Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zsanoatqurilishbank korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda? «Ochiq eshiklar» kunida ma’lumot berildi

O‘zsanoatqurilishbank korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda? «Ochiq eshiklar» kunida ma’lumot berildi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank Bosh ofisida «Ochiq eshiklar kuni» bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T.Narbayeva tomonidan tasdiqlangan 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan Antikorrupsion haftalik doirasida O‘zsanoatqurilishbank Bosh ofisida «Ochiq eshiklar kuni» tadbiri o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda asosiy e’tibor «O‘zsanoatqurilishbank» ATBda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, Bank faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganishga qaratildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi jamiyatning barcha a’zolari «halollik vaksinasi» bilan emlanmas va korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tilmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmasligimizni ta’kidlagan edi.

O‘zsanoatqurilishbank tizimiga ham halollik standartlarini joriy etish, bunda korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini yaratish, xodimlar zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank singari davlat va Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar, shu sohada nufuzli xorijiy nufuzli tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlikda Bankda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.

«Yo‘l xaritasi» Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens-nazorat» tizimini joriy qilish, zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish, davlat xaridlari va budjet mablag‘larini sarflashda, mijozlarga xizmat ko‘rsatishda va xodimlarni ishga olish jarayonlarida shaffof va samarali tizim joriy qilish, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan shakllaridan foydalanish samaradorligini oshirish singari vazifalarni o‘zida qamrab olgan.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 13 noyabridan O‘zsanoatqurilishbank tizimida yo‘lga qo‘yilgan korrupsion holatlar to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plashning yangi mexanizmi amalga tatbiq etildi. Mazkur mexanizm Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida ishonchli ma’lumotlarni doimiy ravishda yig‘ish, tahlil qilish va ularning kelib chiqish sabablarini tizimli va chuqur tahlil qilish imkonini beradi.

Ushbu jarayonga keng jamoatchilik, ayniqsa, Bank xodimlari, mijozlari va hamkorlarini jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra, endilikda fuqarolar tizimda korrupsiyaga oid xavf-xatarga duch kelganda alohida ajratilgan ishonch telefoni (0-800-120-8888), Telegram boti (@sqbantikor_bot) va elektron pochta (https://uzpsb.uz/uz/compliance-hotline/) orqali Bankning maxsus aksilkorrupsiya bo‘linmasiga anonim va shaxsini ochiqlagan holda xabar berishi mumkin.

Xabarlar avtomatik ravishda qabul qilinadi va tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar guruhi tomonidan tahlil qilinadi. Tahlil natijalari esa Bank Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasiga chora ko‘rish uchun taqdim qilinadi.

Keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, blogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va talabalar ishtirokida o‘tkazilgan «Ochiq eshiklar kuni» doirasida O‘zsanoatqurilishbank va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida «Korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida»gi Memorandum imzolandi.

Tadbirda jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari O‘zsanoatqurilishbankda korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan savollariga javoblar olishdi.
Bank Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring