Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qimorli aksiya va teleshoular vasvasasi: Millatni qayoqqa yetaklayapmiz?

Qimorli aksiya va teleshoular vasvasasi: Millatni qayoqqa yetaklayapmiz?

Kollaj: «Xabar.uz»

Qimor nima?

Islom dinida qimor taqiqlangan va harom qilingan illat hisoblanadi. Buning kasofatidan qanchalab odamlarning hayoti izdan chiqqaniga misollar juda ko‘p. Biroq taassufki, insoniyatning o‘ziday ko‘hna tarixga ega qimor zamonlar osha taraqqiylashsa taraqqiylashdiki, urfdan qolgani yo‘q.

Kundan-kunga ommalashib, odamlar shuurini band etib borayotgan o‘yinlar, yutuqli teleshoular, savdo bozorida xaridorlar auditoriyasini o‘ziga tortishga qaratilgan jilvagar lotereya o‘yinlari chetdan qaraganda ko‘ngilochar dastur, reklama yoki raqobat maydonidagi o‘ziga xos kurashga o‘xshab tuyulsa-da, mohiyatan muqaddas kitoblarda taqiqlangan qimor o‘yinining aynan o‘zidir.

Arab tilida muomala qiluvchilarga xatari bor har bir xatti-harakat qimor deb ataladi. Boshqacha qilib aytganda, g‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yin qimor hisoblanadi.

Qur’oni Karimda shunday deyilgan: «Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun naf bor, biroq gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen «Ortiqchasini», deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, tafakkur qilsangiz». («Baqara» surasi, 129-oyat)

Demak, qimorning hukmi quyidagicha: osonlik bilan mehnat qilmay, oshiq, qarta o‘ynash yoki boshqacha nomlangan o‘yinlar orqali odamlarning pulini olish – harom.

Teleekranlarimizni «bezab» turgan va keyingi paytlarda go‘yoki kim o‘zarga har bir kanalda tashkil etilayotgan, mohiyatan esa qimorni eslatuvchi ko‘rsatuvlarni bir ko‘z oldingizga keltiring: «Boriga baraka», «Omad shou», «Millioner shou», «Oltin kalit»... Ular shakl jihatdan biroz farq qilsa-da, ammo barchasining negizida ko‘pchilikning pulidan kamchilikka foyda keltirish, mehnat qilmasdan oson pul topish, o‘zgalarning hisobidan birpasda boyib ketish – mashinali yoki uyli bo‘lib qolish kabi noto‘g‘ri g‘oyalar mujassam.

Men bu ko‘rsatuvlarning hech birida ishtirok etmaganman. Hattoki ko‘rsatuv ishtirokchilari yoki uni tayyorlab efirga uzatishda xizmat qilayotgan insonlarga hasad bilan boqmayman. Meni oddiy inson sifatida ko‘rsatuvni berilib tomosha qilayotgan ota-onalar, ularga qo‘shilib zavqlanayotgan va ich-ichidan oson mashinali, qimmatbaho buyumli yoki uyli bo‘lish istagi tug‘ilayotgan bolalarimizning o‘y-xayollarida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar xavotirga solmoqda.

Ayting-chi, bu kabi yengil-yelpi, dinimiz ahkomlariga to‘g‘ri kelmaydigan aqidalarga tayangan shoularning jamiyatimizga qanday foydasi bor? Umuman, biz bu ko‘rsatuvlar orqali farzandlarimizga nima beryapmiz?

O‘yin ortidagi balo    

Albatta, biz nazarda tutayotgan o‘yinlarni intellektual yutuqli o‘yinlar bilan aslo solishtirib bo‘lmaydi. Inson bilimi, tafakkuri va fikrlashi orqali yutuqqa erishishini targ‘ib qilish yoshlarimizni o‘z ustida ishlashga, yoshlikda sabr-toqat bilan ilm egallab, jamiyatga kerakli inson bo‘lish mumkinligini anglab yetishga yordam beradi. Yutuqli shou o‘yinlari esa o‘zganing hisobidan boyishni targ‘ib etgani tufayli yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu xususida psixolog Zebuniso Ahmedova quyidagicha fikr bildirdi:

– Mazkur shou ko‘rsatuvlari yoshlarimizni o‘z oldilariga to‘g‘ri maqsad qo‘yishdan chalg‘itadi. Ular mohiyatan qimor bilan teng. Shu ma’noda millatni tanazzulga yetaklovchi omil desak, aslo xato emas. Inson buyumni halol mehnati evaziga olishga rozi bo‘lishi kerak. Bu o‘yinlarda (ularning qanchalik adolatli o‘tishi menga qorong‘u) tasodifan mashinali bo‘layotgan odamlarni ko‘rgan tomoshabin ko‘nglida mehnatsiz mashinali bo‘lish istagi g‘imirlaydi. Agar ko‘rsatuvni tomosha qilib zavqlanayotgan yoshlar hayotning o‘z qoidalari borligini, tasodifiy omad va baxt bir afsonaligini anglasa, olam guliston. Ammo bunday bo‘lmasa, ular hayotda  tasodifan va oson keladigan yutuqlarni kutib yashaydi. Ruhiyati bunday o‘y-xayollar bilan band insonda intiluvchanlik, shasht va vajohat ortga chekinadi. Endi u oson pul topish yo‘lini qidira boshlaydi. Ehtimol, o‘ziga boyvachcha qaynata (yigitlar) yoki kuyov (qizlar) qidirar, rejalari ish bermasa, boshqa noto‘g‘ri yo‘llarga qo‘l urishi ham mumkin. Hayotning tekin tasodiflariga ishonadigan bu kabi yoshlar jamiyatni o‘zgartirishga, texnik ixtirolar qilishga o‘zlarini mas’ul sezmaydi. Bu esa bizning, ya’ni jamiyatning mag‘lubiyatidir.

Ehtimol, shundanam vahima yasash kerakmi, bular bir ko‘ngil­ochar dasturlar-ku dersiz? Ammo bitta bo‘lsin, ikkita bo‘lsin, barcha kanallarda yoppasiga lotereyali o‘yinlarning urchib ketishi, buning ustiga salqin, energetik ichimliklar, qotirilgan non bo‘lakchalari kabi inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan konservantlar qo‘shilgan yegulik mahsulotlari savdosigacha lotereya o‘yinlari orqali yoshlar, ayniqsa, o‘quvchi bolalarning e’tiborini tortishga erishayotganiga nima deysiz?

O‘sha mahsulotlar tabiiy va sog‘lom, salomatligimiz uchun foydali bo‘lsa ham mayli edi... Ammo ana shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan firmalar energetik ichimliklar va ularning inson salomatligiga – jigar, yurak va asab tizimiga salbiy ta’sir etishi haqida odamlar qanchalik ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgani sari, yoshlar va aholining ishonchini yo‘qotmaslik uchun tobora rang-barang reklama yo‘llarini izlab topmoqda.

Afsuski, yutuqli shou ko‘rsatuvlari mehnatsiz imkoniyatni targ‘ib etish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, endilikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi firmalarning o‘ylab topayotgan «aqlli biznes g‘oyalari» yoshlarimizni nosog‘lom yeguliklar va ichimliklarga ruju qo‘yishiga olib kelmoqda. Xo‘sh, bu xaridorni zabt etish yo‘lidagi «foydali» choralar o‘z natijasini bersa (albatta ular o‘z maqsadlariga erishmoqda), uning zararini kim ko‘radi?

Yutuqli savdolarning jabrdiydalari kim?

WF, Sitro, Tizer… Bular bugungi kunda internet va teleekranlarda eng ko‘p targ‘ib qilinayotgan, kerakli qopqoqlarini yig‘sangiz «Neksiya», «Lasetti», «Kobalt» kabi avtomashinalar yutib olishingizni va’da qilayotgan ichimliklar. Albatta, har yarim soatda tinimsiz aylanib turgan bunday chaqiriqlar o‘smir bolalar, ayniqsa, maktab o‘quvchilarining qiziqishini oshirmoqda.

Yaqinda maktabda ishlaydigan bir tanishim bu boradagi kuzatuvlarini aytib qoldi:

– Bunday ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan bolalarga sotish qonun jihatdan taqiqlanganiga qaramasdan, deyarli har kuni qaysidir o‘quvchi qo‘lida ko‘ramiz. Afsuski, o‘quvchilarga ichimlikning zarari haqida muntazam ravishda tushuntirsak-da, ular uni iste’mol qilishni go‘yoki zamonaviylik belgisi sifatida talqin etayotganini sezaman.

Bir kuni 5-sinf o‘quvchilaridan birining onasi keldi. Bolamga har kuni ovqatlanishi uchun pul bersam, u ovqatlanish o‘rniga maktabdan qaytayotganida ko‘chadagi do‘konlardan «Tizer» ichib yurgan ekan. «Nega bunday qilding?» desam, «Mashina yutmoqchiman», deydi.

Axir, u mashinani yutgunicha sog‘lig‘idan ajraydi-ku! – deydi zorlanib ona.

Jamiyatga foydali lotereyalar ham bo‘ladimi?

Matbuotda yozilishicha, yashirin iqtisodiyotga barham berish maqsadida Chili davlati soliq vazirligi juda katta miqdordagi yutuqli lotereya e’lon qilgan ekan. Unda qatnashish uchun aholi xarid amalga oshirganda beriladigan kassa cheklarining raqamini maxsus bazada ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Qancha ko‘p kassa chekini kiritsangiz, shuncha ko‘p yutish imkoniyatingiz oshadi. O‘z-o‘zidan bu narsa kutilganidan ham ziyoda foyda bergan. Chunki endilikda xalq har bir xaridi uchun sotuvchilardan kassa cheklarini talab qilishni boshlagan.

Bu kabi lotereya keyinchalik Gruziya va Litvada ham o‘tkazilgan. Masalan, Litvada 2017 yil 28 noyabrda shunaqa lotereya boshlangan va hozirgacha o‘tkazilib kelinmoqda. Unda bir yevrodan ko‘proq miqdorda savdo qilgan inson to‘lov chekidagi raqamni maxsus tashkil qilingan saytga kiritishi kerak. Yutuq esa oz emas. Har hafta yuz kishiga 50 yevrodan beriladi, har oy yakunida bir nafar baxtli ishtirokchi 5 ming yevro yutuqni qo‘lga kiritadi.

Zebo Namozova, jurnalist.
Manba: «Ishonch» gazetasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring