Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TurkSOYdan umumiy tarix sari. Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjonda «Turkiylarning umumiy tarixi» o‘qitilmoqda

TurkSOYdan umumiy tarix sari. Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjonda «Turkiylarning umumiy tarixi» o‘qitilmoqda

Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjonning umumiy o‘rta ta’lim maktablarida «Turkiylarning umumiy tarixi» fani o‘qitila boshlandi. Darslik Turk kengashi buyurtmasiga asosan Xalqaro turk akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Akademiya tomonidan rasman xabar qilinishicha, joriy yilda Turkiyada 30 000, Qozog‘istonda 15 000 va Ozarbayjonda 10 000 o‘quvchi fakultativ dars sifatida «Turkiylarning umumiy tarixi» fanini tanlagan.

Darslik qadimgi davrdan to XV asrgacha bo‘lgan vaqt tarixini qamrab olgan. Unda turkiylar davlatlari tarixidan tashqari urf-odatlarning kelib chiqishi, madaniyati va milliy o‘yinlar haqida keng ma’lumot berilgan..

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda O‘zbekiston TurkSOY xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Turkiy xalqlar madaniyati xalqaro tashkiloti (TurkSOY) tomonidan Xiva shahri 2020 yilda Turk dunyosi madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingan.

Turk madaniyati xalqaro tashkiloti 1993 yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiya madaniyat vazirliklari tomonidan imzolangan shartnoma va hamkorlik tamoyillariga ko‘ra tashkil etilgan edi. Xalqaro tashkilot turkiy xalqlarni birlashtirgan holda moddiy va madaniy yodgorliklarni saqlash, rivojlantirish va kelajak avlodga yetkazish ishlarida hamkorlik qiladi.

Endilikda turkiy xalqlarning umumiy tarixi uchta davlatda o‘rganila boshlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring