Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin va Berluskoni o‘rtasidagi aroq oldi-berdisi siyosiy mojaroga sabab bo‘ldi

Putin va Berluskoni o‘rtasidagi aroq oldi-berdisi siyosiy mojaroga sabab bo‘ldi

2019 yilgi uchrashuv.

Foto: Sputnik/Reuters

Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni ko‘p yillik do‘sti – Rossiya prezidenti Vladimir Putindan tug‘ilgan kuni munosabati bilan 20 shisha aroq olgani siyosiy mojaroga sabab bo‘ldi. Xususan, Yevropa komissiyasi italyan arbobining bu xatti-harakatini Bryussel tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning buzilishi deb baholadi.

Yevropa Ittifoqi aprel oyida Rossiyadan bir qator mahsulotlar, jumladan, spirtli ichimliklar importini taqiqlagan. Yevrokomissiyaga ko‘ra, sovg‘a yoki hadyalar borasida ham istisno ko‘zda tutilmagan. Sanksiya tartibini buzganlarga qanday chora ko‘rishni Ittifoq a’zolari mustaqil hal qiladi. Italiya hukumati Berluskoniga ta’zir chorasi ko‘radimi-yo‘qmi – hozircha ma’lum emas. 

DW aroq oldi-berdisiga ushbu karikatura orqali munosabat bildirdi.

Sobiq hukumat boshlig‘i va tadbirkor Silvio Berluskoni hamda prezident Vladimir Putinni ko‘p yillik do‘stlik rishtalari bog‘laydi. Har ikki siyosatchi o‘zaro do‘st ekanlarini ko‘p bora ta’kidlagan. 2019 yilda «Corriere dell Sera» gazetasiga intervyu bergan Putin Berluskonini dunyo darajasidagi siyosatchi deb maqtagan. Italyan siyosatchisi esa 2021 yili Rossiya prezidentini zamonaviy xalqaro siyosatning ko‘zga ko‘ringan yagona yetakchisi deb atagan.

Rus armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Berluskoni Putindan butkul hafsalasi pir bo‘lgani va ranjiganini ma’lum qilgan edi.

Bir necha kun avval esa italyan siyosatchisi Rossiya prezidenti bilan yarashib olgani oshkor bo‘ldi. Putin 29 sentyabr kuni 86 yoshni qarshilagan Berluskoniga 20 shisha aroq va ta’sirli maktub yo‘llagan. Berluskoni Putinga «Lambrusko» musallasi va xayrixohlik ruhidagi xat bilan javob qaytargan.

Berluskoni asos solgan «Olg‘a, Italiya» partiyasi yaqin fursatda «Italiya birodarlari» millatchi partiyasi bilan koalitsion hukumat tuzishi kutilmoqda. Shunday muhim siyosiy pallada Berluskonining Putin bilan yana «osh-qatiq» bo‘la boshlagani muxolif partiya vakillarida keskin e’tiroz uyg‘otgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring