Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zingiz yangi mashina minib, eskisini xorijga sotishni istaysizmi? Trade-In xizmati ishga tushdi

O‘zingiz yangi mashina minib, eskisini xorijga sotishni istaysizmi? Trade-In xizmati ishga tushdi

Foto: Xabar.uz

Har bir insonning orzusi — avtomobil sotib olish. Keyin esa ikkinchi orzu paydo bo‘ladi — o‘sha avtomobilni yangirog‘iga almashtirish. Har doim bitta mashina minib yurmaysiz-ku, to‘g‘rimi?!

Tan olish lozim, shu vaqtga qadar birinchi orzudan ko‘ra ikkinchisi qiyinroq bo‘lib kelar edi. Agar ilk mashinangizni sotib olish uchun shunchaki pul sanash kifoya bo‘lsa, uni yangisiga almashtirish uchun bozorda mashaqqatli soatlarni va hatto kunlarni o‘tkazish va eskisini sotish lozim bo‘lardi. Eng yomoni — olibsotar va firibgarlardan hamma ham o‘zini extiyot qila olmaydi.

Endi esa UzAuto Motors tomonidan ushbu mashaqqatga chek qo‘yiladigan bo‘ldi. Kecha Toshkentda UzAuto Motors Service & Trade-In Center servis va savdo markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Endi bu yerdan eski mashinangizni baholatib, ustiga qo‘shimcha pul to‘lab, yap-yangi avtomobil minib chiqib ketishingiz mumkin.

«Bir yil bo‘ldiki kompaniyamiz mijozga mijoz emas, balki mehmon, deb qarab kelmoqda. Har bir mijoz mehmondek izzatga ega bo‘lishi lozim, — dedi «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umrzoqov markazning ochilish marosimida so‘zlagan nutqida. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar ko‘plab olib borilyapti. Biz ham shunga mos bo‘lishga intilyapmiz va turli tashabbuslarga qo‘l urmoqdamiz.

Bizning maqsadimiz — eski mashina sotishni yoki yangi avtomobil sotib olishni istagan hamyurtlarimizga qulayliklar yaratish. Mijozlarimiz bu yerga kelib, mehmondek ko‘ngil yozib, dam olishini va ishini bitirib ketishini istaymiz. Avtosanoat tizimida o‘sish qay darajada ekanini mijozlarimiz o‘z ko‘zi bilan ko‘rishini istaymiz. Biz rivojlanayotganimizni isbotlamoqchimiz. Bu hali hammasi emas, yana yangiliklar bo‘ladi.

Yaxshi bilasiz, shu vaqtga qadar faqat chet eldan O‘zbekistonga eski, minilgan avtomobillar kirib kelar edi. Ammo nima uchun bizning tutilgan avtomobillarimizni xorijda minmasliklari kerak? Endi biz ham eski mashinalarimizni xorijga eksport qilamiz. Nasib qilsa, eski mashinalarimizni xorijda minishadi».

Trade-In Center markazida nafaqat yangi avtomobil sotib olish mumkin, balki bu yerda eski mashinalar uchun yangi hayot ham boshlanadi. Mijoz topshirgan avtomobil Trade-In Center’da qayta ta’mirlanadi va sotuvga qo‘yiladi. Bunday avtomobil nafaqat yuridik jihatdan «toza», balki «kasallik tarixi» ham rasmiy bo‘ladi. Ya’ni, ta’mirlash tarixi yuritiladi va siz olayotgan mashinangiz qanday holatda ekanini aniq-tiniq bilasiz.

Endi bozorga o‘zingiz bilan usta olib chiqishingiz va qaysidir eski avtomobilni tavakkaliga sotib olish shart emas. Trade-In Center’ga kelasiz va o‘zingizga yoqqan mashinani minib chiqib ketaverasiz. Sizga rasmiy kafolat beriladi.

Shuningdek markazda ehtiyot qismlar do‘koni (original va bozordan ancha arzon) ham bor. Darvoqe, yangi mashina olish uchun bemalol farzandingiz bilan kelishingiz mumkin, markaz hovlisida va ikkinchi qavatdagi qahvaxonada bolalar maydonchasi bor. Hujjatlar tayyor bo‘lgunga qadar siz bir piyola choy ichib turasiz, farzandlaringiz esa maydonchada o‘ynaydi. Xohlasangiz, shu yerdagi velosipedlardan birini minib, markazni aylanib chiqishingiz mumkin.

Darvoqe, Trade-In Center ertaga, 28 oktyabr, dushanba kuni to‘liq ishga tushadi. O‘zingiz kelib, hammasiga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Manzil: Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Elbek ko‘chasi, 61 uy (mo‘ljal: «Do‘stlik» metro bekati).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring