Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Chilonzorda yangi ochilgan zargarlik korxonasi bilan tanishdi

Prezident Chilonzorda yangi ochilgan zargarlik korxonasi bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 8-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda zargarlikni chinakam sanoat darajasiga olib chiqish vazifasini qo‘ygan edi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yili 18-mayda davlat rahbarining «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. 

Yaqinda poytaxtimizning Chilonzor tumanida «Gold Moon Tashkent» mas’uliyati cheklangan jamiyati ishga tushirildi.  

Davlatimiz rahbari bugun ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qiymati qariyb 21 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan. Italiya, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishga 400 dan ortiq mohir zargar jalb qilingan. Italiyalik dizayner va texnik xodimlar ularga o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatmoqda.

Sobiq «FONON» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida ochilgan ushbu shirkat mahsulotlari zamonaviyligi, sifati va nafisligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda ularning xaridori ko‘payib, import o‘rnini bosmoqda. Shuningdek, zavod binosida savdo do‘koni tashkil etilgan. Mahsulotlarning 15 foizini Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

- Zargarlik xalqimizda azaldan bo‘lgan, bugun ham bor, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Bizning maqsadimiz - yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o‘rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlash, O‘zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qo‘li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an’analarni tiklash, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor.

Korxona xomashyoni mamlakatimizning tog‘-kon sanoati kombinatlaridan birja savdolari orqali oladi. Bu mahalliy hunarmandlar uchun ham qulaylik yaratadi. Zavod ularga yarim tayyor mahsulotlar yetkazib beradi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring