Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank mahalliy sanoat salohiyatini oshirishga hissa qo‘shmoqda

O‘zsanoatqurilishbank mahalliy sanoat salohiyatini oshirishga hissa qo‘shmoqda

Foto: O‘zsanoatqurilishbank.

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan bo‘lgan sanoat o‘zining qo‘shimcha qiymat yaratishi, aholi ehtiyojini qondirishdagi o‘rni va yuqori darajada ishlab chiqarishga egaligi bilan boshqa tarmoqlardan tubdan farq qiladi.

Joriy yil 9 iyunda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonda hududlarning sanoat salohiyatini oshirish, xususan, qurilish materiallari sanoatida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan xususiy va xorijiy investitsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga shart-sharoitlar yaratish, tarmoq korxonalariga kredit ajratishda imtiyozlar berish kabi vazifalar belgilandi.

Ta’kidlash joiz, bugungi kunda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan qurilish materiallari tarmog‘idagi korxonalarga asosiy vositalar va texnologik uskunalar sotib olish, qurilish ishlari hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida bir nechta kredit turlari taklif etilmoqda.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank.

Ushbu kreditlar hisobiga yirik korxonalardan tortib, tadbirkorlik sub’yektlari ham birdek moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, yurtimizda qurilish materiallari turlari va sifatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash hamda eksport hajmini ko‘paytirishdek muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimiga munosib hissa qo‘shilmoqda.

Yiliga 50 ming kub beton mahsuloti ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Toshkent shahridagi «Olmos blok» mas’uliyati  cheklangan jamiyati bankning ana shunday mijozlaridan biridir.

2020 yilda ish boshlagan korxonada ayni paytda 70dan ziyod ishchi mehnat qiladi, mahalliy qurilish bozoriga 30 mlrd. so‘mga teng mahsulot yetkazib beriladi.

Xususiy tadbirkor Dilshod Nazarov ham o‘z biznes faoliyatini bank ko‘magida yo‘lga qo‘ydi. Mahalliy aholining 30 nafarini ishga jalb qilib, yiliga besh ming tonna mix va qurilish simlari ishlab chiqara boshladi.

Davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida belgilangan vazifalarga ko‘ra, bugungi kunda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishda kichik sanoat va maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mana shunday hududlarda faoliyat yurituvchi korxonalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

«MAGMA GROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga biznes rejasini ishga tushirish uchun Toshkent viloyatidagi «Bektemir» kichik sanoat zonasidan joy ajratilgan. Bankning moliyaviy ko‘magida korxona zarur uskunalar bilan jihozlangan. Hozirda u yerda zamonaviy me’morchilikda keng qo‘lllaniladigan quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarilmoqda. E’tiborlisi, korxonaning ishga tushishi natijasida ishga jalb qilingan hudud aholisining 90 nafari oilasiga ham baraka kirdi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlovi ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi. Ularda infratuzilmani yaxshilash hamda geologiya ishlarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar ajratilmoqda.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ushbu sohadagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 300 mln. dollarlik yevroobligatsiyalarni chiqarib, resurs bazasini yanada shakllantirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda bunga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi «Durable beton» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Bank tomonidan xorijiy kredit liniya hisobidan mablag‘ ajratilgan. Qurilish qorishmalari bilan bir qatorda beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mazkur korxona Bank tomonidan ajratilgan 5 mln. AQSh dollari miqdoridagi xorijiy kredit liniya hisobiga o‘z aylanma mablag‘larini to‘ldirib, mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga oshirishga erishdi.

Ma’lumki, joriy yilda O‘zsanoatqurilishbank tizimida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish maqsadida yangi tuzilmalar, shu jumladan, hududiy filiallarida konsalting markazlari tashkil qilinib, ularga malakali menejerlar jalb qilindi.

Hozirda ushbu menejerlar qurilish materiallari sohasida ish boshlamoqchi bo‘lgan kichik va o‘rta biznes sub’yektlariga standart loyihalar, biznes rejalar va loyihalarning texnik-iqtisodiy ahamiyatini ishlab chiqishda, shuningdek kredit olishda bevosita ko‘maklashmoqda.

Aytish joizki, Bank tomonidan olib borilayotgan ushbu amaliy ishlar mamlakatimiz sanoat salohiyatini mustahkamlash, hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar va tumanlarda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisobiga aholi bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring