Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident: Sizlar ish emas, ish sizlarni izlaydi, daromadingiz yuqori bo‘ladi

Prezident: Sizlar ish emas, ish sizlarni izlaydi, daromadingiz yuqori bo‘ladi

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazini borib ko‘rdi. Bu haqda davlatimiz rahbari Matbuot xizmati xabar berdi.

Markaz davlatimiz rahbarining 2020-yil 11-avgustdagi «Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bu yerda mehnat bozori talablari asosida xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va texnika sohalardagi o‘ttizga yaqin kasbga tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv va mashg‘ulot xonalari tegishli uskuna, kompyuter, mulyaj va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari markazdagi mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi, yoshlar bilan suhbatlashdi.

«Ishsiz fuqarolarimizni kasb-hunarli qilib, hayotga yo‘llanma berish uchun mana shunday sharoitlarni tashkil qilayapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bundan unumli foydalanib, kasbni yaxshi o‘rgansangiz, sizlar ish emas, ish sizlarni izlaydi, daromadingiz yuqori bo‘ladi. Nechchi yoshga kirishidan qat’i nazar, o‘qigan, izlangan, kasb egallagan odam qadrli bo‘ladi. Men sizlarning shunday qadrli bo‘lishingizni istayman».

Iqtisodiyot tarmoqlarida malakali mutaxasislarga talab oshib borayotgani, bu yerda o‘qigan yoshlar kelgusida ishga olinishi qayd etildi.

«Juda katta-katta korxonalar quryapmiz, ko‘pida chet eldan kelgan mutaxassislar ishlayapti. Bizning maqsadimiz — o‘zimizning yoshlarni ishlatish, xalqimizga oylik berish. Buning uchun vaqtni bekor o‘tkazmay, o‘zlaringni ham, ustozlaringni ham qiynab, kasbni mukammal egallashingiz kerak», — dedi Prezident.

Muassasa davlat-xususiy sheriklik tizimida ishlaydi. Davlat sharoit yaratib, ilmiy va moddiy jihatdan ta’minlaydi. Mashg‘ulotlarni amaliyotchilar, tadbirkorlar, zavodlar vakillari olib boradi va keyinchalik bitiruvchilarni ishga oladi. Monomarkaz diplomi kasb-hunar maktablari diplomi bilan bir xil darajaga ega.

Shuningdek, markazda ingliz, rus, yapon, koreys tillarini o‘qitish kurslari ham ochilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring