Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni ijtimoiy soha ob’yektlarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bugungi kunda 15 mingta ijtimoiy soha ob’yektida isitish tizimlari ta’mirtalab. Oqibatda ularda issiqlik energiyasining 35 foizi yo‘qotilmoqda, issiqlik harorati me’yorga nisbatan 2 baravar past.

Shu bois Bo‘ston tumanida isitish tizimini xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqarish bo‘yicha tajriba o‘tkazilgan edi. Isitish qozonlari zamonaviylariga almashtirilgan hamda tarmoqlar modernizatsiya qilinib, xususiy boshqaruvga berilgan. Natijada energiya sarfi kamayib, binolar ichidagi harorat ko‘tarilgan. Ayniqsa, o‘tgan qishdagi anomal sovuq davrida ham ob’yektlarda mo‘’tadil harorat saqlab turilgan.

Yig‘ilishda ushbu tajribani ommalashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Unga ko‘ra, isitish tizimi tadbirkorlarga 10 yilga boshqaruvga beriladi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinadi. Tarmoqlar modernizatsiyasi uchun zarur mablag‘ning yarmi budjetdan, yarmi xususiy sherik hisobidan ajratiladi. Isitish qozonlarini ishlab chiqarishga kerakli butlovchi qismlar ikki yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, tashkiliy va moliyaviy masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilarga tuman va shaharlardagi ijtimoiy ob’yektlarning isitish tizimlarini xatlovdan o‘tkazib, bosqichma-bosqich yangilash, ularni boshqarishga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish topshirildi. Binolarda energiya yo‘qotilishini kamaytirish, issiqlikni saqlash choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Investorlar ishtirokida energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda ko‘mir ta’minoti masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda ko‘mir qazib chiqarish 3 million tonnadan 5,4 million tonnaga oshgan. Bu yil esa salkam 6 million tonna qazib olish rejalashtirilgan. Lekin ko‘mirga talab bundan ancha ko‘p.

Prezidentimiz istiqbolli konlarni o‘zlashtirishga xususiy sektorni va yangi texnologiyalarni jalb qilish, ko‘mirning sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring