Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zgidromet» tavsiyalari: Jazirama issiqdan qanday himoyalanish mumkin?

«O‘zgidromet» tavsiyalari: Jazirama issiqdan qanday himoyalanish mumkin?

Foto: «AiF»

Kechadan yurtimizda yoz chillasi boshlandi. O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati aholiga hozirgi jazirama issiqdan qanday himoyalanish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

25-iyundan 3-avgustgacha bo‘lgan qirq kunlik davr, xalq an’analariga ko‘ra, «chilla» yoki «saraton» deb ataladi, bu fors tilida «qirq kun» degan ma’noni anglatadi. «Chilla» — O‘zbekiston iqlimining ajralmas qismi.

Yozda qizigan cho‘llar ustida yuqori haroratli va namligi kam bo‘lgan tropik havo massalari shakllanadi, bu yozning o‘rtalarida bulutli, quruq va issiq ob-havoni belgilaydi.

Odatda, haroratning eng yuqori qiymatlari aslida «chilla» davriga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, bu yil ham «chilla» ning boshlanishi joriy yilning birinchi issiq to‘lqinlariga to‘g‘ri keldi.

25-29-iyun kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi sababli maksimal havo harorati 40-42° gacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-45° gacha ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari davomida eng issiq iyun oyida havo harorati ko‘pchilik viloyatlarda ba’zi joylarda 44-46° gacha, Qizilqum cho‘lida 47° gacha, respublikaning eng janubida 48-49° gacha ko‘tarilgan.

O‘zbekiston aholisida qadimdan jazirama issiqda o‘zini tutish madaniyati shakllangan. Shunga qaramasdan, yozning issiq kunlarida ba’zi asosiy qoidalarni bilib qo‘ygan zarar qilmaydi.

Tavsiyalar

Quyoshda uzoq vaqt qolmaslikka harakat qiling, ayniqsa, kunning o‘rtasida. Agar buning imkoni bo‘lmasa, tanani va boshni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilishga harakat qiling.

Ko‘p suyuqlik iching, muzlatgichdan muzli ichimliklar emas, balki iliq suv yoki eng yaxshisi ko‘k choy iching.

Ko‘proq meva, sabzavotlarni iste’mol qiling. Juda achchiq va yog‘li ovqatlarni ite’mol qilmaslikka harakat qiling. Sovitish moslamalari bilan jihozlanmagan do‘konlardan mahsulotlarni xarid qilmang — ular quyoshda qancha vaqt bo‘lganini bilmaysizku?..

Konditsionerli xonada bo‘lganingizda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovuq havo oqimi tagida o‘tirmang va konditsionerni 18 darajadan past bo‘lmagan haroratga «dasturlang».

Yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlar dori-darmonlarni qabul qilishdan avval shifokor bilan maslahatlashishlari kerak.


Mavzuga oid: Issiq ob-havodan saqlanish uchun foydali tavsiyalar

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring