Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi xalqaro kengashga qo‘shilmoqchi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi xalqaro kengashga qo‘shilmoqchi

Foto:«Agro.uz»

1-iyul kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Xalqaro zaytun kengashi (XZK)ning videokonferensiya shaklidagi 111-sessiya ishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi.

XZK 1959-yili tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi Ispaniya poytaxti Madrid shahrida joylashgan. Bugungi kunda 44 mamlakat mazkur tashkilotga a’zo bo‘lib, ushbu mamlakatlar zaytun ishlab chiqaruvchilarning 98 foizini hamda zaytun va zaytun moyi savdosi bozorining 80 foizini qamrab oladi. Hozirgi paytda Yevroittifoqning barcha mamlakatlari, shuningdek, Albaniya, Jazoir, Argentina, Buyuk Britaniya, Misr, Gruziya, Isroil, Iordaniya, Eron, Livan, Liviya, Marokash, Falastin davlati, Tunis, Turkiya, Urugvay va Chernogoriya tashkilotning a’zolari hisoblanadi.

Tashkilotning asosiy vazifasi tashkilotga a’zo davlatlarga zaytun sanoatini rivojlantirishda keng moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatishdir.

Foto:«Agro.uz»

Jamshid Xodjayev o‘z nutqida O‘zbekistonda zaytun sanoatini rivojlantirish uchun istiqbol mavjudligini va o‘zbek fermerlarining ushbu ekinni yetishtirishga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston mamlakat uchun yangi sanoatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalqaro Zaytun kengashiga to‘la huquqli a’zolik masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Yig‘ilish davomida XZK mamlakatlari, xususan, Gruziya, Turkiya, Isroil, Misr, Livan, Argentina, Urugvay va YeI mamlakatlari O‘zbekistonning ushbu tashkilot ishidagi tashabbusi va qiziqishini samimiy qo‘llab-quvvatladilar hamda amaliy yordam berishga va zaytunchilikni rivojlantirishda tajriba almashishga tayyorliklarini bildirdilar.

Kengashning navbatdagi yig‘ilishi shu yilning noyabr oyida Iordaniyada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring