Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz»: Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, jurnalist va blogerlar ishtirokida «Zevarda» konida burg‘ilash, qazib chiqarish va qayta ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlari uchun taqdimot tadbiri o‘tkazildi

«O‘zbekneftgaz»: Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, jurnalist va blogerlar ishtirokida «Zevarda» konida burg‘ilash, qazib chiqarish va qayta ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlari uchun taqdimot tadbiri o‘tkazildi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning tashabbusi bilan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Zevarda» konida xorijiy kompaniyalar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va OAV, blogerlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida burg‘ilash, gazni qazib chiqarish, qayta ishlash korxonalarining 2023-yil uchun ehtiyojlari taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirni o‘tkazish uchun Qashqadaryo viloyatining o‘ziga xos iqlim sharoitiga ega bo‘lgan Muborak tumanida joylashgan neftgaz koni tanlangani bejiz emas albatta. Bu kon 1968-yilda ochilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi eng yirik konlardan biri hisoblanadi. Konning kunlik qazib olish quvvati 9,5-10 mln. kub metr tabiiy gazni tashkil etadi.

Avvalgilaridan farqli ravishda, bu safargi taqdimot tadbiriga qiziqish juda yuqori bo‘ldi. Unda 300 ga yaqin mahalliy ishlab chiqarish korxonalari vakillari, 40 ga yaqin jurnalist va blogerlar – «O‘zbekiston 24», «Yoshlar», «Mening yurtim», «Sevimli», «Zo‘r-TV» telekanallarini, «Yangi O‘zbekiston», «Darakchi» gazetalarini, «kun.uz», «daryo.uz», «xabar.uz», «UzNews.uz», Human.uz, Jahon.uz, Geolog.uz kabi ommaviy saytlar, O‘zbekiston milliy axborot agentligi va boshqalar taklif etildi.

Shuningdek, tadbirga 50 ga yaqin sohaviy ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari, professor, o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar ham tashrif buyurishdi. Taqdimotda ilk marta Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Xitoy Xalq Respublikasi, Ummon sultonligi, Avstriya kabi xorijiy davlatlaretakchi kompaniyalari vakillari ham ishtirok etishdi.

Tadbirni «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev videokonferens aloqa orqali ochib berdi va tadbir ishtirokchilarining tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi. Bundan tashqari Boshqaruv raisi soha uchun hattoki mix xarid qilinishi ham ochiq va shaffof bo‘lishini bildirdi hamda so‘nggi uch yilda bunga to‘liq amal qilinayotganini bildirdi. Bundan tashqari mahalliy ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan doimiy aloqa o‘rnatish hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun 2022-yil so‘nggi qadar yana uch marta o‘zaro uchrashuv tashkil qilinishi aytildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-avgustdagi PQ-4426-son «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida»gi Qarorlari ijrosi doirasida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatida mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, xaridlar shaffofligini ta’minlash yo‘nalishida butkul yangicha tizim joriy etildi.

Olib borilgan ishlar natijasida so‘nggi uch yilda tarmoq mahalliylashtirish dasturi doirasida 7,8 trln so‘mlik 57 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan bir qatorda importni qisqartirish, ichki bozor imkoniyatlaridan kengroq foydalanish natijasida import hajmi 2018-yildagi 865 mln. AQSh dollaridan 2021-yilda 486 mln. AQSh dollarigacha yoki 1,8 baravargacha qisqartirildi.

Joriy yilda GTL zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi kabi korxonalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar doirasida umumiy qiymati 82,3 mlrd. so‘mlik shartnomalar elektron kooperatsion portali orqali imzolanib 7,6 mln. dollarlik import qisqartirilishiga erishildi.

Ta’kidlash joizki, kompaniya yillik xarid portfeli, ya’ni ehtiyojlari dasturini shakllantirishda jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ilmiy birlashmalar uchun mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish uchun oldindan sharoit yaratish ham ko‘zda tutilgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ aniqlashtirilgan xarid portfeliga ko‘ra, 2023-yilda xo‘jalik faoliyati uchun umumiy ehtiyojlar 3,6 trln. so‘mni tashkil etadi (burg‘ilash hamda kommunal, qo‘riqlash, yong‘in xavfsiligi boshqa xarajatlardan tashqari), shundan 2,1 trln. so‘m yoki 58,1 foizi mahsulotlar, butlovchi buyum va materiallar bo‘lsa, 1,5 trln. so‘mi yoki 41,9 foizi xizmatlardan iborat.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda «O‘zbekneftgaz» AJ tizimida mahalliylashtirish, importni qisqartirish va innovatsion rivojlanish yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot ishlari taqdimoti ham o‘tkazildi. Bevosita gaz qazib chiqarish koni hududida uskuna va mahsulotlar ochiq ko‘rgazmasi tashkil etilib, bu yerda o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan yuqori texnorlogik mahsulotlar, jumladan gaz haydash agregatlar ehtiyot qismlari, dvigatellar, nasoslar mustahkamlovchi quvurlar namunalari namoyishi o‘tkazildi.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» tizimida shartnomalarni rasmiylashtirish hamda to‘lovlarni amalga oshirish tizimi haqida axborot berildi, mehmonlar uchun «Zevarda» 337-son burg‘ilash qudug‘i hamda Muborak gazni qayta ishlash zavodiga sanoat ekskursiyalari uyushtiriladi.

Bu yerda ham burg‘ilash uchun zarur bo‘ladigan ehtiyot qismlar va namunalar namoyishi o‘tkazilib, OAV xodimlari, blogerlar va jamoatchilik vakillariga to‘liq ma’lumotlar berildi. Tadbir davomida xorijiy va mahalliy korxonalarning mahalliylashtirish yo‘nalishidagi investitsiya loyihalari taqdimotlari ham o‘tkazildi.

Taqdimotda Rossiya Federatsiyasining Lukoyl, TMK, Tatneft, PLK-GRUPP, Ozarbayjonning SOKAR, Xitoyning «China Petroleum Pipeline», Ummon davlatining «Techique LLC» kabi kompaniyalari rahbar va yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi. Bugungi ko‘rgazma davomida mahalliylashtirish va kooperatsiya hamkorligi yo‘nalishida bir qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda 1,3 trln. so‘mlik mahsulotlar ham 833,6 mlrd. so‘mlik xizmatlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar orqali ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning dekabr oyiga qadar mazkur ehtiyojlar ro‘yxati Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali hamda «O‘zbekneftgaz» AJ rasmiy veb-sahifasida e’lon qilinadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring