Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekkosmos» agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatish mo‘ljallanmoqda.

«O‘zbekkosmos» agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatish mo‘ljallanmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmik faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbarining 2019-yil 30-avgustdagi farmoniga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida «O‘zbekkosmos» agentligi tashkil etilgan edi. O‘tgan davrda bu sohada me’yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlash, infratuzilma yaratish bo‘yicha muayyan ishlar qilindi. Lekin bugungi kunda kosmosdan foydalanish miqyosi shunchalik kengki, hali bu borada o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p.

Masalan, 2020-yilda dunyoda kosmik xizmatlar bozorining umumiy hajmi 400 milliard dollarga yaqinlashgan. Bunda asosiy o‘rinni yerni masofadan zondlash, aloqa yo‘ldoshlari, navigatsiya xizmatlari egallamoqda. Kelajakda kosmosdan foydalanish ehtiyoji yanada ortib boraveradi.

Shu bois, Prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, kosmik tarmoqni rivojlantirishning 5 yillik konsepsiyasi va «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Ularda yerni masofadan zondlash, telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshlari milliy guruhini yaratish, ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, aerokosmik startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadlar belgilangan.

Shuningdek, «O‘zbekkosmos» agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatish mo‘ljallanmoqda. Bular — kosmik suratlarni tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash, davlat kosmik monitoringini amalga oshirish, bu jarayonda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha takliflar tayyorlash kabilardir.

Shavkat Mirziyoyev bu chora-tadbirlarning natijadorligi qanday bo‘lishini so‘radi.

Qayd etilganidek, bu tarmoq rivoji qishloq va suv xo‘jaligi, yer munosabatlari, ekologiya, geologiya kabi ko‘plab sohalarda qo‘l keladi. Masalan, ekinlarning turi va maydoni, yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy chiqindi joylari paydo bo‘lishini aniqlash darajasi 95 foizgacha yetadi. Suv inshootlari, yer qa’ri va foydali qazilmalar muhofazasi ham yanada kuchayadi.

Prezident bu takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni qabul qilishga ko‘rsatma berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring