Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zsanoatqurilishbank tizimida kreditlashning yangi mexanizmi qo‘llanilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tizimida kreditlashning yangi mexanizmi qo‘llanilmoqda

Mamlakatimizda 2017 yilda boshlangan bank sohasidagi islohotlar bugungi kunga kelib faol bosqichga chiqdi.

Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan tizimdagi transformatsiya jarayonlari bank biznesida yangicha muhitni shakllantirib, barcha amaliy chora-tadbirlarni mijozlarga yo‘naltirgan holda ishlab chiqishga turtki berdi.

Xususan, O‘zsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahatchilari ko‘magida kreditlash amaliyotlarini soddalashtirish, kredit portfeli va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatini oshirishga qaratilgan jiddiy choralar ko‘rildi, bank xizmatlari ommabopligi oshirilib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga erishildi, aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun moliyaviy ochiqlik ta’minlandi.

Bank tomonidan 2020 yilning ikkinchi yarmida joriy qilingan anderrayting tizimi ana shunday ishlarning amaldagi ifodasidir.

– Bundan 3-4 yil avval mijozlar huquq va manfaatlariga rioya etish hamda xizmat ko‘rsatish madaniyati va bank tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishda qator muammo va kamchiliklar kuzatilar edi, – deydi O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati rahbari – Boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov. – Xususan, kreditlarni ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda vakolatlarning haddan tashqari markazlashgani bosh bank va filiallar o‘rtasidagi javobgarlikning aniq chegaralanishiga to‘sqinlik qilardi, kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqishning murakkablashgan mexanizmlari, ayniqsa, inson omili borligi, tizimning avtomatizatsiya qilinmagani kreditlarni tezkor olish imkoniyatini chegaralardi. Chakana bank xizmatlari bozorining past darajada rivojlangani va mijozlar bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishning zamonaviy yondashuvlari mavjud emasligi ortiqcha byurokratiya uchun zamin yaratardi. Anderrayting tizimining joriy qilinishi ushbu muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish uchun zamin yaratdi.

Ta’kidlash kerakki, 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida tijorat banklari oldiga sohada zamonaviy servis yechimlari asosida axborot va moliyaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda inson omili ta’sirini kamaytirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish talabi qo‘yilgan edi.

Shu bois O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda muassasani transformatsiya qilish jarayonida kredit ajratish jarayonining shaffofligini ta’minlaydigan, kredit bo‘yicha mas’ul shaxslar tomonidan xolislik tamoyili asosida, shaxsiy manfaatlar ishtirokisiz qaror qabul qilishga asoslangan anderrayting tizimini ishga tushirishga katta e’tibor qaratildi.

Natijada 2020 yilning iyun-avgust oylarida chakana savdo, avgust-oktyabr oylarida esa korporativ hamda kichik va o‘rta biznes yo‘nalishini ushbu tizim doirasida kreditlash yo‘lga qo‘yildi.

Anderrayting tizimining ishga tushirilishi natijasida:

⦁ kredit ajratish bosqichlari 6 tadan 3 taga, muddati loyiha qiymati va maqsadidan kelib chiqib, 10 kundan 1 kungacha qisqartirildi;
⦁ korxonalarning mulkchilik shakli, kredit maqsadi, faoliyat turidan kelib chiqib qator yangi kredit mahsulotlari joriy etildi.
Ajratilayotgan kreditlarlarni rasmiylashtirish va uning so‘ndirilishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni nazoratda ushlash uchun kreditlarni boshqarish xizmati tashkil qilindi.
Bugungi kunga kelib, ushbu ikki tuzilma Bank kredit portfeli sifatini saqlash hamda muammoli kreditlar ulushini kamaytirishda ta’sirchan mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda.

2020 yilning oktyabr oyidan boshlab qo‘llanila boshlagan ushbu tizim natijasida:

⦁ bankdagi muammoli kreditlar hajmi o‘tgan davrga nisbatan 3 baravarga kamayib, kredit portfeliga nisbatan 0,3 foizni tashkil qildi.
⦁ muddati o‘tgan to‘lovlar holatlari mavjud bo‘lgan kredit shartnomalari hajmi 23,4 foizga kamaydi.
⦁ bank kredit portfeli sifati sezilarli darajada yaxshilandi.

Joriy yilda ham anderrayting tizimi asosida kreditlash amaliyotlari faol amalga oshirilmoqda. Yanvar-mart oylarida korporativ, kichik va o‘rta biznes hamda chakana biznes yo‘nalishida umumiy qiymati 2 375,2 mlrd. so‘m bo‘lgan 895 ta kredit ariza kelib tushgan bo‘lsa, shundan qariyb 60 foizi tasdiqlandi, qolgan qismi qayta ko‘rib chiqish uchun filiallarga yo‘naltirildi.

Shuningdek, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab qarz miqdori ma’lum summa doirasida bo‘lgan kichik va o‘rta biznes sohasidagi standart operatsiyalar bo‘yicha qaror qabul qilish filiallar kredit komissiyasining qarorisiz amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu bilan mijozlarning kredit olish haqidagi murojaatlari qisqa muddatda hal etilishini ta’minlamoqda.

Eng asosiysi, O‘zsanoatqurilishbankda joriy etilgan kreditlashning yangi mexanizmi tizimda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Bank Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring