Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorabog‘da vaziyat nega keskinlashdi? Ozarbayjon mudofaa vazirligi yangi amaliyot tafsilotlarini ochiqladi

Qorabog‘da vaziyat nega keskinlashdi? Ozarbayjon mudofaa vazirligi yangi amaliyot tafsilotlarini ochiqladi

Foto: «mod.gov.az»

So‘nggi kunlarda Qorabog‘ hududida yana beqarorlik yuzaga keldi. Ozarbayjon mudofaa vazirligi mintaqada aksilterror amaliyoti o‘tkazilgani haqida bayonot berdi.

Qayd etilishicha, Ozarbayjonning Rossiya tinchlikparvar qo‘shini joylashgan hududida noqonuniy arman qurolli guruhlari tomonidan terror xuruji amalga oshirilgan. Ozarbayjon armiyasining Lochin yo‘nalishida joylashgan bo‘linmalari o‘qqa tutilishi oqibatida harbiy xizmatchi Anor Rustam o‘g‘li halok bo‘lgan. Ozarbayjon vazirligiga ko‘ra, noqonuniy faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlar Girxgiz tepaligini egallab olishga uringan.

«Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari amalga oshirgan «Qasos» deb atalgan javob amaliyoti jarayonida Kichik Kavkaz tog‘ tizmasining Qorabog‘ cho‘qqisi bo‘ylab joylashgan Girxgiz, Saribaba va boshqa qator muhim tepaliklar nazoratga olindi», – deyiladi Ozarbayjon mudofaa vazirligi bayonotida.

Operatsiya jarayonida noqonuniy tuzilmalar a’zolari hamda ularga tegishli harbiy texnika va aslaha yo‘q qilingani xabar qilingan.

Tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi» dron hujumi oqibatida ikki askar halok bo‘lgani, 14 nafari jarohatlanganini bildirgan va qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi hududda Ozarbayjon harbiylari o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgani borasidagi versiyani ilgari surgan.

Rasmiy Boku  Ozarbayjonning Rossiya tinchlikparvar qo‘shini joylashgan hududida noqonuniy harbiy guruhlar faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmasligi, 2020 yil 10 noyabrda imzolangan bitim talablariga rioya qilinishi lozimligini urg‘ulagan. Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon tomoni suveren hududidagi terror va provokatsiyalarga qarshi qat’iy chora ko‘radi.

Ozarbayjon ombudsmani Sabina Aliyeva mintaqadagi terrorchilik xurujlari borasida xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘llagan.  Ombudsman noqonuniy tuzilmalarning jinoiy xatti-harakati oqibatida begunoh insonlar halok bo‘layotgani, xalqaro huquq me’yorlari buzilayotganini qayd etgan va dunyo hamjamiyatini holatni bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakat qilishga undagan.

Keyingi paytlarda Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishda vositachi vazifasini bajarmoqda. Jumladan, joriy yil 22 may kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida muzokara o‘tkazgan edi.

YeI Qorabog‘dagi so‘nggi beqarorliklarga bildirgan rasmiy munosabatida tomonlarni Lochin koridori bo‘ylab yuzaga kelgan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va tinch muzokaralarga kirishishga da’vat etgan. 

Qayd etilishicha, YeI – Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Qorabog‘da taranglikni bartaraf etish tarafdori.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 sentyabridan 10 noyabriga qadar Qorabog‘da davom etgan 44 kunli urush yakunida Ozarbayjon xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra o‘ziga tegishli bo‘lgan hududlarni qaytarib oldi. 2020 yil 10 noyabr kuni Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish haqida uch tomonlama bitim imzoladi.

Avval xabar berganimizdek, rasmiy Boku Armanistonga o‘zaro munosabatlarni izga solishni nazarda tutuvchi besh banddan iborat taklif bilan murojaat qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring