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy muammolarga yuz tutgan minglab yosh oilalar istiqomat qiladigan hududlarda iqtisodiy faol qatlamni yuzaga keltirish mumkin. Bunda bir o‘q bilan bir emas, ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilsa bo‘ladi.

Alohida ta’kidlash kerakki, qishloqlarimizda iqtisodiy faol, tadbirkor sinf yuzaga kelishi, o‘sha - qishloqlarimizda yig‘ilib qolgan ko‘plab tugunlarni yecha oladi. Hozirda aksari ishsiz yoki oila boshlig‘i mehnat migranti bo‘lgan yosh oilalar zamirida yerdan erkin foydalanuvchi tadbirkor qatlamni vujudga keltirish qishloqlarimiz manzarasini butkul o‘zgartirib yuborishi, qishloqlarimizni iqtisodiy hayot qaynaydigan maskanga, yaqin kelajda esa novatsiyalar o‘chog‘iga aylantirish qudratiga ega tadbirdir. Zero buning uchun barcha omillar bor.  

YaNA OPTIMALLAShTIRIShMI?

Kichik yer xo‘jaliklarini vujudga keltirish hozirda faoliyat yuritib turgan fermerlarning yerlarini qayta taqsimlashni taqozo etadi. «Yerlarni fermerlardan tortib olamizmi?» degan o‘rinli savol tug‘iladi. Ammo hozirda reja asosida faoliyat yuritayotgan fermerga rejasiz, o‘z erki o‘ziga qo‘yib berilishi sharti bilan unga, deylik, yerining bir qismi qoldirilishini, boshqa qismi hamqishloqlariga berilishini aytsangiz, albatta rozi bo‘ladi. Boshi yig‘ilishlardan chiqmaydigan, tepki-yu turtki yeb zada bo‘lgan, reja asosida ishlovchi fermer uchun ozroq yerda bo‘lsa-da, erkin fermer bo‘lish istiqboli yaxshiroq.   

Mustaqil fermer o‘z manfaati yo‘lida o‘z ishini tartibli, reja bilan yuritadi, har bir amaliyotni o‘z vaqtida bajaradi. Mustaqil fermer atrof-muhit haqida ham jon kuydiradi, chunki o‘zini jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi sifatida ko‘radi, o‘zi yashayotgan yurtga daxldorlik hissi bo‘ladi. Fermerning mustaqilligi uni shunday xususiyatli insonga aylantiradi. Zero mustaqilligi, ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, ishining yurishishi fermerda ijobiy hislarni shakllantiradi, uni yuqori saviyali shaxsga aylantiradi.

Niderlandiyaning qishloq xo‘jaligidagi muvaffaqiyati sirini aynan minglab erkin fermerlar va ularning ishlarga mudom ko‘mak beruvchi, novatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi, ammo ishlarga aralashmaydigan davlat – ikkovining birligi bilan tushuntirish mumkin. Mustaqil, ongli fermer va unga xayrixoh, uni hurmat qiladigan davlat. Siri shu.     

Erkin iqtisodiy faoliyat kishining ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi, aqlini charxlaydi, izlanishga, yangi ufqlarga chorlaydi. Bu esa jamiyatning – hammaning foydasi. Buning aksi – erksizlik, qaramlik, majburlov va rejalar – bular shaxsning o‘sishiga yo‘l bermaydi, iqtidorlarini zavolga uchratadi.

Faqatgina erkin, hurmati joyiga qo‘yilgan tadbirkor-dehqon qishloq xo‘jaligimiz qiyofasini yangi bosqichga olib chiqishi, qishloqlarimizni rivojlanayotgan mamlakatlar uchun arzon ishchi kuchi yetkazib beruvchi emas, balki katta miqdorda mahsulot yetishtirib beruvchi iqtisodiy hududlarga aylantirishi mumkin.

Boshqa mamlakatlarda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Boshqa mamlakatlarda qanday mahsulot yetishtirishni yuqori vazirlik hal qilmaydi. Nega ular bu qarorga kelishgan? Mantiq quyidagicha. Birinchidan, vazirlikdagi qaror qabul qiluvchi odamlar har bir holatda yerga nima ekish kerakligi haqida to‘g‘ri qarorga kela olishmaydi. Yer qayerda-yu, ular qayerda?!

Qaror qabul qilishni yer bilan bevosita ishlayotgan odamlarning o‘zlari hal qilishadi, chunki ular nima ekishni yaxshiroq bilishadi. Dunyoda bunga hech kim shubha qilmaydi. Fermer yerda yetishtirgan mahsulotiga o‘zi egalik qiladi.

Buning nimasi yaxshi?

  1. Dehqon shaxsiy manfaati yo‘lida chin dildan ishlaydi   
  2. Yerida nima yetishtirishni obdon o‘ylaydi
  3. Hisob-kitob qiladi
  4. Bozorni o‘rganadi
  5. Kon’yunkturani o‘rganadi
  6. Novatsiyalarga intiladi
  7. Mahsuloti yaxshi bo‘lishiga intiladi
  8. Yerini sevadi va hokazo va hokazo.

Aynan shu narsa – moddiy manfaatdorlik – barcha rivojlanish uchun asosiy kuch – rivojlanishning motori hisoblanadi. Davlat esa bu kuchga yo‘l ochishga urinadi, yordam beradi. Ammo fermerning ishiga aralashmaydi, majburiy rejalar joriy qilmaydi.  

Niderlandiya, xalq tilida – Gollandiya. Avvalo shuni aytish kerakki, Gollandiya q/x faoliyatini yuritish uchun qulay sharoitga, resurslarga ega emas. Masalan, bugungi kunda mamlakat bo‘ylab durdek sochilgan issiqxonalarni isitish uchun niderlandiyaliklar sal avval gazdan foydalanishar edi, ammo mamlkatning gaz zaxiralari poyoniga yetyapti va va endi ular quyosh energiyasini avaylab yig‘ish va issiqxonalarni isitish yo‘liga o‘tishdi. Iqlim yetarli darajada issiq bo‘lmasa-da.

O‘zining yarim million gektar yeri bilan Niderlandiya q/x mahsulotlari eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Birinchi o‘rinda – AQSh, uning yer maydoni gollandlarnikidan 270 marta katta. Shimoliy qutb doirasidan atigi 1600 km narida bo‘lgan mamlakat hozirda, masalan, pomidor kabi issiqsevar mahsulot eksporti bo‘yicha dunyoda peshqadam. Bundan tashqari, piyoz va kartoshka eksporti bo‘yicha ham mamlakat dunyoda birinchi o‘rinda ketyapti. Umuman, sabzavot eksporti bo‘yicha esa dunyoda ikkinchi o‘rinda. Darvoqe, urug‘ savdosi bo‘yicha dunyoda tuziladigan shartnomalarning uchdan biri Niderlandiyada tuziladi. Bularning hammasi yarim million gektar yerda amalga oshirilayotgan ishlardir.

2018-yilda Niderlandiya yalpi ichki mahsuloti odam boshiga 53106 dollarni tashkil qildi. Dunyo mamlakatlari ichida 12-o‘rinda.

Ishlar nimadan boshlangan edi?

Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropaning ko‘plab boshqa davlatlari singari Niderlandiyada holat og‘ir edi. Masalan, transport tizimining 60 foizi ishdan chiqqan edi. Urushdan keyin mamlakatga yordam sifatida ajratilgan bir milliard dollar avvalo moliyaviy ahvol barqarorlashi uchun sarflandi. Koloniyalaridan voz kechish esa davlatga zarar emas, foyda keltirdi – davlat barcha e’tiborini o‘z muammolariga qaratdi. Urushdan avval Niderlandiya asosan savdo bilan shug‘ullangan bo‘lsa, endi mahsulot ishlab chiqarishga kirishildi. 1950-yildan 1970-yilgacha bo‘lgan davrni Niderlandiya iqtisodiyotining «oltin davri» deyishadi. 1950-yilda yalpi ichki mahsulot kishi boshiga taxminan 5 ming dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 1973-yilga kelib bu ko‘rsatkich 13,5 ming dollardan oshib ketdi. 

Bunday iqtisodiy o‘sish Niderlandiyadek serjilo – turli millat, din va madaniyatlardan iborat jamiyat ichidagi turli guruhlar jipslashuviga – o‘zaro muloqotiga omil bo‘ldi.

Mamlakat iqtisodiyotining peshqadam sohasi – oziq-ovqat sanoati. Bu soha esa, o‘z navbatida, yuqori rivojlangan qishloq xo‘jaligi sohasiga tayanadi. 

20 yil avval bu mamlakatda «ikki barobar kam resurs sarflab, ikki barobar ko‘p mahsulot yetishtirish» shioriga amal qilindi. Natija qanday bo‘ldi? Fermerlar suv iste’molini 90 foizga kamaytirishdi, issiqxonalarda kimyoviy o‘g‘itlarni ishlatishdan esa to‘liq voz kechildi. Parrandachilikda antibiotiklarni ishlatish 60 foizga kamaydi. Shuni aytish kerakki, bu ishni fermerlar o‘zlari o‘z xohishlari bilan qilishdi. Davlat faqat ilmiy tadqiqotlar bilan ularni ruhlantirdi, xolos.

Shokir Sharipov

Manba: kun.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring